Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘z farzandi qotiliga aylangan andijonlik ayol o‘g‘lini avval ham o‘ldirmoqchi bo‘lgan...

O‘z farzandi qotiliga aylangan andijonlik ayol o‘g‘lini avval ham o‘ldirmoqchi bo‘lgan...

Foto: «Sevimli TV»

O‘tgan haftada internet olamini oyoqqa qalqtirgan, yurtdoshlarimizni og‘ir qayg‘uga solgan va qahrlantirgan «o‘z bolasini bo‘g‘ib o‘ldirgan ayol» to‘g‘risidagi xabarlar oqimidan so‘ng ham xuddi shunday holat kuzatildi. Kimlar qotil onani la’natlashga tushgan bo‘lsa, ayrimlar oila boshlig‘ini, boshqa birovlar esa ota-ona, mahalla ahlini aybsitdi. Marhum Firdavsbek xotirasiga bag‘ishlab qasidalar yozildi...

Voqealar rivoji qanday davom etishi, huquqiy jihatdan qanday yakun topishini taxmin qilish mumkin. Aybdor muqarrar jazosini oladi, albatta. Biroq bilamizki, jinoyat o‘z-o‘zidan sodir bo‘lmagan. Unga yetaklovchi sabablar bo‘lgani turgan gap. O‘sha sabablarni xolislik nuqtai nazaridan matbuot tiliga ko‘chirish, haqiqatni quruq xabar iskanjasidan xalos qilish esa jurnalistning eng birinchi vazifasidir.

«XXI» asr gazetasi muxbiri Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanining Ma’murobod va Norbo‘ta mahallalariga borib, asl vaziyatni – Saida tug‘ilib-o‘sgan muhitni imkon qadar xolis o‘rganishga uringan. Hali odil sudning hukmi yangramagani, tergov-surishtiruv ishlari davom etayotganini inobatga olib, siz azizlardan darhol xulosa qilmaslikni so‘rab qolamiz.

...Andijonning oddiy qishloq xonadoni. Bir vaqtlar bu uyda shodlik, bir dunyo orzular hukmron edi. Oila sohiblari Murod va Baxtiyorxon ikki farzandi kamolidan xursand, ro‘zg‘or tashvishlari bilan andarmon. Mavsumiy ish bilan band ota tanishlarining ko‘magi bilan Rossiyaga ishlash uchun ketdi-yu, turmush kamlari uchun imkon topa boshladi. Endi uyda juda kam bo‘ladigan, farzandlar tarbiyasini ayolining bir o‘ziga ishongan, kerak vaqtda dilbandlariga ota maqomi bilan tarbiyadan saboq bera olmagan Murod Ibragimov, ehtimol, bugungi razolatni taxmin qila olganida, qabohatning eng katta kaltagi boshida sinmagan, qizi Saida o‘z bolasining qotiliga aylanmagan bo‘larmidi?! Uy bekasi bo‘la turib qizining fe’l-atvorini munosib baholay olmagan, bolasining ko‘nglida ne o‘y-fikr, xayolida qay reja borligini sezmagan, qizining bejo qadamlariga vaqtida dakki bera olmagan, «chig‘iriqdan chiqqan» qizi bilan dardini bo‘lisha olmagan, illatning ildizini anglamagan ona – Baxtiyorxon Mamadaliyevaning bugungi ko‘z yoshlari endi kimga kerak?! Aslida ona qizi uchun eng yaqin sirdosh, hamfikr, hamdo‘st, to‘g‘ri yo‘lga boshlovchi maslakdosh emasmi? Saidani ilk bor o‘g‘irlikda ayblagan maktab mutasaddilarini siltab tashlab, qizining aybini bahona ortiga berkitib, vaqti kelib ilk xatosi isbotlanganida ham mulzam tortmagan onani murg‘ak go‘dak o‘limida birinchi aybdor deyishga haqli emasmizmi?! Yaratganning inoyati bo‘lgan farzandlari taqdiriga loqayd, pul topishni asosiy o‘ringa qo‘yib, oila bag‘rini keyinga surgan, qizi yoki o‘g‘lining qiziqishlari, o‘y-xayollari, fe’li-atvori bilan qiziqmagan otani ayb­lamaslik mumkinmi?! Yoki qo‘shnisining hali maktabda 7-sinf o‘quvchisi bo‘lgan qizi ilk bor yaqin viloyatga «o‘yinqaroqlik bilan ketib qolgani»ga befarq qaragan, maktabda o‘g‘irlik qilganida chetdan g‘iybat qilish bilangina cheklangan mahalladoshlarni oppoq deb bo‘ladimi?!

Bebosh qiz

Kechagina qishloqning tuproq ko‘chalarida jamalaksoch dugonalari bilan to‘ptosh, koptok, bekinmachoq o‘ynagan qizaloqning ulg‘aygani bo‘y cho‘zganida, ostonasini sovchilar supura boshlaganida bilinadi, odatda. Biroq Saida o‘zining ulg‘ayganini juda erta bildirdi. Maktabning yuqori sinfida o‘qiyotganidayoq tengdoshlariga nisbatan dadilligi, voyaga yetganini ko‘rsatishga urinishi kabi salbiy jihatlari bilan o‘qituvchilari dakkisiga sabab bo‘la boshladi.

O‘shanda 7-sinf o‘quvchisi bo‘lgan qizaloq hech yomonlikdan qo‘rqmay, tap tortmay Farg‘onaga «aylangani» ketganida onasining, atrofdagilarning ko‘zi qayerda edi?

Aytishlaricha, o‘shanda mahalla, maktab mutasaddilari oilani o‘rtaga olib, tushuntirishga rosa urinishgan. Ammo kaltak qattiqroq tegmagan ko‘rinadi...

Oradan o‘tgan vaqt Saidani ijobiy tomonga o‘zgartirdi, deb aytishga ojizmiz. Uning qing‘ir qo‘li, bejo qadamlarini berkitishga uringan yaqinlari juda katta xatolarga yo‘l ochayotganini bilmasdilar. Ostonasini supurgani o‘ylanayotgan sovchilarning dadil bu xonadonga bo‘ylamayotgani sababi ham mana shunda edi, aslida. Yaxshiki, xolasi Barno joniga ora kirdi. Mehribon xola go‘yoki bu bilan baxti ochilmayotgan Saidaga va singlisiga yaxshilik qildi. Biroq mehrga, ezgulikka muhtoj oilaga qanday baloni boshlab kelganini o‘zi ham sezmadi.

O‘g‘ri kelin

Ma’murobod mahallasidan Norbo‘ta mahallasiga kelin bo‘lib tushgan Saida oila atalmish muqaddas dargohni ham nazarga ilmadi. Qaynonasi Nurxon Rizayeva kundoshlikning achchiq alamini yutgan, taqdirning ming bir sinovlariga bardosh bergan, bittagina o‘g‘lining kamoli uchun astoydil halol mehnatdan qochmagan, hayot zarbalariga dosh beraverib xastalik orttirgan yuvoshgina beva ayol edi. Bu xonadon mahalladagi namunali oilalardan, ayni kungacha ko‘chaga gapi chiqmagan.

Saidaga qaynonasining qo‘y og‘zidan cho‘p olmagani juda qo‘l keldi. Buning ustiga, eri Iqboljon ham kamgap, kamsuqum, bo‘sh-bayov bola. Demak, oila tizginini bemalol qo‘lga olish mumkin, oldi ham. Er xotinning quliga, qaynona kelinning cho‘risiga aylandi go‘yo. Saidaning aytgani aytgan, degani degan. Ammo bitta kamchilik bor – moddiy ta’minotga qoniqmaydi. Eski odati isyon qila boshladi. Kuyovning yaqin qarindoshlari cho‘ntagiga tushish... Axir bu ochiqdan-ochiq riyo, nomus va oriyatdan ayrilish emasmi? Er esa jim. Bir og‘iz gapirsin-chi,
Saida yeb yutib yuboradi.

Qotillikka urinish. Birinchi qurbon

Oilada tug‘ilgan go‘dak endi kelinning quroliga aylandi. Bolasi ikki oylik chaqaloq paytidayoq mudhish ishga qo‘l urdi. Eri bilan ajrashishni talab qildi. Kelinini insofga undagan qaynona po‘pisaga uchradi. Tashqariga chiqqan vaqti Saida o‘z norasidasini yumshoq yostiq ostiga tiqdi – vahshiyligini oxiriga yetkazishga ulgurolmadi. To‘satdan nimadir yodiga tushib kirib qolgan qaynonasi dod solganicha nabirasini yostiq ostidan tortib oldi. Saida esa bir tuki qilt etmay, bolasini bekor qutqarganini, aslida shu gunohni qaynonasi va erining gardaniga qo‘ymoqchi bo‘lganini aytdi. Ularni baribir qaysidir ayb bilan qamoqda chiritishini po‘pisa qildi.

Oradan o‘tgan vaqt Saida uchun ahamiyatsizdek bo‘ldi. Unga «keldi-ketdi» nomini mahalladagilar bilib qo‘yishgan. Ota uyiga ketaverib, ortga qaytaverib, ikki xonadonni ham zada qilib yuborgani aniq. O‘z nafsining quliga aylangan Saida uchun erdan ham, qaynonadan ham qutulish oson emasdi. Olti oylik chaqalog‘idan yana foydalanishga qaror qildi.

Eri onasi bilan boshqa xonaga o‘tirgan mahal o‘z xonasida bolasining beshigiga o‘t yoqdi-yu, eshikka qulf solib, o‘g‘ilchasi Firdavsbekni qo‘ltig‘iga qisgancha hovlidan chiqib ketdi.

Tutun isi butun hovlini tutganida Nurxon aya va Iqboljon jon holatda ichkaridan chiqishadi. Eshik qulfini arang ochgan Iqboljonning fig‘oni falakka o‘rladi... alanga o‘chirildi. Ona-bolaning jasadi ham topilmagach, qidiruvga berildi. Hatto mahalliy televideniyedan ham e’lonlar uzatila boshladi. Kunlarning birida Saida noma’lum raqamdan qo‘ng‘iroq qiladi. Bir necha shartlardan so‘ng Iqboljon u bilan farzandi uchun yashashga rozi bo‘ladi. O‘g‘li ikki yoshga yetganida ular qizli bo‘lishdi. Aslida qizdan ham, o‘g‘ildan ham qismagan Yaratganga har lahza shukr aytib yashashi kerak bo‘lgan ona illatga yanada qattiqroq bo‘yin egdi. Ota uyga arazlab ketishlar ko‘paydi. Kelinlik uyiga «itarmagan», turmush mushtlariga chidash kerakligidan saboq berish, qizini koyish o‘rniga ona ham unga xayrixoh bo‘lgani Saidaga kuch berardi.

Qizchasi besh oylik bo‘lganida, nogahon isitmaladi-yu, bir tunning o‘zida qayta ko‘zini ochmadi. Ammo Saida bundan xulosa chiqarmadi. Dafn marosimini o‘tkazib, yana ota uyiga qaytdi. Er zada, qaynona bezillaydi. Avvaliga oilani yarashtiraverib charchagan ikki mahalla endi o‘z holiga tashlab qo‘ya qoldi.

Mash’um hodisa

Shu yilning 2 aprel kuni Qo‘qon shahrining Turkiston ko‘chasida joylashgan bino oldidagi archa daraxtlari tagidan 3 yoshli o‘g‘il bolaning jasadi topilgani to‘g‘risidagi axborot juda tez tarqaldi. Ko‘p o‘tmay qotil onaning «pushaymonlik» intervyusi internet saytlarida aylana boshladi:

«Bolani tashlagani Toshkentdan qaytib keldim. Uchko‘prikka tashlagani kelsam, opa yo‘q ekan. Keyin uni mashinada Andijonga yubormoqchi edim, ammo bola unamadi. Keyin buni qayga olib boraman, ishlashim kerak, menga joy yo‘q buni qayerga qoldiraman, deb o‘yladim va bolamni o‘ldirishga majbur bo‘ldim...

Uyga qaytay desam ayam kiritmasdi. Dadam qabul qilishi mumkin edi, ammo ayam kiritmas edi, baribir bola ko‘chada xor bo‘lib o‘lardi. O‘ldirganimdan keyin bag‘rimga bosib o‘tirdim, kechirim so‘radim...»

Buni o‘kinch yoki nadomatga to‘la so‘zlar deb bo‘lmaydi. To‘qqiz oy vujudida ko‘tarib yurib, yetmish ikki tomiri jon tortishib, ikki dunyo oralig‘ida qolib, bu yorug‘ olamga keltirgan go‘dagiga o‘z qo‘li bilan o‘lim hukmini o‘qigan onaning afsuslanayotgani endi mutlaqo ishonarsiz. Uning ko‘zlariga boqdingizmi? Nigohlaridagi beparda sovuqlik etni junjiktiradi, ayanch nishonasi ko‘rinmagan qorachiqlar sizga nadomatdan so‘zlamaydi, aksincha, ko‘ngilda «Esiz, ayollik, esiz, onalik, hayf senga berilgan hayot», degan xayol o‘tadi.

Illatning ildizi aslida Saidaning bebosh bolaligi o‘tgan oilada, ilk xatolariga jim qarab turgan mahallasida, tanbeh berib yo‘lga solish o‘rniga bo‘sh-bayov kuyov axtargan qarindosh­larida, kerak bo‘lsa mahalla, Xotin-qizlar qo‘mitasining tuman bo‘limi, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar o‘zaro hamkorligining mustahkam emasligi, jamoatchilik nazoratining sustligida emasmi?..

Zilola Rahmonova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring