O‘yinchoq qonunlar. «Lazeykashunoslar» yana bir bora xalqqa qarshimi?
Mashinalarning orqa eshigiga parda o‘rnatish masalasi bir necha oylardan buyon yurtimizning turli hududlaridagi sudlarda muhokama bo‘layotganidan xabaringiz bor. Garchi qonunchiligimizda orqa eshikka parda o‘rnatishga ruxsat berilgan bo‘lsa-da, lekin Ichki ishlar vazirligi hamda uning Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi buni tan olmasdan, ya’ni boshqacha qilib aytganda qonunlarni o‘zlari tushunmasdan, xalqning ahvolini og‘irlashtirib, ularga noqonuniy jarimalar solish bilan shug‘ullanmoqda.
Ammo yaxshiyam yurtimizda odil sudlov bor. Bir nechta sudlarda ayni shu parda masalasida fuqarolar haqligi, ichki ishlar esa nohaqligi rasman belgilandi.
Yiqilgan kurashga to‘ymas deganlariday, ichki ishlar mag‘lubiyatiga chidolmasdan kassatsiya instansiyasiga shikoyat qildi. Lekin kecha Buxoro viloyat Ma’muriy sudida ichki ishlar yana bir bor yutqazdi. Yana oddiy xalq g‘olib chiqdi, orqa eshikka parda o‘rnatish qonuniyligi yana bir bor tan olindi.
Bunday vaziyatda Ichki ishlar vazirligi o‘ta nomardlarcha, ammo ko‘pchilik kutgan yo‘lni tanladi. Ya’ni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 126-moddasiga o‘zgartirish kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqdi.
Vazirlik qonun loyihasida «haydovchining o‘rnidan tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan qo‘shimcha narsalar o‘rnatish» degan jumlani shunchaki «tevarak-atrofni ko‘rishni cheklaydigan» deya o‘zgartirishni taklif qilmoqda. Ya’ni «haydovchining o‘rnidan» degan so‘zni sekingina chiqarib tashlashmoqchi.
Agar shu qonun tasdiqlansa, unda xalqning yana bir huquqi, ya’ni mashina orqa oynasiga parda taqish imkoniyati cheklanadi.
Bu nima degani?
Bu shuni anglatadiki, Ichki ishlar vazirligi yana bir bora xalq manfaatlari uchun emas, balki xalqqa qarshi bo‘lgan takliflarni bildirishda davom etmoqda.
Avval xuddi shunaqa ishni propiska mavzusida ham ko‘rgan edik. Sababi ular propiska masalasida o‘nlab sudlarda mag‘lubiyatga uchradi, sud tomonidan ichki ishlar organlarining og‘zaki va yozma topshiriqlari bir necha bor rasman noqonuniy deya e’tirof etildi. Buning ortidan ichki ishlardagi mutasaddilar uyalmasdan qonunchilikda xalq foydasiga ishlaydigan qoidalarni «lazeykalar» deb atadi va ularni qonunchilikdan chiqarish, ya’ni xalqning ahvolini og‘irlashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqdi.
Mana, endi xuddi shu holat parda masalasida ham takrorlanmoqda.
Qiziq, bu tashkilotda kimlar ishlaydi o‘zi?
Davlatning birdan-bir manbai bo‘lgan o‘zbek xalqi uchun sidqidildan xizmat qiladigan, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qiladigan, qonunlarni aniq va bir xilda so‘zsiz bajaradigan, xalq uchun kerak bo‘lsa jonini ham fido qilishga tayyor bo‘lgan vatanparvar xodimlarmi?
Yoki qonunlarni tushunmaydigan, ularni noto‘g‘ri talqin qiladigan, qonunga xilof topshiriqlar berib, xalqning ahvolini og‘irlashtiradigan, sudlarda ketma-ket mag‘lubiyatga uchragach, alamidan qonunchilikka xalq manfaatlariga qarshi bo‘lgan o‘zgartirish kiritishni taklif qiladiganlarmi?!
Qonunlar shunchalik o‘yinchoqmi? Aslida davlat tashkilotlari qonunlarga bo‘ysunishi, ularga moslashishi kerakmasmi? Nima uchun qonunlar davlat tashkilotlariga moslashyapti?
Buxorolik haydovchi parda masalasida o‘zining haqligini isbotlash uchun besh oy vaqt sarfladi! Besh oy! Shu vaqt ichida o‘sha fuqaro qancha asab, qancha mablag‘ sarflaganini tasavvur qilyapsizmi? Nima uchun xalq bu darajada qiynalishi kerak? Qonunni tushunmaydigan ayrim rahbarlarni debmi?
«Xalq manfaati barcha narsadan ustun» degan shiorlar ichki ishlar tizimida muz kabi erib, yo‘q bo‘lib ketdimi unda?!
So‘zim so‘nggida tegishli mutasaddilarga qarata aytmoqchiman:
Bu mansab, bu lavozim va o‘zi umuman bu dunyo hammadan o‘tadi. Hech kim umrboqiy rahbar yoki inson emas. Kelinglar, shu muvaqqat rahbarlik davringizda «yana nima qilsak, xalqqa og‘irroq bo‘ladi, qonunchilikdagi yana qaysi lazeykalarni yopsak fuqarolarning zarariga ishlaydi?» degan prinsip bilan ishlamasdan, balki aksincha, «yana nima qilsak, xalqqa ko‘proq foyda bo‘ladi, yana nima qilsak ularning og‘iri yengil bo‘ladi?» degan shior bilan yashang.
Har holda vijdonli insonlar shunday qilgan bo‘lar edi. Yana ham tanlov o‘zingizda. Sizlarni vijdonli insonlar ekanligingizga chin dildan ishongim keladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter