ShHTga a’zo davlatlar Shavkat Mirziyoyevning ekologiyaga oid tashabbusini qo‘llab-quvvatladilar
22 may kuni Ostona shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar vazirlik va idoralari rahbarlarining atrof-muhit masalalari bo‘yicha beshinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov ishtirok etdi.
Uchrashuvda delegatsiyalar rahbarlari ShHTga a’zo davlatlarning atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorligining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollari yuzasidan fikr almashdilar hamda 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik konsepsiyasini amalga oshirish muhim ekanligini ta’kidladilar. Shuningdek, ShHTning 2024 yilni Ekologiya yili deb e’lon qilish bo‘yicha Harakatlar dasturini amalga oshirishga oid masalalar ham muhokama qilindi.
Tomonlar ShHT Kotibiyatiga 2024 yil 3-4 iyul kunlari Ostona shahrida bo‘lib o‘tadigan ShHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining chiqindilarni samarali boshqarish to‘g‘risidagi bayonoti, shuningdek, ShHTga a’zo davlatlar hukumatlari o‘rtasida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolashni taklif qildilar.
Tadbir doirasida delegatsiyalar rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tashabbusi bilan 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan ShHTning «Yashil belbog‘» dasturini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasini tasdiqladilar.
Shu bilan birga, ShHTga a’zo davlatlarning ekologik muammolarni hal qilish bo‘yicha qo‘shma yondashuvlari hamda 2025-2027 yillarda ShHTga a’zo davlatlarning atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik konsepsiyasini amalga oshirish rejasi tasdiqlandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter