Ov uchun moratoriy joriy etish taklifi berildi
Bugun milliy matbuot markazida «Ekologik mavzularni yoritishda birlashaylik» mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Ekologiya mavzuida qalam tebrayotgan jurnalist va blogerlarni birlashtirish, respublikamizda faoliyat olib borayotgan ekologik tashkilotlar bilan hamkorlik o‘rnatishni maqsad qilgan ushbu tadbir qizg‘in bahs-munozaralarga boy bo‘ldi.
Tadbir doirasida jurnalist, blogerlarning ekologik muammolarni yoritishi va ularga davlat tashkilotlari tomonidan bildirilayotgan munosabatlar, ekologik jurnalistika oldida turgan vazifalar haqida ma’ruzalar tinglandi.
«Ekologik muammolarni bartaraf qilishda ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi OAV bilan hamkorlik qilishga doimo tayyor, – dedi qo‘mita axborot xizmati rahbari B.Abdullayev. – Ekologik muammolar juda keng qamrovli, jurnalistlar odatda chiqindi, daraxtlarning kesilishi, Orol muammolariga ko‘proq to‘xtalmoqda. Natijada aytaylik, qushlarning nega kamayib ketayotganligi, suvdan oqilona foydalanmaslik oqibatlari, daryolar o‘zanlarining qum-shag‘al zahiralaridan noqonuniy foydalanish oqibatida chuqurlashishi, yer osti ichimlik suvi zahiralarining ifloslanishi, bu esa o‘z navbatida daryo o‘zanlaridagi strategik ob’yektlar xavfsizligiga, ayrim daryo o‘zanlarida hosil bo‘lgan noqonuniy chiqindixonalar aholining hayotiga va ularning mol-mulkiga xavf solayotgani kabi muammolar kam yoritilmoqda. Bu muammolarni bartaraf etishda, yechim topishda biz jurnalistlarga, ekofaollarga suyanamiz. Kelgusida turli ekotur va press-turlar rejalashtirganmiz».
Ekologik jurnalistika kengashining raisi Nargis Qosimova ovni ta’qiqlash bo‘yicha moratoriy joriy qilish taklifini o‘rtaga tashlaganida, barcha qatnashchilar qo‘llab-quvvatladi.
Tadbir doirasida aniqlandiki, ekologik muammolarni yoritayotgan jurnalistlar ko‘p, ammo ular ko‘targan mavzuga munosabat yo‘q. Va yana bir e’tiborli va taassuflanarli jihat, O‘zbekiston ekologik partiyasining faollari bu tadbirga ishtirok etmaganligi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter