Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ortiqxo‘jayev &«Kun.uz»: yutgan kimu yutqazgan kim?

«Ortiqxo‘jayev &«Kun.uz»: yutgan kimu yutqazgan kim?

Foto: «Kun.uz»

...Voqealar rivoji bunday yakun topishi ko‘plarning yetti uxlab tushiga kirmagan bo‘lsa kerak! Bamisoli saratonda qor yog‘di...

Yigirma to‘rt soat avval keng jamoatchilik bir mushtga aylangan holda «Kun.uz» jurnalistlarini haqorat qilib, jismonan yo‘q qilib yuborish bilan tahdid qilgan poytaxt hokimini «oborib-olib kelgan» bo‘lsa, endi bor «e’tibor» saytning o‘ziga qaratilmoqda. Sababi ma’lum: kecha tunda tahririyat jamoasi hokim bilan uchrashib, «tomonlar bir-birini tushunib, o‘zaro murosaga keldi». Bundan anglashiladiki, hammasi «shest sekund»da hal bo‘libdi, buyog‘i endi «bxay-bxay»!

Jamoatchilik bu «sulh»ni hazm qilayotgani yo‘q. Zero, masala tor doiradan chiqib ulgurgan, yakuni  ham shunga monand bo‘lishi shart. Ayni shart esa, bizningcha, kun tartibidan tushmasligi kerak! Negaki, «sulh» nainki sayt jamoasi, balki endi-endi qaddini tiklayotgan butun jurnalistikaga ham qoplab bo‘lmas zarar yetkazayotganini hamma ko‘rib, bilib turibdi. Qolaversa, bugun bunday tahdidga bir jurnalist duch kelgan ekan, ertaga boshqasi ro‘baro‘ kelmasligiga kafolat yo‘q. Bunday sirli «sulh» esa bu boradagi xavotirni battar kuchaytiradi, xolos.

Ommaviy axborot vositalari xodimlariga hech qachon oson bo‘lmagan. Totalitar tuzumda nafas ololmay iztirob cheksa, demokratik sharoitda real xavflar soyadek ergashib yuradi. Jurnalistika eng xavfli kasblardan biri ekani shunchaki gap emas. Dunyoni ko‘ring: bir yilda necha nafar jurnalist sirli-sirli o‘lim topmoqda?!

Jamiyatda so‘z erkinligi qaror topib boraverar ekan, bu hol ma’lum toifa vakillarining paytavasiga qurt tushirishi tayin. O‘zbek jurnalistikasi ayni paytda, ta’bir joiz bo‘lsa, «o‘tish davrini» boshdan kechirayotir. Bunday murakkab jarayonda xatolarga yo‘l qo‘yilishi tabiiy, barobarida ma’lum bosimlarga duch kelishi ham turgan gap. Bosimlarning tugashi dargumon. Xullas, jurnalistning kuni sinov, tuni sinov...

«Kun.uz» o‘zbek ommaviy axborot vositalari orasida jiddiy sinovga oshkora (pinhona sinovlar har kuni oyoq ostidan chiqishi mumkin) duch kelgan sayt bo‘lsa, ehtimol. Chunki, Jahongir Ortiqxo‘jayevning haqorat-u tahdidlari qachon va qay paytda yangraganini ma’lum qilib, audioni o‘z vaqtida oshkor etilmaganini «shahar hokimining obro‘-e’tiboriga putur yetkazmaslik» bilan bog‘lagan sayt sanoqli soatlardan keyin o‘z obro‘ va mavqega putur yetkazish evaziga «bu masalani ortiq muhokama qilmaslikni» so‘rashga tushganining o‘zi ko‘p narsalarga dalolat qiladi. 

Agar sayt «murosago‘y» bo‘lganida hokim bilan ilk uchrashuvda «beshni tashlab», faoliyatini kelgan joyidan davom ettirgan, bugun bu kabi g‘urbatlarga giriftor bo‘lmasdi-da. O‘shanda,  «Kun.uz» va Olmazor tumani hokimi o‘rinbosari mojarosi sabab, shahar rahbari tomonlarni huzuriga chorlab, murosaga keltirolmagach, tahdidga o‘tgani bugun endi sir emas.

Audio qachon, qay maqsadda va kim tomonidan e’lon qilingani esa surishtiruv yo‘li bilan aniqlik kiritiladigan masala. Axir bu masalada siyosiy partiyalardan tortib, Bosh prokuraturagacha munosabat bildirdi.

Bizni o‘ylantirayotgan, qiynayotgan masala boshqa. Bu holatdan kim yutdi? Hech kim! Hokimning obro‘yiga obro‘ qo‘shildimi? Yo‘q, aksincha, amaldorning ma’naviy qiyofasi xiyol ochildi, xolos. Ikkinchidan, nafaqat «Kun.uz», balki endi tetapoya bo‘layotgan jurnalistikaning «och biqiniga» musht tushdiki, kim bilsin, uning zahri qachon ketarkin?..

Mag‘lubiyatning eng kattasini esa jamiyat tortmoqda. Zero, ayni mojaro va uning kutilmagan yakuni O‘zbekistonning imijiga ijobiy ta’sir etmasligi aniq. Va bunda o‘sha tahdidni keng ommaga tarqatganlar emas, uni aytishdan, gapirishdan tiyilmaganlar sababchi aslida.

R. S. Sanoqli daqiqalar avval «Kun.uz»ning ikki xodimi, yosh va iqtidorli jurnalistlar — Zafar Solijonov va Bahodir Ahmedov iste’fo berganini e’lon qilishdi. Ikkala  hamkasbimiz o‘z qarorini «murosa»ga isyon sifatida izohlashdi...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring