O‘zbekistonda qancha kaliy yodat zaxirasi borligi ma’lum qilindi
O‘zbekistonda hozirda osh tuzini yodlash uchun 5 tonna kaliy yodat zaxirasi mavjud. Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari Nurmat Otabekov ma’lum qildi.
Nurmat Otabekovning aytishicha, joriy yilning birinchi choragi davomida Sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlari tomonidan savdo nuqtalarida sotilayotgan osh tuzlari tekshirilganda ularning 45-50 foizida yod miqdori belgilangan me’yordan past ekanligi aniqlangan. Shuningdek, 9 foiz namunalarda umuman yod chiqmagan.
Bugungi kunda respublikada 56 ta osh tuzini yodlash korxonalari va 46 ta yodlangan osh tuzini qadoqlash sexlari faoliyat yuritib kelmoqda. Noqonuniy ishlayotgan yoki osh tuzini yodlash talablarini buzgan 11 ta korxona o‘z faoliyatini to‘xtatgan.
Yilning o‘tgan davrida o‘tkazilgan 69 ta tekshirishlar davomida laboratoriya tahlillari uchun olingan osh tuzi namunalaridan 32,5 foizi me’yorga javob bermagan. Natijada 74,8 tonna osh tuzi qayta ishlashga qaytarilgan.
Aniqlangan kamchiliklar bo‘yicha 56 nafar javobgar mas’ullarga nisbatan bayonnomalar rasmiylashtirilib, hududiy sudlarga yuborilgan.
Hozirda osh tuzini yodlash uchun 5 tonna kaliy yodat zahirasi mavjud bo‘lib, korxonalar 2 tonna kaliy yodat moddasi xarid qilishgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter