AQSh qurolli kuchlari qo‘mondoni O‘zbekistonga keldi

Bugun, 12-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizov Amerika Qo‘shma Shtatlari qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonlik qo‘mondoni general Jozef Votella boshchiligidagi harbiy delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda mudofaa sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati muhokama qilinib, harbiy ta’lim va mudofaa sohalarida istiqboldagi rejalar belgilab olindi. O‘zaro manfaatli hamkorliklarni kuchaytirish borasida fikrlar almashildi.
Suhbatda mamlakatlarimiz o‘rtasida harbiy sohada hamkorlik yo‘nalishlarida o‘sish sur’atlari ortib borayotgani alohida ta’kidlandi.
Ta’kidlash kerakki, harbiy ilm-fan markaziga aylangan O‘zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasida AQSh harbiy mutaxassislari tomonidan seminar-trening mashg‘ulotlari hamda soha bo‘yicha tajriba almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan.
Uchrashuvda AQShning O‘zbekistondagi elchisi Pamela Spratlen ham ishtirok etdi.
13-may kuni AQSh harbiy delegatsiyasi Samarqand shahrining tarixiy va madaniy merosi bilan yaqindan tanishishi rejalashtirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter