Mehmonxonalar uyushmasi hamkorlarining biznes nonushtasi o‘tkazildi
O‘zbekiston mehmonxonalar uyushmasi hamkorlarining biznes nonushtasi bo‘lib o‘tdi.
24-dekabr kuni Toshkentdagi “Wyndham Tashkent” mehmonxonasida O‘zbekiston mehmonxonalar uyushmasi hamkorlarining biznes-nonushtasi tashkil etildi.
Ushbu tadbir O‘zbekiston mehmonxonalar uyushmasi tashabbusi bilan 2022-yil yakunlarini sarhisob qilish maqsadida o‘tkaziladi. Shuningdek, tadbirda uyushma faoliyati va kelgusi yil rejalari ham muhokama qilindi.
Tadbirni Bosh vazir o‘rinbosari - Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov ochib berdi.
“2022-yil noyabr oyi holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 113 570 o‘rinli 4879 ta joylashtirish vositasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Shundan 939 tasi mehmonxona bo‘lib, 55 471 kishiga mo‘ljallangan. Shuningdek, 27 836 o‘ringa ega 3180 ta oilaviy mehmon uyi, 18 761 o‘rinli 556 ta hostel mehmonlarga xizmat ko‘rsatmoqda, — dedi Aziz Abduhakimov. — 2022-yilda O‘zbekistonga xorijiy mamlakatlardan 4 mln 700 nafar sayyoh tashrif buyurgan. 2023-yilda xorijiy sayyohlar sonini - 7 millionga, mahalliy sayyohlar sonini esa 12 million nafarga yetkazish rejalashtirilgan”.
Tadbirda O‘zbekiston mehmonxonalar uyushmasi raisi Farangiz Abdullayeva ham so‘zga chiqdi. U yurtimizda joylashtirish vositalarini amaldagi yagona davlat standartlariga moslashtirish, xizmat sifatini yanada yaxshilash borasida qator ishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi.
Tadbir davomida hamkorlar mehmonxona sohasida foydali bo‘lishi mumkin bo‘lgan loyihalarini taqdim etdilar.
Qolaversa, har bir ishtirokchi muzokaralar va munozara o‘tkazish, tajribali soha mutaxassislari bilan tanishish, shuningdek, “Eng yaxshi nonushta” nominatsiyasi doirasida mazali nonushta qilish imkoniga ega bo‘lishdi.
Ma’lumot uchun, 2022-yil yakuniga ko‘ra, Toshkent shahrida mehmonxona xizmatlari sohasida "Hilton Worldwide", "InterContinental Hotel Groups", "Hyatt Hotels Corporation", "Accor Hotel Group", "Marriott International", "Radisson Hotel Group", "Reikartz Hotel Group", "Azimut Hotels", "Wyndham Hotel Group", "Lotte Hotels&Resorts", "ATEKA Hotels" kabi xalqaro brendlar faoliyat yuritmoqda.
2022-yilda "Reikartz" Andijon, Buxoro, Qo‘qon, Samarqand, Toshkent, Urganch va Termiz shaharlarida 9 ta mehmonxona ochib, O‘zbekistondagi eng yirik mehmonxonalar tarmog‘iga aylandi.
“Accor” xalqaro fransuz brendi ham 2022-yilda o‘zini faol namoyon etib, Toshkentda "Mercurye" mehmonxonasini ishga tushirdi. Shu bilan birga, Buxoro va Samarqandda mehmonlarni qabul qilishga tayyorgarlik qilmoqda. 2025-yilda esa Xivada ushbu tarmoq mehmonxonasini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, 2022-yilda Samarqandda ko‘p profilli "Silk Road Samarkand" turistik kompleksi o‘z faoliyatini boshladi. 260 gektar maydonda joylashgan majmua jahonga mashhur mehmonxonalarni o‘z ichiga olgan.
Trilliant kompleksiga kiruvchi InterContinental mehmonxonasi 2023-yilda faoliyat boshlash uchun so‘nggi bosqich ishlarini amalga oshirmoqda. Bu O‘zbekistondagi birinchi LEED GOLD (butun dunyoda qo‘llanuvchi “yashil” binolarni sertifikatlash dasturi) sertifikatiga yega loyiha bo‘lishini alohida ta’kidlash zarur.
Bu ishlarning bari O‘zbekistonda mehmonxonalar sanoatining barqaror va to‘xtovsiz o‘sishiga yo‘naltirilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter