O‘zbekiston musulmonlar idorasi Buxorodagi ziyoratgohdagi shirk amal borasida bayonot berdi
Shu kunlarda Buxoro viloyatining Kogon tumanidagi Bahouddin Naqshband ziyoratgohidagi qurigan daraxtni muqaddas sanab, uni tavof qilish va undan hojatini so‘rash kabi shirk amallar aks etgan videolavhalar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalayotgani kuzatildi. O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan ziyoratgohlardagi shirk amallardan saqlanish borasida aniq ko‘rsatma va fatvolar e’lon qilingan.
Darhaqiqat, Islom – tavhidga asoslangan din. Alloh taoloning yagonaligiga, barcha yaxshilik va yomonlik faqat Uning irodasi bilan bo‘lishiga imon keltirish imonning asosiy sharti hisoblanadi.
Musulmon kishi o‘zining imon-e’tiqodiga asosan barcha hojatlarini faqat Alloh taolodan so‘rashi va Uning O‘zigagina ibodat qilishi shart. Alloh taolo bu haqda shunday deydi:
“...Bas, kimki Parvardigori bilan muloqotda bo‘lishdan umidvor bo‘lsa, u holda ezgu amal qilsin va Parvardigoriga ibodat qilishda hech kimni (Unga) sherik qilmasin!” (Kahf, 110).
Alloh taolo hojatni yolg‘iz O‘zidan so‘rash kerakligini ana shu va boshqa ko‘plab oyati karimalarida ochiq-oydin ma’lum qilgan. Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam va U zotning merosxo‘rlari bo‘lgan ulamolar inson ehtiyojini faqat Alloh taolodan so‘rash lozimligi haqida ta’limot berganlar. Afsuski, ko‘p yillardan beri ayrim kishilar bilimsizligi deysizmi, johilligi sabab bo‘libmi, Buxoro viloyatining Kogon tumanidagi Bahouddin Naqshband hazratlari ziyoratgohi hududidagi qurigan daraxtni muqaddas sanab, uni tavof qilish va undan hojatini so‘rash kabi shirk amallarni qilib kelmoqdalar.
Qur’oni karimda:
“Albatta, Alloh o‘ziga (biror narsa) sherik qilinishini kechirmaydi. Bundan o‘zga (gunohlar)ni (O‘zi) xohlagan kishilar uchun kechirgay. Kimda-kim Allohga shirk keltirsa, demak, u (to‘g‘ri yo‘ldan) juda uzoqqa adashibdi” (Niso, 116).
Bugungi kunda ko‘plab ziyoratgohlarda ana shunday bid’at va shirk amallariga ko‘zingiz tushadi. U yerlardagi narsa va buyumlardan farzand, baxt, boylik va hokazolarni so‘rash nodonlik va ulkan gunohdir.
Bahouddin Naqshband ziyoratgohidagi qadimiy daraxt ham insonlarning yo‘ldan ozishlariga, shirk amallarga qo‘l urishlariga sabab bo‘lmoqda. Ziyoratga kelganlar o‘sha daraxtni silab, yuz-ko‘zlarini surtib, atrofini aylanib, turli narsalarni so‘rashayotgani kuzatilmoqda. Axir allaqachon qurib qolgan, bittagina barg chiqarishga ham majoli yetmayotgan daraxt insonga qanday qilib foyda keltirishi mumkin?!
Bundan bir necha yil avval mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston musulmonlari idorasining “Daraxt va tosh kabilarni muqaddas deb bilishning shirkligi haqida”gi fatvosi ham e’lon qilingan hamda tushuntirish ishlarini olib borilgan edi. Shuningdek, ziyoratgohlarga Islom aqidasi va shariatida ko‘rsatilgan ziyorat qilish odoblari haqida lavhalar qo‘yilgan edi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Alloh taologa shirk bo‘lgan bunday amallarning davom etayotganidan jiddiy tashvishda. Negaki, Alloh taoloni qo‘yib, daraxtdan hojat istagan banda Alloh taoloning qahrini keltiradi. Natijada hojati ravo bo‘lish u yoqda tursin, boshi tashvishu g‘amdan, musibatu balolardan chiqmay qoladi. Diniy idora ulamolari ana shundan xavotirga tushib ziyoratchilardan ushbu shirk amalni qilmaslik hamda ziyoratgoh mas’ullaridan ushbu qadimiy daraxt haqida to‘g‘ri tushuncha berishni joriy etdi.
Bugungi kunga kelib, Bahouddin Naqshband ziyoratgohidagi mazkur qurigan daraxt atrofida birmuncha tartib o‘rnatildi. Jumladan, imom-xatiblar jalb etilib, kelgan ziyoratchilarga u qadimiy qurigan daraxt ekani, kimda-kim undan biror narsa so‘rasa, aylansa shirk bo‘lishi haqida ma’lumotlar berib turibdilar.
Ammo ushbu daraxtdan madad so‘rash yagona hodisa emas, yurtdoshlarimiz Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahridagi daraxtdan, Toshkent viloyatidagi Kumushkon sanatoriyasi tepasidagi sadaqayrag‘ochdan, Samarqand viloyatining Cho‘nqaymish qishlog‘idagi chinor daraxtidan ham hojat so‘rashdek shirk amallarni odat qilganlar.
Ba’zi kishilarning hamma narsaga yetgan aqllari nega shunga qolganda oqsaydi hayron qoladi odam: tagini yumshatib suv qo‘ysangiz, o‘sadigan; kasallansa, dori sepsangiz tuzaladigan; suv qo‘ymasangiz qurib qoladigan yoxud sizning qarovingizga muhtoj bir daraxt sizga boylikni qayerdan olib keladi. Undan farzand so‘rash-ku aqlga sig‘maydigan darajadagi taajjubli holat.
Musulmon odam nimaiki hojati bo‘lsa, barchasini faqat va faqat Alloh taolodan so‘rashi lozim. Bandani asrovchi ham, unga boylik, farzand ne’mati va boshqa narsalarni beruvchi ham faqat Haq taoloning O‘zidir!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter