Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Orol dengizi mintaqasini tiklash bo‘yicha rejalar e’lon qilindi — Jahon banki

Orol dengizi mintaqasini tiklash bo‘yicha rejalar e’lon qilindi — Jahon banki

2021-yilgi Butunjahon ilg‘or texnologiyalar bo‘yicha tanlovda Orol dengizi mintaqasini tiklash bo‘yicha innovatsion rejalar e’lon qilindi.

Asalarichilikni rivojlantirishga ko‘maklashadigan gul plantatsiyalari, ayollarni tabiiy resurslarni boshqarishga o‘rgatish, sho‘rlangan yerlarni tiklash bo‘yicha loyiha – bu Orol dengizi mintaqasida yerlarni tiklash – 2021-yilgi Butunjahon ilg‘or texnologiyalar tanlovida bosh sovrinni qo‘lga kiritgan ilg‘or innovatsiyalarning bir qismigina xolos.

Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi matbuot xizmatining «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, 9-aprel kuni Jahon banki tomonidan Global Landshaft Forumi (GLF), Qozog‘iston-Germaniya universiteti (DKU) va Plug and Play (P&P) innovatsion kompaniyasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan virtual marosim paytida to‘rt nafar g‘olib e’lon qilindi.

Tanlovga beshta qit’adagi 28 mamlakatdan 159 ta taklif kelib tushdi. Arizalarning yarmidan ko‘pi Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelgan. Jahon banki va hamkor tashkilotlardan bo‘lgan 42 nafar dunyoning yetakchi mutaxassislari taqdim etilgan materiallarni baholab, 24 ta loyihani tanladilar.

Bir paytlar kattaligi bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi ko‘l bo‘lgan Orol dengizi bugungi kunda deyarli yo‘q bo‘lib ketdi. 2020 yil noyabr oyida boshlangan ilg‘or texnologiyalar tanlovi Orol dengizi mintaqasida yerlarning tanazzulga uchrashi va cho‘llanishga qarshi kurashish bo‘yicha ilg‘or g‘oyalarni aniqlashga qaratilgan. Jahon banki va uning hamkorlari ko‘magida Qozog‘iston va O‘zbekiston hukumatlari Orol dengizining qurishi natijasida kelib chiqqan ekologik zararni kamaytirish borasida katta yutuqlarga erishmoqdalar.

Butunjahon ilg‘or texnologiyalari tanlovining g‘oliblari:

⦁ Qishloq xo‘jaligi va yer resurslarini boshqarish: Quruq sho‘rlangan yerlarni barqarorlashtirish uchun mahalliy cho‘kindi jinslar va chiqindilarni ishlatishga asoslangan NETICS B.V. (Gollandiya) tomonidan ishlab chiqilgan yerni tiklash jarayoni. Kompaniyaning patentlangan GEOWALL®  texnologiyasi shikastlangan Orol dengizi havzasidan zaharli tuproqlarning shamol orqali tarqalishining oldini olishga mo‘ljallangan.

⦁ Barqaror o‘rmonchilik: O‘zbekistonlik Natalya Akinshina va Azamat Azizovlar tomonidan ishlab chiqilgan «Orol asal bog‘lari» loyihasi asalarichilikni rivojlantirish uchun gulli daraxtlarni ekishni nazarda tutadi, bu esa o‘rmonlarni tiklash bilan bir qatorda aholini yangi ish o‘rinlari va daromadlar bilan ta’minlaydi.

⦁ Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish: Xayriniso Rasulova, Muyassara Boboxonova, Shohida Tuliyeva va Farzona Mahmudova tomonidan taqdim etilgan Ayollar suv forumining (Tojikiston) tashabbusi onlayn texnologiyalar, murabbiylik hamda suv va yer resurslarini boshqarish sohasida o‘qitish orqali qishloq ayollarining imkoniyatlarini kengaytiradi. Loyiha Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistondagi tashabbuslar bilan hamkorlik qilishni maqsad qilgan.

⦁ Axborot va bilim: kartECO – Ekologik va energetic muhandislik bo‘yicha konsultatsiya (Gretsiya) tomonidan ishlab chiqilgan yaylovlarni barqaror boshqarish uchun Sentinels ilovasi  — bu bulutli onlayn-tizim bo‘lib, u Markaziy Osiyoda o‘tloqlarni saqlab qolish va yaylovlarni yo‘q qilishga qarshi kurashishga qaratilgan.

Orol dengizini tiklashda qo‘shgan hissalari uchun tanlov g‘oliblari 5000 AQSh dollari miqdoridagi pul mukofoti va murabbiylik dasturida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Tanlovda ikkinchi o‘rinni egallagan loyihalarning har biri 1000 dollar oldi va «Yangi yulduz» nominatsiyasida taqdirlandi:

⦁ Qishloq xo‘jaligi va yer resurslarini boshqarish. Suvni tejash hamda yer va tuproqni shamollatish uchun ozuqaviy gidrogel (Qirg‘iziston)

⦁ Barqaror o‘rmonchilik. Urug‘ ichidagi dengiz: yerlarni tiklash uchun agro-o‘rmonchilik sohasidagi regenerativ yechimlar (O‘zbekiston)

⦁ Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish. «Markaziy Osiyo yeri va suvi» YouTube kanalida Orol dengizi havzasi haqidagi yangiliklar (Germaniya)

⦁ Axborot va bilim (jamoaviy). Ekinlarning unib chiqishini baholash va ularning sifatini nazorat qilish uchun dronlar yordamida tanazzulga uchragan yerlarni masofadan turib zondlash (Qozog‘iston); yer va suv resurslarini yaxshiroq boshqarish uchun ochiq axborot xizmatlarini taqdim etadigan PRO-access texnologiyasi (Niderlandiya).

Tanlov haftaligiga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida xalqaro ekspertlar 24 nafar final ishtirokchilari uchun biznes va netvorking masalalari bo‘yicha qator virtual davra suhbatlari, ma’ruzalar va munozaralar o‘tkazdilar.

«Ushbu kreativ g‘oyalar Orol dengizi havzasining tiklanishiga yordam beradi. Ular barchamiz bu dunyoni o‘zgartirishga, shu jumladan iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq jiddiy global muammolarga qarshi turishga qodir ekanligimizni tasdiqlaydi», — dedi Barbara Yanush-Pavletta, Qozog‘iston-Germaniya universitetining xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring