Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Akademik Telman Rajabov vafot etdi

Akademik Telman Rajabov vafot etdi

Foto:«Daryo»

Materialshunoslik fizikasi, ilmiy asbobsozlik va mikroyelektron texnikasi sohasida tanilgan yirik olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Telman Dadayevich Rajabov 85 yoshida olamdan o‘tdi. 

Bu haqda Fanlar akademiyasi xabar bermoqda.

Telman Rajabov 1935 yil Samarqandda tug‘ilgan, Bauman nomidagi Moskva oliy texnika bilim yurtini tugatgan (1959). O‘zbekiston FA Yadro fizikasi institutida muhandis, kichik ilmiy xodim (1959-1965-yillar), Fizika-texnika instituti (1969-yildan Elektronika instituti)da bosh muhandis, katta ilmiy xodim, laboratoriya mudiri (1966-1986-yillar) bo‘lib ishlagan.

Shuningdek, u Ilmiy asbobsozlik markaziy loyihalash-konstruktorlik byurosi direktori (1986-1992 yillar), Toshkent elektrotexnika aloqa instituti (hozirgi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti) rektori (1992-1998 yillar), shu universitet qoshidagi Markaziy Osiyo telekommunikatsiyalar o‘quv markazi direktori (1998-2001 yillar), TATUda kafedra mudiri lavozimlarida faoliyat yuritgan.

Olim O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zosi bo‘lgan, Nyu-York Fanlar akademiyasi a’zosi etib ham saylangan.

Akademik 2003 yili “Mehnat shuhrati” ordeni bilan mukofotlangan.

Xabar.uz marhumning oila a’zolariga hamdardlik bildiradi. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring