Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Umra navbati haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Umra navbati haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi

Foto: «Xabar.uz»

O‘zbekiston musulmonlari idorasi shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda umra navbati bilan bog‘liq buxorolik ayrim fuqarolarning fikr-mulohazalari aks etgan xabarga munosabat bildirdi.

Umra safari Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 7-iyundagi 364-sonli «Haj» va «Umra» tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarori asosida tartibga solinadi, deyiladi xabarda.

Mazkur qarorga ko‘ra, 18 yoshdan katta bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi umra safariga borish uchun o‘zi ro‘yxatda turgan mahalla fuqarolar yig‘iniga shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan chiqib, umra safari uchun ochilgan maxsus daftarga ro‘yxatga yoziladi va shu haqdagi ma’lumotnomani oladi.

Ushbu daftar bo‘yicha navbati kelgan fuqaroni MFY tuman-shaharga tavsiya beradi. So‘ng hududdagi poliklinikada tibbiy ko‘rikdan o‘tadi. Natijalar yaxshi chiqsa, umra uchun belgilangan to‘lov summasini to‘laydi. Shuningdek, xorijga chiqish pasporti, tibbiy ko‘rikdan o‘tgani, vaksina olgani to‘g‘risidagi ma’lumot va sertifikat hamda to‘lov qog‘ozining nusxasini taqdim qiladi.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston musulmonlari idorasi mana shunday mahalliy hokimliklar tomonidan taqdim etilgan ro‘yxatlar asosida mo‘min-musulmonlarning umra ibodatini amalga oshirish bilan shug‘ullanib kelmoqda.

Shu yil fevral oyidan hozirga qadar Buxoro viloyatidan 1140 nafar fuqaro umra amalini ado etib qaytdi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi umra safari borasida o‘ziga tegishli bo‘lgan vazifalarni adolatli, shaffof va sifatli bajarib kelmoqda. O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni, Makka va Madina shaharlarida ziyoratchilar uchun tayyorlangan sharoitlar hamda umrachilar taassurotlari OAV orqali tez-tez ommaga e’lon qilinmoqda.

Fuqarolarni umra navbatiga yozish, uni yuritish va navbatlarni o‘zgartirish Diniy idora vakolatiga kirmaydi, deb yozdi O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi xabarda ko‘rsatilgan ayrim holatlar yuzasidan o‘rganish ishlarini olib borib, natijasi haqida qo‘shimcha xabar berishini ma’lum qilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring