O‘zbekistonda «Nazorat xaridi»ni joriy etish vaqti kelmadimi?
O‘zbekistonda muddati o‘tgan yoki iste’mol uchun yaroqsiz mahsulotlar qayerga tashlanadi, degan savolga hamma ham javob bera olmasligi tayin. Chunki axlat tashlash qutilarida qoplab sut, go‘sht mahsulotlari yoki boshqa iste’mol tovarlari yotganini hech kim ko‘rmagan. Savol: muddati o‘tgan mahsulotlar qayerga tashlanadi? Yoki ularni tashlash uchun maxsus joy qilinganmi?
Xorijda (hattoki MDH davlatlari va yaqin qo‘shnilarimizda ham) yirik supermarketlar hududidagi axlat qutilari iste’mol tovarlari bilan to‘lib-toshib ketishini, iste’mol uchun sotuvga chiqarilayotgan mahsulotlar sifati qat’iy nazoratda bo‘lishini hammamiz yaxshi bilamiz. Bu tabiiy jarayon sifatida qabul qilinadi va tadbirkorlarning barchasi buni to‘g‘ri qabul qiladi. Chunki yaroqsiz mahsulotni sotish oqibati nimalarga olib kelishini yaxshi bilishadi.
So‘nggi paytlarda sifatsiz iste’mol mahsulotlari bilan bog‘liq muammo yana kun tartibiga chiqishni boshladi. Ijtimoiy tarmoqlarda sifatsiz mahsulot sotib olgan xaridorlarning shikoyati kun sayin ko‘paymoqda.
Birgina eshak go‘shti bilan bog‘liq mojarolarni yodga olaylik. «Sharshara» kolbasalari, Samarqanddagi eshaklar qabristoni hamda farg‘onalik qassob iqrornomalari bu borada muammolar juda chuqur ildiz otgani, unga qarshi kurashish, nazoratga olish uchun endilikda bir davlat organining kuchi kamlik qilishi ayon bo‘lgandek go‘yo.
Endi savol tug‘iladi: ana shunday murakkab bir vaziyatda aholi sifatsiz va zararli oziq-ovqat mahsulotlaridan qanday himoyalash mumkin? Mutasaddilar ta’biri bilan aytganda, qanday «kompleks chora-tadbirlar» bu kabi noxush holatlarning oldini oladi?
Xorijiy davlatlar tajribasida «Nazorat xaridi» degan tushuncha bor. Bu — biz necha yillardan buyon erisha olmayotganimiz — jamoatchilik nazoratining o‘ta samarali shakli, deya baholanadi. Ya’ni, savdo rastalarida sotilayotgan mahsulotlar xarid qilinib, labaratoriyalarda ekspertizadan o‘tkaziladi. Sifati talabga javob bermaydigan, davlat standartlariga mos bo‘lmagan mahsulot hamda uni ishlab chiqarish (sotish) bilan shug‘ullanuvchilar ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.
Bu shunday tizimki, bu yerda ishlab chiqaruvchilar yoki sotuvchilarga hech qanday moliyaviy va huquqiy sanksiyalar qo‘llash nazarda tutilmaydi. Bor-yo‘g‘i savdo maskanlaridan oddiy xaridor sifatida xarid qilingan mahsulotlar sifati haqida aholiga ma’lum qilinadi, xolos. Qolgani xaridor va iste’molchilarning o‘zlariga havola.
Bu bizga nima beradi?
Gap «Nazorat xaridi»ni qabul qilish yoki qabul qilmaslik haqida borganda, o‘rtada juda muhim masala — aholi salomatligi turganini yodda tutish lozim. Albatta, bu orqali ayrim tadbirkorlar zarar ko‘rishi, sifatsiz mahsulotini o‘tkaza olmay qiynalishi, yurib turgan biznesining ildiziga bolta urilishi turgan gap. Ammo bu tabiiy va to‘g‘ri qabul qilish kerak bo‘lgan jarayon. Qaysidir sifatsiz mahsulotni sotayotgan tadbirkorga to‘sqinlik qilmaslik uchun butun millat salomatligini xatarga qo‘yib bo‘lmaydi.
Bu aslida barcha e’tibor tadbirkorga qaratilgan paytda ularning faoliyatiga aralashishdek tuyulmasligi kerak. Chunki bu bozorning yagona sharti — aholiga xavfsiz va sifatli mahsulot yetkazib berish. Bu standart bugun butun dunyoda amal qiladi va hech qanday bahona sifatsiz mahsulot chiqarish uchun asos bo‘la olmaydi.
Siz nima deysiz?
Isomuhammad O‘ratov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter