«Oyog‘i yerdan uzilib qolgan» idoralar...
Turar joyi bo‘la turib, unga egalik qila olmayotgan minglab hamyurtlarimizning orzularini ro‘yobga chiqarishda muhim qadam tashlanib, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga nisbatan egalik huquqini belgilab berish borasida Davlatimiz rahbarining farmoni qabul qilingan edi. Lekin... Buni bila turib amal qilmayotgan mutasaddi shaxslarning xatti-harakatlari bizni taajjubga soladi va bunday xayrli ishlarni amalga oshirishga g‘ayir ko‘z bilan qarayotgan kimsalarga nisbatan keskin ta’sir choralar qo‘llashga majbur qiladi, ularning ham shu jamiyat a’zosi, hamyurtimiz ekanligi esa kishini o‘ylantiradi.
Davlat rahbarining ushbu xayrli ishlarni nazarda tutuvchi «Fuqarolarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha bir martalik umumdavlat aksiyasini o‘tkazish to‘g‘risida»gi 2018-yil 20-apreldagi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida chiqarilgan hukumat qarorining ijrosi o‘rganildi va ... 7 900 dan ortiq qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Har kim tegishicha oldi: 98 nafar mas’ul xodim ma’muriy javobgarlikka, 22 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortilib, ulardan 19 nafari bilan tuzilgan mehnat shartnomalari bekor qilindi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Davlat xizmatlari markazlariga Toshkent viloyatida ushbu aksiyani umid bilan kutgan, o‘z uyiga o‘zi qonuniy egalik qila olmayotgan fuqarolardan 42 885 ta ariza kelib tushgan bo‘lib, ularning atigi 13 340 tasi (31 foiz) tegishli komissiyalar tomonidan ko‘rib chiqilgan va shundan 5 311 tasi (39,8 foiz) bo‘yicha tuman (shahar) hokimining qarorlari chiqarilishi ta’minlangan, 2362 ta (17,7 foiz) arizaga tuman (shahar) komissiyalari tomonidan rad javobi berilgan, 3900 ta (29,2 foiz) ariza bir martalik yig‘im to‘lanmaganligi sababli nihoyasiga yetmagan, 1767 ta (13,2 foiz) ariza yuzasidan tayyorlangan qaror loyihalari esa joylardagi hokimlar tomonidan imzolanmasdan tashlab qo‘yilgan.
Yangiyo‘l tumanida 196 ta, Bo‘stonliq tumanida 163 ta, Bekobod va Zangiota tumanlarida 143 tadan qaror loyihalari hokimlar tomonidan imzolanmagan.
Yanada achinarlisi shundaki, komissiyaning ishchi organi tomonidan arizalarning 12721 tasi muhokamaga qo‘yilmagan, qolganlarini ko‘rib chiqish esa mutasaddi idoralarning xizmat vazifalariga nisbatan munosabatlariga bog‘liq bo‘lib turibdi.
Xususan, komissiyaning ishchi organi, ya’ni kadastr xizmati idoralariga kelib tushgan yuqoridagi 12721 ta ariza ko‘rib chiqilmagan, ya’ni imoratlarning texnik planlari shakllantirilmagan va komissiya a’zolariga «Kadastr 2.0.» elektron tizimi orqali muhokama qilinishi uchun yuborilmagan.
Alohida qayd etish joizki, hozirgi kungacha kelib tushgan arizalardan qolgan jami 35 212 tasi (82,1 foiz) o‘rganish jarayonida turib qolgan.
Sabab nima?! Javobi shu — ayrim mansabdor shaxslarning e’tiborsizligi, xayrli ish nimaligini unutib qo‘yganligi yoki nimanidir kutayotganligi, ya’ni eskicha ishlash uslubidan qutula olmayotganligi bo‘lishi mumkin.
Aks holda arizani ko‘rib chiqish uchun bor-yo‘g‘i 11 ish kuniga teng muddat belgilangan bir paytda, oylab ko‘rib chiqilmasdan tashlab qo‘yilmagan bo‘lar edi.
Masalan, Toshkent viloyatining Zangiota tuman hokimligida Ko‘chmas mulkka nisbatan huquqni e’tirof etish ishlarini tashkil etish bo‘yicha tuman komissiyasi hamda uning ishchi organi tomonidan fuqaro D.Q.ning o‘zboshimchalik bilan qurgan uyiga nisbatan egalik huquqini belgilab berishni so‘rab bergan arizasiga asosan tuman davlat xizmatlari markazi tomonidan 2018-yil 27-avgust kuni yuborilgan so‘rovnoma yil tugagan, aniqrog‘i oradan 135 kun o‘tgan bo‘lsa-da ko‘rib chiqilmagan.
Xususan, Toshkent viloyati «Yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastr» Davlat korxonasining Zangiota tumani filiali ushbu arizaga asosan Davlat xizmatlari markazi tomonidan yuborilgan yuqoridagi so‘rovnomani biror bir sabab va asossiz 34 kun ushlab turib, 2018-yil 1-oktyabr kuni kuni ijroga qaratgan, ya’ni komissiya a’zolariga yuborgan bo‘lsa, komissiya a’zolaridan biri bo‘lgan ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi bu so‘rovnomaga oradan 23 kun o‘tganidan keyin 24-oktyabr kuni, davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi oradan 26 kun o‘tganidan keyin 27-oktyabr kuni, tuman davlat soliq inspeksiyasi oradan 34 kun o‘tganidan keyin 5 noyabr kuni, qurilish bo‘limi oradan 37 kun o‘tganidan keyin 8 noyabr kuni javob berishgan.
Yuqorida qayd etilganidek, tuman yer resurslari va davlat kadastr bo‘limi esa 2018-yil 1-oktyabrda yuborilgan yuqoridagi so‘rovnomaga oradan 135 kun o‘tgan bo‘lsa-da, aniqrog‘i shu kunga qadar javob berishni lozim topmagan.
Mazkur bo‘lim tomonidan yana 35 ta so‘rovnomalarga mutlaqo javob berilmagan, ya’ni bee’tibor qoldirgan.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi, qurilish bo‘limi, ichki ishlar bo‘limi, davlat soliq inspeksiyasi idoralarining mas’ul shaxslari esa 2018-yil 23-oktyabrda muhokamaga chiqarilgan so‘rovnomalarga javob berishni o‘zlariga maqbul ko‘rishmagan. Mazkur idoralar tomonidan yana 8 ta so‘rovnomaga mutlaqo javob berilmagan.
Komissiyaning ishchi organiga o‘tgan yilning oktyabr, noyabr, dekabr oylarida kelib tushgan yuzlab arizalar esa shu kunga qadar ko‘rilmagan.
Davlat rahbari «oyog‘i yerdan uzilib qolgan» deganda shunday idora xodimlarini ham nazarda tutgan bo‘lsa ajab emas.
Prezident tomonidan berilgan imtiyozga, yordamga muhtoj fuqaroning arizasiga nisbatan bunday munosabat komissiya a’zolari hamda uning ishchi organi uchun odatiy holatga aylanib borayotganligi yanada achinarli.
Bundan tashqari, shu kunda muhokamada turgan 11087 ta murojaatdan 5117 tasi Yer resurslari va davlat kadastr bo‘limida, 5073 tasi Ichki ishlar bo‘limlarida, 4787 tasi Qurilish bo‘limlarida, 2284 tasi Davlat soliq inspeksiyalarida, 954 tasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasida ko‘rilmasdan qolib ketgan, ya’ni ular tomonidan tegishli ma’lumotnoma va xulosalar taqdim etilmagan hamda muhokamasi yakunlangan 2336 ta murojaat yuzasidan rasmiylashtirilgan dalolatnomalar komissiya a’zolari va raisi tomonidan tasdiqlanmaganligi ham tushunarsiz.
Bunday munosabatning eng ko‘p salmog‘i, murojaatlar yuzasidan rasmiylashtirilgan dalolatnomalar komissiya a’zolari va raisi tomonidan dalolatnoma tasdiqlanmaganligi holatlari Bekobod (438 ta), Yangiyo‘l (315 ta), Bo‘stonliq (250 ta) tumanlari, Angren (282 ta) va Nurafshon (116 ta) shaharlariga to‘g‘ri keladi.
Ayrim mansabdor shaxslar «Xayrli ishni har kim har kuni qilmog‘i kerak» degan xalqimiz naqlidan o‘zlariga to‘g‘ri xulosa chiqarib olishlari shart. Aks holda qonun ustuvorligi va jazoning muqarrarligini esga solishga to‘g‘ri keladi.
Umid Yusufjonov,
Davlat xizmatlari agentligining
Toshkent viloyati boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter