O‘zbekistonda «Sputnik V» vaksinasi ishlab chiqarilishi mumkin
O‘zbekiston Rossiyaning «Sputnik V» vaksinasini ishlab chiqarishni boshlashni rejalashtirmoqda, dedi Rossiya Xavfsizlik Kengashi kotibi o‘rinbosari Rashid Nurgaliyev. Bu haqda «RIA Novosti» xabar bermoqda.
«Rossiyskaya gazeta»ga bergan intervyusida Nurgaliyev Rossiya MDH davlatlariga tabiiy va texnogen favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish, biologik tahdidlar, xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishiga qarshi kurashishda yordam berishini va qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
«Bunda ta’kidlash joizki, COVID-19 pandemiyasi ushbu muammoni hal qilishning murakkabligini ko‘rsatdi hamda davlatimiz va MDHdagi sheriklarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga yana bir bor urg‘u berdi. Aynan MDH davlatlariga Rossiya birinchi navbatda testlar, dori-darmonlarni yetkazib berdi, har tomonlama uslubiy va tibbiy yordam ko‘rsatdi», — dedi Nurgaliyev.
U «Sputnik V» vaksinasi MDH mamlakatlarida faol qo‘llanila boshlaganini, Abxaziya, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Janubiy Osetiyada ro‘yxatdan o‘tganligini yodga oldi.
«Belarus va Qozog‘istonda uni Rossiya texnologiyalari asosida ishlab chiqarish tashkil etilgan. O‘zbekistonda esa yaqin orada vaksina ishlab chiqarishni boshlash rejalashtirilmoqda», — dedi RF Xavfsizlik Kengashi kotibi o‘rinbosari.
Rossiya va O‘zbekiston respublikada «Sputnika V» ishlab chiqarishni mahalliylashtirish to‘g‘risida kelishib oldilar, o‘zbek tomoni allaqachon dori ishlab chiqarish uchun joy tanlab oldi, dedi Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko may oyining oxirida «RIA Novosti»ga.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter