Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston delegatsiyasi Saudiya Haj va umra vaziri bilan uchrashdi

O‘zbekiston delegatsiyasi Saudiya Haj va umra vaziri bilan uchrashdi

Joriy yil 10 iyun kuni O‘zbekiston delegatsiyasi Saudiya Arabistoniga safar davomida podshohlikning Haj va umra vaziri Tavfiq bin Favzon Rabia bilan muloqot o‘tkazdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston prezidentining maslahatchisi Muzaffar Komilov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev qatnashdi. 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, muloqotda ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik ravnaq topayotgani, Haj va umra ziyoratchilari soni keskin oshayotgani, prezident Shavkat Mirziyoyev va Ikki muqaddas masjid xodimi, podshoh Salmon bin Abdulaziz Ol Saud, valiahd shahzoda Muhammad ibn Salmon o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqqani qayd etildi.

Saudiya Arabistoni vaziri Tavfiq bin Favzon Rabia so‘nggi yillarda O‘zbekiston tomonidan Haj va umra ziyoratlarini yuqori darajada tashkil etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani uchun minnatdorlik izhor etdi.

O‘zbekiston delegatsiyasi Saudiya hukumatining Haj mavsumini yuqori darajada tashkil etish borasidagi sa’y-harakatlarini ijobiy baholagan holda yurtimizda amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy islohotlar, Samarqandda bunyod etilayotgan Imom Buxoriy innovatsion muzeyi, Toshkent shahrida qad rostlayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi haqida atroflicha ma’lumot berdi. Tavfiq bin Favzon Rabia bunday ulkan bunyodkorlik ishlariga har jihatdan amaliy ko‘mak ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.

Avval xabar berganimizdek, 2022 yil sentyabr oyida Saudiya Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia mamlakatimizga tashrif buyurgan edi. Yuqori martabali mehmonni prezident Shavkat Mirziyoyev qabul qilgandi.

Suhbat chog‘i O‘zbekiston fuqarolari uchun yillik Haj kvotasini ikki barobar – 24 ming nafargacha, umra kvotasini esa 100 ming nafargacha oshirish yuzasidan kelishuvga erishilgan.

Saudiya vaziri podshohlikda ham O‘zbekistondagi tarixiy maskanlarni ziyorat qilishga qiziqish oshib borayotganini ta’kidlagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring