O‘zbekiston musulmonlar idorasi nashrida xato bo‘lgani tan olindi
O‘zbekiston musulmonlari idorasining diniy-ma’rifiy nashri hisoblangan «Hidoyat» jurnalining 2019 yil 3-sonida xato borligi tan olindi. Jurnal tahririyati keyingi safar xato o‘tib qolsa, ijtimoiy tarmoqlarga yozmasdan, tahririyatga murojaat qilinishini so‘ragan.
«Ish bor joyda xato bor. Gazeta-jurnal tahririyatlarida gohida qilingan tahrirlarni kiritish, sahifalash jarayonida texnik sabablarga ko‘ra, bu kabi holatlar, ro‘y berib turadi. Illo, xatokor bandalarmiz.
«Hidoyat» jurnalining 2019 yil 3-sonida «Namoz o‘qishning tartibi va odoblari» maqolasida ikki o‘rinda xatolik bo‘lgan. Taassufki, o‘sha xatolar jurnal o‘quvchilar qo‘liga yetib borganidan so‘ng payqaldi. Shuning uchun ushbu nashrning 4-sonida ushbu shaklda tuzatish berildi:
«Tuzatish: Jurnalning 2019 yil 3-soni, 21-sahifasida 1-ustun, yuqoridan 8-qatordagi «Subhana robbiyal aziym» iborasi «Subhana robbiyal a’lo» deb; 2-ustun, yuqoridan 3-xatboshidagi 1-jumla «Namozxon ikkinchi rakatning sajdasini qilib bo‘lgach, chap oyog‘ini yotqizib ustiga o‘tiradi, o‘ng oyog‘ini tikka qilib, barmoqlarini qiblaga qaratib o‘tiradi», deb o‘qilsin».
Bu xatolikni payqab, tahririyatga bildirgan jurnalxonlarga samimiy minnatdorlik bildiramiz. Kelgusida ana shunday xatolar tahririyatdan bir sabab bilan o‘tib qolsa, ularni topganda ijtimoiy tarmoqlarga emas, «Hidoyat» jurnali tahririyatiga bildirilsa behad mamnun bo‘lamiz. Zero, mo‘min mo‘minning ko‘zgusidir (murojaat uchun telefonlar: 71-227-34-30)».
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter