Ipakchilik qo‘mitasi rahbari «Kun.uz» nashridan 1 mlrd so‘m talab qilmoqda
Ipakchilik qo‘mitasi raisi Bahrom Sharipov Kun.uz va jurnalist Shokir Sharipovni sudga berdi. Saytda uning ipakchilik sohasidagi kompaniyalar bilan aloqador bo‘lishi mumkinligi haqida maqola chop etilgan. Davlat xizmatchisi raddiya e’lon qilish, uzr so‘rash va 1 mlrd so‘m tovon puli to‘lashni talab qilmoqda.
Qayd etilishicha, 12 iyun kuni nashr jurnalist Shokir Sharipovning «Davlat amaldorining „ipakdan to‘qilgan“ biznes to‘ri. Soha shaxsiy tomorqaga aylantirilganmi?» sarlavhali surishtiruvini e’lon qilgan.
Materialda aytilishicha, Bahrom Sharipov go‘yoki rafiqasi va boshqa qarindoshlari orqali jun tolalari, ipak va trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan o‘nlab korxonalar bilan bog‘langan.
Materialda Bahrom Sharipov sohani tartibga soluvchi qo‘mitaga rahbarlik qilishi hisobga olinsa, manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishi mumkinligiga ishora qilgan.
Bahrom Sharipov o‘z da’vo arizasida (nusxasi «Gazeta.uz»da mavjud) Kun.uz maqolasidagi ma’lumotlarni asossiz deb ataydi hamda bu o‘zi va oilasining obro‘siga putur yetkazganini qayd etadi.
Amaldor ushbu sohadagi 74 ta kompaniyaning hech birida ulushi yo‘qligini ta’kidladi. Uning tan olishicha, rafiqasi to‘rtta kompaniyada ulushga ega, biroq ular uyushma tashkil etilishidan ancha oldin tuzilgan. Boshqa barcha korxonalar unga yoki uning oilasiga aloqador emas, bu bilan bog‘liq holda «sohani shaxsiy monopollashtirish to‘g‘risida»gi so‘zlar uydirma va tuhmatdir, deyiladi arizada.
Bahrom Sharipov sudlanuvchilardan raddiya e’lon qilish, omma oldida kechirim so‘rash hamda Kun.uz va jurnalist Shokir Sharipovdan ma’naviy zarar uchun 1 mlrd so‘m undirishni talab qilgan.
Toshkent shahar Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudida sud majlisi 20 iyul kuni soat 15:30 ga belgilangan. Ishni sudya Anvar Hamroyev ko‘rib chiqadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter