O‘zbekistonda ming oydan afzal kecha qanday qarshilanadi?
Bu yil Ramazon oyining yigirma yettinchi kechasi, ya’ni Laylatul-qadr 17 aprel tuniga to‘g‘ri kelmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi xabariga ko‘ra, Qadr kechasida yurtimizdagi 1500 dan ziyod jome’ masjidda xatmi Qur’on o‘tkaziladi.
Ramazonning 27 kuni davomida masjidlarda Kalomullohning sahifalari bir xil adadda o‘qildi. Bugungi muborak oqshomda esa barcha masjidlarda xatmi Qur’on yakunlanib, bir vaqtning o‘zida bir necha million xalqimiz Haq taologa yolvorib, qo‘llarini duoga ochadilar.
Hadisi sharifda aytilganidek, xatmi Qur’ondan keyingi duo ijobatdir.
«Ushbu farahbaxsh onlarni birgalikda “UzReport” telekanali hamda muslim.uz portalining ijtimoiy tarmoq sahifalari orqali jonli efirda kuzatishga taklif qilamiz. 17 aprel kuni kechki soat 21:00 dan boshlanadigan Qadr kechasidagi Qur’on xatmonasiga marhabo!» – deyiladi musulmonlar idorasi xabarida.
Alloh taolo o‘z kalomida Qadr kechasi ming oydan afzal ekanini marhamat qilgan.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam «Kim Qadr kechasida imon-e’tiqod bilan Alloh taolo roziligi uchun toat-ibodat qilsa, oldingi gunohlari kechiriladi», deganlar.
Ulamolar ushbu kechani ziyofat va dunyoviy suhbatlar bilan emas, balki ibodat, tavba va istig‘for bilan o‘tkazishni uqtiradilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasining muborak kechani qanday o‘tkazish borasida o‘tgan yilgi tavsiyalarini ham o‘qish maqsadga muvofiqdir.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter