Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Otashin muhabbat, mashhurlik va qo‘rqinchli Alsgeymer

Otashin muhabbat, mashhurlik va qo‘rqinchli Alsgeymer

«Men yozgan she’rlar sizga bag‘ishlanganini faqat hozir anglab yetdim. Rafiqam bo‘ling», – degan edi yosh Gabriel Garsia Markes Mersedes Barcha Pardoga. «Roziman. Faqat avval maktabni tugatib olishimga ruxsat bering», – deya javob berdi qiz mutlaqo jiddiy ohangda. Bu voqea 1945-yili Kolumbiyaning Sukra shaharchasi raqs maydonchasida bo‘lib o‘tgandi.

O‘n bir bolaning biri

Ha, hasos ijodkor Markes bo‘lajak rafiqasini uning bolaligida yaxshi ko‘rib qolgan. Shu bois, birinchi uchrashuvdayoq aynan Mersedesga uylanishga qaror qildi. Ular birgalikda 55 yildan ko‘proq hayot kechirishdi.

«Biz unashtirilmagan edik, shunchaki taqdirimizga nima yozilganini sabr ila hech bir malolsiz kutdik, – deb xotirladi yillar o‘tib Markes. – Ertami, kechmi birga bo‘lishimizni bilardik».

Gabriel Garsia Markes dunyoga o‘z tasavvur olamidan kelib chiqib qaradi. Asarlarining yarmi xayoliy tasavvuri mahsuli. Markes o‘z intervyularida turli tafsilotlar bilan muayyan bitta hodisa haqida so‘z yuritgan. Unga shunisi qiziq edi. Ammo yana dalillar borki, ularni haqiqatga yaqin deb hisoblash mumkin. Masalan, Gabriel 1927-yilning 6-martida Kolumbiyaning Magdalena daryosi bo‘yidagi kichkina, eski Arakataka shahrida tug‘ilgan. Uning otasi telegrafchi bo‘lib, oilasini boqish uchun ikki smenada ishlar, uyda kam bo‘lardi.

Gabriel onasini yaxshi ko‘rar, biroq volidasining unga yetarlicha e’tibor qaratishi uchun vaqti yetmasdi. Sababi, Gabrieldan tashqari yana o‘n nafar farzandi bor edi.

Gaboni bobosi va buvisi tarbiyalashdi. Uning ma’nan yetuk bo‘lishiga, asosan, shu insonlar ta’sir ko‘rsatdilar. Trankilina momo – XIX asrning mag‘rur, donishmand ayoli bo‘lib, keyinchalik Markes romanlarida o‘ziga xos tarzda aks etdi. Buva esa – polkovnik, 1899–1903 yillardagi fuqarolik urushi ishtirokchisi edi. U ham nabirasining deyarli har bir asarida jonlangan.

Gabriel Sapakira shaharchasidagi internatda tahsil oldi. U garchand ijod ummoniga sho‘ng‘ib, yoza boshlagan bo‘lsa-da, huquqshunoslik kasbini egallashga qaror qildi. Shu maqsadda 1946-yili Bogotadagi universitetga o‘qishga kirdi. Adabiyotdan uzoqlashmadi. Uning romantik she’rlari e’tiroflarga sazovor bo‘lardi. 1947-yilda birinchi hikoyasi e’lon qilindi. Markes baribir huquqshunoslik yo‘lidan ketdi. Mersedesga uylanishi uchun unga pullar kerak edi.

Oilaga yaqin bo‘lgan ayrim kishilarning aytishicha, tanishganlarida qizning yoshi o‘n uchda emas, to‘qqizda bo‘lgan. Xuddi «Tanholikda yuz yil» asaridagi jajji Ramediosni Aureliano Buendia sevib qolgani kabi! Shu bois, Markes romanlarida balog‘at yoshiga yetmagan qizlarga nisbatan muhabbat mavzusi paydo bo‘la boshladi. Bu esa kurakda turmaydigan tasodif edi: qiz shunchaki kechikib tug‘ilgan va shunga ko‘ra, kuyovdan chandon kichik.

Qiz emas, kapalak!

Markes Mersedesni maktab yillaridayoq tushida ko‘rganini vaqti-vaqti bilan ta’kidlardi. U bu tushidan ruhlanib, sayohatni nihoyatda orzu qilgan va kapalakka aylanib, uyidan ketib qolgan qiz haqida hikoya yozdi. Mersedesning dugonasi Margarita Cheka esa jajji Barcha devorga tirmashib chiqqani va chang-to‘zonli ko‘chaga qarab, g‘amgin tarzda shunday deganini aytadi: «O, men dunyo bo‘ylab sayohat qilishni, ulkan shaharlarda yashash, mehmonxonadan-mehmonxonaga o‘tishni naqadar xohlardim!»

Mersedes umri mobaynida bergan bor-yo‘g‘i ikkita intervyusida Markes uning bolalikdagi orzusini ro‘yobga chiqargani, ya’ni ko‘plab marta sayohatga chiqishganini ta’kidlab o‘tgan.

Mersedes Rakel Barcha Pardo 1932-yil 6-noyabrda Magdalena daryosi bo‘yidagi Maganga qishlog‘ida dunyoga kelgan. Uning onasi kolumbiyalik fermerlar oilasidan edi. Otasining qonida esa Falastin-Misr qoni oqardi. Markesning hisoblashicha, «Nil ilonining sirli go‘zalligi» bo‘lmish Mersedes aynan misrliklar ajdodidan kelib chiqqan. Uning bobosi kelib chiqishi jihatidan Aleksandriyadan bo‘lib, Kolumbiyaga bir necha shaharlardagi o‘ziga qarashli dorixonalar bog‘lab turardi.

Oila doimo ko‘chib yurar, ammo qizaloq uchun hamisha eng nufuzli va qat’iy tartib-qoidaga ega katolik maktabini tanlashardi. U a’lo bahoda o‘qirdi. Qiz jiddiy va mas’uliyatli bo‘lib, eng sevimli ermagi uy yonidagi bog‘ maysazorida yotish va hasharotlar, qushlar va mayda hayvonlarni kuzatishdan iborat edi. U biolog bo‘lmoqchi edi. Kutilmaganda Gabriel Garsia Markesga turmushga chiqishga qaror qilganini ota-onasi uning Shekspirni haddan ziyod ko‘p o‘qigani va o‘smirlik yoshidagi tentaklikka mengzashdi. Qiz o‘zini Juletta deb tasavvur qilmasligi uchun unga hech nimani taqiqlamadilar. Biroq yillar o‘tib, Mersedes ulg‘aygach, sovchilar kela boshladi va u barchani rad qilaverdi. Mersedes Gabrielning sovchi yuborishini kutar, qari qiz bo‘lib qolishi mumkinligidan sira cho‘chimasdi.

Qizga sevgilisining sarguzashtlari haqida muntazam yetkazib turishardi. U esa buni o‘ziga taalluqli emas deb hisoblardi. Qizni Gabrielning ma’ruzalarga bormayotgani, huquqshunoslik fakultetini tashlagani va jurnalist bo‘lgani ham tashvishga solmadi. Hatto, sevgilisining Parijda ispan aktrisasi Mariya Konsepson bilan bog‘liq ishqiy munosabatlari ham Mersedes uchun ahamiyat kasb etmadi. Gabriel uning xatlariga javob berishni kanda qilmayotgani, qalbida nimalar kechayotgani haqida yozayotgani muhim edi. U erkak, axir, hozircha nikoh qasamyodini ichmadilar.

Va, nihoyat...

Gabo va Mersedes haftasiga ikki-uch marta bir-biriga maktub yozishardi. Gabriel har kuni uyg‘onganida va uxlashi oldidan devorda ilingan Mersedesning suratiga qarashini yozardi. Bu haqiqat. O‘shanda do‘sti Plinio Mendos Markesning xonasiga ilk bor tashrif buyurganida Mersedesning fotosuratiga ko‘zi tushgan: «Men uning mahbubasi aks etgan fotosuratga qarash uchun devor tomon qadam tashladim – istarasi issiq, sochlari tekis qiz edi. «Bu – muqaddas timsoh», – dedi Gabo».

Ularning unashtirilishi uzoq cho‘zildi. Markesning «Vabo davridagi muhabbat» romanida bosh qahramon Florentino Ariza sevgilisi Fermina Dazaga oradan ellik uch yilu yetti oy va o‘n bir kun o‘tib, abadiy sevishi haqida ont ichganidan so‘ng uylanadi. Bu darajada emas, albatta. Har holda Mersedesning to‘la-to‘kis o‘n bir yil kutishiga to‘g‘ri keldi. O‘shanda Markes o‘ttiz uch yoshga kirgan edi.

Ularning nikohi 1958 yilning mart oyida bo‘lib o‘tdi.

Musofirlik, qashshoqlik...

«Birgalikdagi hayotimiz davrida biror marta ham jiddiy tortishuvlar bo‘lmagan, – degan edi Gabriel Garsia Markes oradan bir necha o‘n yillar o‘tgach. – Bu, ehtimol, nikohgacha qanday bo‘lsak, shundayligimizcha qolganimiz tufayli bo‘lsa kerak. Oilaviy hayot – har kuni qaytadan boshlanadigan haddan ziyod qiyin jabha. Butun umr shunday kechadi. Doimiy keskinlikda yashaysan, gohida  zerikarli. Biroq bu shunga arziydi».

Ular Markes ishlayotgan El Espectador tahririyati tomonidan berilgan ikki xonali uyda yashay boshlashdi. Mersedes ro‘zg‘or yuritishni bilmasdi. Gabriel bunga ko‘ngilchanlik bilan yondashdi, uyni o‘zi yig‘ishtirardi. Taom tayyorlashni rafiqasiga sabr-toqat bilan o‘rgatdi. Mersedes, ayniqsa tejamkorlikni tez o‘zlashtirdi. Nochorlikda yashash, peshtaxtalardagi arzon mahsulotlarni xarid qilish va ishtahaochar taomlar tayyorlashni bilib oldi. Eri uchun esa eng muhimi, ijodiga xotinining hayajonli munosabati edi. Mersedes Gabriel Markesning qog‘ozlariga ehtiyotkorona qo‘l tekkizar, ular go‘yo ko‘hna muqaddas zarvaraqlardek, xuddiki qo‘lda uvalanib ketadigandek edi. Plinio Mendos shunday xotirlaydi: «Mersedes bilan tanishganimning uchinchi kuni men singillarimga shunday dedim: «Gabo soqovga uylanibdi». Ha, u shu qadar odamovi va indamas edi.

1959-yil 24-avgustda ularning to‘ng‘ich o‘g‘li dunyoga keldi. Rodrigo Garsia deb ism qo‘ydilar. Ayni shu paytda tahririyat Gabrielni maxsus muxbir sifatida Yevropaga yubordi. Mersedes odatdagidek yana itoatkorona tarzda kutdi. Keyinroq Gabriel xotini va o‘g‘lini o‘zi bilan birga Amerikaga olib ketdi. Musofirlikning og‘ir sinovlarini boshdan kechirdilar. Muhtojlik, tahdid-po‘pisalarga duch kelishdi. Qochishga majbur bo‘lishdi. Mersedes oshqozon shilliq pardalarining yallig‘lanishini orttirib oldi. Biroq u biror marta ham eriga ta’na qilmadi.

1962-yili Meksikada ikkinchi o‘g‘il – Gonsalo Garsiya tug‘ildi. Markes rafiqasiga o‘xshagan qiz dunyoga kelishini xohlagan edi, ammo boshqa farzandlari bo‘lmadilar.

Ro‘zg‘or anjomlari evaziga... «Nobel»

Gabriel mashinasini sotdi va xonaga qulflanib olib, o‘n sakkiz oy mobaynida «Tanholikning yuz yili» romanini yoza boshladi. U, hatto oilasini ham unutdi. Bu vaqt mobaynida ro‘zg‘or yuritish ishlari Mersedesga qolib ketdi. Yeb-ichish, yashash, turar joy uchun ijara haqi... ahvol juda og‘ir edi. Mersedes uy egasini kutib turishga zo‘rg‘a ko‘ndirdi.

Nihoyat, kitob yozib bo‘lindi. Ammo uni noshirga yuborish uchun 160 peso yetmasdi. Uyda 80 peso qolgandi, xolos. Mersedes uy anjomlaridan qorishtirgich va fenni sotdi. «Roman yaxshi yozilgan bo‘lsin ishqilib», – dedi u.

1967-yilda «adabiy zilzila»ga sabab bo‘lgan mazkur asar Gabriel Garsia Markesni tirik afsonaga aylantirdi. U barchasi uchun xotinining oldida qarzdor ekanligini anglar edi. Markes «Vabo davridagi muhabbat» romanini Mersedesga bag‘ishladi.

1982-yilda yozuvchi Nobel mukofoti bilan taqdirlandi. Bu butun Lotin Amerikasi uchun muhim voqea edi. Jurnalistlar ularning uyini o‘rab olishdi. Er-xotin yashirincha qochib chiqib, «Chapultepek-Prezident» mehmonxonasidan qo‘nim topdilar. Ko‘p o‘tmay, bu yerda do‘stlar yig‘ilishdi. Barcha-barcha Markesga maqtovlar yog‘dirardi.

Mersedes erining ijod qilishi uchun barcha sharoitni muhayyo qilardi: sifatli qog‘oz, yegulik va qahvaning o‘z vaqtida berilishi, stol ustida sigaretaning turishi hamisha nazoratda edi. U eri haqidagi maqolalar bilan tanishar, ularni saralab chiqardi. Ba’zida esa o‘g‘illarini mehmon sifatida qabul qilar, ularning otasi bilan bahslashuvi va hazillashishlarini jimgina kuzatib o‘tirardi.

Darvoqe, Markes bir vaqtlar bolalar uchun ham yozishga urinib ko‘rgan. Uni bu ishdan o‘g‘illari qaytarib qolishdi. «Siz rostdan ham bolalarni shu qadar ahmoq deb o‘ylaysizmi?» – deyishgandi ular.

So‘nggi yillar: qahr-g‘azab va o‘lim

1999-yilda Markesga «limfatik tizim saratoni» tashxisi qo‘yildi. Bungacha, 1989-yilda unda yengil saraton kechgan va kasallik bartaraf etilgan edi. Sog‘ayganidan so‘ng birinchi matbuot anjumanida Gabriel Garsia Markes boshqa yozmasligini xabar qildi: «Endi men faqat Mersedesning eriman, to‘lasincha unga tegishliman».

Yozuvchi yoshi ulg‘aygan sari sevgi haqida, bu tuyg‘uning hayotdagi ulkan ahamiyati xususida dadil va ochiq e’tirof eta boshladi: «Men uchun shubhasiz: hayotning mazmuni, bu – muhabbatdir. Yozganda faqat muhabbat mavzu bo‘lmog‘i kerak. Qolgan hammasi aldamchi! Mening keyingi romanim ishq haqida, erkak va ayolning hissiyotli, telbavor, umidsiz, abadiy sevgisi haqida bo‘ladi...»

«XXI asrda meni to‘xtovsiz dafn eta boshlashdi, – deya zorlanib kulgan edi Markes. – Televizor yoki radioni qo‘yib, o‘zimning ta’ziyamga guvoh bo‘lardim. Gazetalarda o‘qirdim: «Bugun surunkali og‘ir kasallikdan so‘ng yozuvchi... sovrindori...» Men nihoyatda g‘azablanardim. Bora-bora oyda ikki marta bo‘ladigan o‘zimning o‘limimga ko‘nikdim. Nimayam qila olardim!»

Gabriel Garsia Markes keyingi yillarda Alsgeymer xastaligi bilan og‘rigandi. Uning ukasi Xaim jurnalistlarga Gabrielning o‘g‘illari va ukasini tanimagan kunlari bo‘lganini g‘am-g‘ussa bilan aytib berdi. Markes faqat rafiqasini tanirdi. Ba’zi-ba’zida Mersedes u qachondir albatta uylanadigan qizga o‘xshab ketardi.

2014-yilning 14-apreli. Jahon adabiyoti ahli zo‘r ijodkordan judo bo‘ldi. Markes 88 yoshda edi.

Akbar Fathullayev

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring