O‘zbekistonda qurol sotib olishga ruxsatnoma shartmi?
Kecha, 7-mart kuni Xalqaro press-klubda ichki ishlar tizimidagi islohotlar yuzasidan navbatdagi sessiya bo‘lib o‘tgani haqida xabar bergan edik.
Sessiyada «Pnevmatik qurol sotib olish, olib yurish va saqlash uchun ruxsatnoma shartmi?» degan savolga O‘zbekiston Respublikasi IIV Patrul-post va jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i, podpolkovnik Doniyor Teshaboyev quyidagicha javob berdi:
— O‘zining texnik xususiyatiga ko‘ra pnevmatik qurol (o‘q (markerli sharik)ni otish uchun) siqilgan gazsimon moddaning (havo, azot, karbonat angidrid gazi) quvvati ishlatiladigan qurol turiga kiritilgan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 15-avgustdagi 225-son qarori bilan tasdiqlangan tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlar ro‘yxatining 38-bandi hamda Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 31-dekabrdagi 376-son qarori bilan tasdiqlangan ruxsat berish va boshqa hujjatlar, shuningdek, ularni berishga vakolatli organlar ro‘yxatining 10-bandiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari ruxsatnomalari asosida faqat o‘qotar ov va sport qurollari hamda ularga o‘q-dorilarning sotib olinishi, olib yurilishi va foydalanilishi, respublika hududiga olib kirilishi va respublikadan olib chiqilishi amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 1996-yil 27-fevraldagi 3-son qarori 2-bandiga muvofiq, pnevmatik qurol o‘qotar qurolga kirmasligi to‘g‘risida tushuncha berilgan. Shu munosabat bilan, ichki ishlar organlari tomonidan fuqarolarga pnevmatik qurolni O‘zbekiston Respublikasiga olib kirish-olib chiqish, respublika hududida sotib olish, saqlash va olib yurish huquqini beruvchi ruxsatnoma yoki boshqa turdagi ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlar berilishi ko‘zda tutilmagan. O‘z navbatida, ichki ishlar organlari tomonidan pnevmatik qurol muomalasi tartibi to‘g‘risida biror bir tushuntirish berilishi belgilanmagan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter