«O‘zbekiston va Xitoy tabiat durdonalari»: Toshkentda ko‘rgazma ochildi
O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida «Bir makon – bir yo‘l» tashabbusining 10 yilligiga bag‘ishlangan «O‘zbekiston va Xitoy tabiat durdonalari» O‘zbekiston-Xitoy madaniy almashinuvi ko‘rgazmasi ochildi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Badiiy akademiya, Davlat san’at muzeyi, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi, Xitoyning O‘zbekistondagi tadbirkorlari uyushmasi, «Trans-Asia Gas Pipeline Company Limited» kompaniyasi va «Shanxay qurilish guruhi» hamkorligida tashkil etilgan tadbirda BMT Butunjahon turizm tashkiloti Bosh kotibi Zurab Pololikashvili, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Respublika vazirlik va idoralari vakillari, madaniyat va san’at namoyandalari, tadbirkorlar, san’at arboblari, Xitoy va O‘zbekiston san’at kollejlari va oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilari va talabalari, ommaviy axborot vositalari va boshqalar ishtirok etmoqda.
«O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida barcha sohalarda samarali hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, aynan Xitoy Xalq Respublikasi tomonidan ilgari surilgan ulkan xalqaro platforma hisoblangan «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi sanoat, energetika, infratuzilmani rivojlantirish, transport, logistika, qishloq xo‘jaligi, turizm, ta’lim va boshqa yo‘nalishlardagi o‘zbek-xitoy har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini izchil rivojlantirishga hissa qo‘shib kelmoqda, — dedi Aziz Abduhakimov. — Bugun o‘z ishini boshlayotgan «O‘zbekiston va Xitoy tabiat durdonalari» ko‘rgazmasi ikki davlat madaniyatlari o‘rtasidagi hamohanglikni aks ettiradi. Qolaversa, o‘zbek va xitoy rassomlari uchun o‘zaro tajriba almashish imkonini berishi bilan ham ahamiyatlidir».
«O‘zbekiston va Xitoy davlatlari Butunjahon turizm tashkiloti faoliyatida muhim o‘rin egallaydi. Xususan, UNWTO Bosh Assambleyasining yubiley 25-sessiyasi O‘zbekistonda, Samarqandda o‘tkazildi, - dedi BMT Butunjahon turizm tashkiloti Bosh kotibi Zurab Pololikashvili. - Ikki davlat o‘rtasida turizm sohasidagi aloqalar tobora rivojlanib borayotgani quvonarli holat, albatta. Bugungi ko‘rgazma esa o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash borasidagi yana bir muhim qadamdir».
Tadbirda, shuningdek, «Makon va yo‘l: Ipak yo‘li» madaniy sayohati tashkiliy qo‘mitasi Bosh kotibi, Xitoy assotsiatsiyasining O‘zbekistondagi ijrochi vakili hamda bir qator iqtidorli rassomlar, ijodkorlarga «Tabiat fidoiysi» ko‘krak nishonlari topshirildi.
Ko‘rgazmada o‘zbek va xitoy rassomlarining O‘zbekistonning eng noyob diqqatga sazovor joylari, tabiat hodisalari va hayvonot dunyosini aks ettirgan 40 dan ortiq kartinalari namoyish qilinadi.
Ma’lumot uchun, ko‘rgazmani joriy yilning sentyabr oyida o‘tkazish uchun ikki davlatning tajribali rassomlarining pleneri tashkil etildi.20 sentyabrdan 5 oktyabrgacha 20 nafar xitoylik rassom O‘zbekiston tabiati va an’analarini aks ettiruvchi asarlar yaratishdi. Plener davomida ijodkorlar Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida bo‘ldi. O‘z navbatida, O‘zbekistondan 20 nafar rassom Xitoy tabiati, an’analari va diqqatga sazovor joylarini aks ettirish maqsadida Xitoy Xalq Respublikasiga bordi.
Yaratilgan san’at asarlari O‘zbekiston va Xitoyning nufuzli muzeylari va ko‘rgazma zallarida namoyish etiladi. Shuningdek, homiylar va san’at ixlosmandlarining san’at asarlarini o‘zlashtirishi uchun sharoit yaratish ko‘zda tutilgan.
Plenerlar yakunida Xitoy rassomlarining 80 ta surati orasidan noyob ijodiy ishlar ko‘rgazma uchun tanlab olindi. Ko‘rgazmada namoyish etiladigan rasmlarning bir qismi «Ipak yo‘li» turizm va madaniy meros xalqaro universiteti jamg‘armasiga sovg‘a qilinadi.
Barcha ijodkorlar O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining sertifikatlari bilan taqdirlanadi. Ko‘rgazma yakunida, 1 noyabr kuni o‘zbek rassomlari tomonidan yaratilgan kartinalarning bir qismi Xitoy hukumatiga topshiriladi.
Ta’kidlash joizki, mazkur loyiha samarasi o‘laroq turizm va ekologiyani yangi bosqichga ko‘tarishda badiiy san’atning ahamiyati alohida ta’kidlanib, ikki davlat ijodkorlari o‘rtasida o‘zaro tajriba almashish uchun platforma yaratildi. Ikki mamlakatning betakror tabiati, diqqatga sazovor joylari rassomlar suratlarida aks etishi ikki xalqning asrlar osha o‘z kuchini yo‘qotmagan an’anaviy qadriyatidir.
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishda san’atning turli yo‘nalishlarini rivojlantirish bo‘yicha o‘zaro manfaatli loyihalar muhim ahamiyat kasb etmoqda. Albatta, bunday keng ko‘lamli aloqalarni yangi bosqichga ko‘tarish Yangi O‘zbekiston taraqqiyoti uchun muhim vazifa hisoblanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter