Onkologlar meni «o‘ldirdi», nafaqadagi feldsher esa hayotga qaytardi
Bugun tahririyatimizga kelib tushgan ham norozilik, ham shukronalik ruhidagi quyidagi maktubni o‘z ishiga va inson hayotiga mas’uliyatsiz qarovchi ayrim shifokorlarga bir ogohlantirish, qandaydir og‘ir dardga chalinib, mo‘jiza tufayli tuzalib ketish ilinjida yotgan xastalarga umid shamchirog‘i sifatida havola etishni joiz topdik.
XALOSKORIM
Men Safarova Sharbat 1962-yilda tug‘ilganman. Surxondaryo viloyatining Qiziriq tumani Bag‘ri keng mahallasida yashayman. Allohim menga dard berdi: chap jag‘im shishib ketib, tomog‘imdan umuman ovqat o‘tmay qoldi, faqat zo‘rg‘a suv ichaman. Keyin akam bilan erim meni Termizdagi onkologiya dispanseriga olib borib, yotqizishdi (12.07.2013-yil), ular menga saraton tashxisini qo‘yib, davolashga kirishdi, hamma usullarni qo‘llab ko‘rishdi: ximiya ham oldim, lekin bez borgan sari kattalashaverdi. Shundan so‘ng dispanser xodimlari menga Toshkentdagi Respublika onkologiya ilmiy markaziga yo‘llanma berishdi. Bir ahvolda zo‘rg‘a markazgacha yetib oldim, biroq ular meni qabul qilishmadi. Natijada turmush o‘rtog‘im meni qaytarib olib ketishga majbur bo‘ldi. Xullas, ovorayi sarsongarchilik…
Uyga bir ahvolda yetib keldim, yurolmayman, og‘riqning kuchliligidan o‘zimni qo‘yarga joy topolmayman. Yaqinlarimdan do‘xtir chaqirishlarini iltimos qilaman. Oxiri, ular do‘xtir chaqirishdi, ammo u ham ukol qilmadi. Bir sutka baqirib chiqdim. 90 yoshli onaizorim yonimda, mening ahvolimni ko‘rib qon qaqshab, titraydi. «Navbat meniki-ku, sendan oldin men o‘lay», deb Xudoga yolvoradi.
Allohning mo‘’jizasini qarang, ertasiga 70 yoshli nafaqadagi feldsher Oltiyev bobo (maktub qo‘lyozma shaklida bo‘lgani uchun otaxonning ismi yoki familiyasi xato ketgan bo‘lsa, uzr so‘raymiz) men haqimda eshitib, ko‘rgani kelibdi. Qiynalayotganimni ko‘rib, onamdan ukol qilaymi, deb so‘rabdi. Onam esa, iltimos, yordam qiling, deb yalinibdi.
Bobo avval issig‘imni, qon bosimimni o‘lchab, keyin muolajani boshladi. Uch soat yonimdan jilmay o‘tiribdi, bu vaqtda men uxlab qolibman. Tinchiganimni ko‘rgan qizlarim-o‘g‘illarim yig‘lab, tepamga yig‘ilib kelishibdi. Shunda Oltiyev bobo «Onang o‘lmaydi, u uxlayapti», deb ularni tinchlantiribdi. Keyin kelinimni, ikki qizimni chaqirib, «Onangga tarvuz suvidan 5 litr ichirasizlar, men ertaga obedda kelaman», deb tayinlab tashqariga chiqibdi.
Uni darrov mening va erimning og‘a-inilari o‘rab olishibdi. Oltiyev bobo: «Sharbat o‘lmaydi, u yashaydi», debdi baralla. Keyin u uyiga ketibdi.
Mening 4 nafar qaynog‘am bor. Shunda ulardan biri Oltiyev boboni so‘rab-surishtirib, u necha yil o‘qigan deb so‘rabdi. Unga javoban biri: «U feldsher bo‘lsa, 2 yil o‘qigan-da», deb javob bersa, savol bergani: «Unda vrachlar necha yil o‘qiydi, demak, ular bizni 7 yil o‘qidik deb aldasharkan-da», debdi.
Ertasi kuni tushlik paytida Oltiyev bobo yana kelib, erimning og‘alarini ketinglar deb urishibdi. Keyin qizlarimdan «Onangga necha litr tarvuz suvi ichirdinglar?» deb so‘rabdi. Ular 3 litr deyishsa, bu oz deb koyibdi.
Oltiyev bobo o‘z muolajasini boshlagach 3 kunda oyoqqa turdim. Keyin u meni tuman kasalxonasiga olib borib, yarim litr qon quydirdi. Ikki kundan so‘ng yana yarim litr... Xullas, 10 kun davoladi. Shundan so‘ng tekshirtirsak, bez yo‘q bo‘lib ketibdi.
Yaratganga shukr, 7 yildan beri yashayapman, kenja o‘g‘limni uylantirdim. Akam Termizga borib, meni davolagan vrachga barini aytibdi. U hayron qolib, bo‘lishi mumkin emas, deb ishonqiramabdi.
Bor haqiqat shu…
Men Oltiyev boboga ta’zim qilaman, u kishidan umrbod minnatdorman. Agar haqiqat bor bo‘lsa, u insonga «Xaloskor unvoni» berishlaringizni iltimos qilaman deb, Sharbat Safarova.
Sizlarni ishonmaydi deb shifokorlar qo‘ygan tashxis va xulosalar qog‘ozi hamda ma’lumotnoma nusxalarini yuboryapman.
* * *
Kasbimiz taqozosidan asosan tani xasta, dili xasta insonlar bilan muloqotda bo‘lamiz. Ular orasida mas’uliyatsiz, bilimsiz, tajribasi yo‘q yoki qo‘pol muomalali, cho‘ntagiga «pul solsanggina» qaraydigan shifokorlardan, yana eshigiga yaqinlashib bo‘lmaydigan, «pul tutsanggina», qabul qiladigan shifoxona va klinikalardan shikoyat qiladiganlar juda ko‘p. Biroq bu shikoyatlarni eshitadiganlar juda kamligi yomon-da…
Shohida Isroilova, jurnalist
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter