O‘zbekiston sud-huquq tizimi yana bir nashr bilan boyidi
Sud-huquq sohasida faoliyat yuritayotgan 30 dan ortiq bosma nashrlar safi yana bittaga ko‘paydi. O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Odil sudlov muammolarini o‘rganish tadqiqot markazi muassisiligida «Odillik mezoni» jurnalining ilk soni nashrdan chiqdi.
— Mamlakatimizda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini, sud hokimiyati oldida turgan muhim vazifalarni, shuningdek, sud amaliyotidagi muammolar va ularning yechimi bilan bog‘liq fikr-mulohazalarni sudya va sud xodimlariga yetkazish maqsadida ushbu jurnal tashkil etildi, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisi Ubaydulla Mingboyev.
Qonunchilik palatasi qo‘mita raisi Akmal Saidovning fikriga ko‘ra, yangi tashkil etilgan jurnal odatdagi biz o‘rgangan nashrlardan biri emas, balki o‘ziga xos so‘zi va prinsiplariga ega bo‘lgan odillik kuychisi bo‘lmog‘i lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Odil sudlov muammolarini o‘rganish tadqiqot markazi direktori Dilshod Aripov yangi nashr sudyalar faoliyatida amaliy qo‘llanma hamda har bir o‘quvchining qalbidan chuqur o‘rin egallay oladigan darajadagi jurnal bo‘lishi kerakligini ta’kidlab o‘tdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter