Oltovlon va yettinchi. Ohangaronda raqamlar nima deydi?
Joriy yilning 27-fevral kuni Prezident boshchiligida import hajmini qisqartirish, mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish va eksportni rag‘batlantirishga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida shu haqda ta’kidlangan edi. Unda davlatimiz rahbari joylarda eksport masalasini tanqidiy baholab, import tovarlarning ortib borayotganini, mahalliylashtirish dasturi sust borayotganini qayd etib, bir qator vazirlik va hokimliklar zimmasiga tegishli vazifalar yuklangandi. Unga ko‘ra har bir tuman, shahar o‘z imkoniyatlarini o‘rganib, eksport salohiyatini oshirishga jiddiy e’tibor qaratishi belgilangandi.
Xo‘sh, bu borada Ohangaron shahrida ishlarning borishi qanday?
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, shaharning jami yillik hududiy eksport rejasi 415,0 ming AQSh dollari bo‘lib, shundan yilning birinchi choragi uchun reja 108,1 ming AQSh dollari belgilangan bo‘lsa-da, amalda 134,7 ming AQSh dollariga teng sanoat mahsulotlari eksporti amalga oshirildi. Joriy yilda 13 ta loyiha ustida ish olib borilmoqda. Shundan 11 tasi aynan sanoat yo‘nalishidadir. Ularning ishga tushirilishi natijasida mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari tashkil topadi. Albatta, bu kichik yoki faqat qog‘ozda qolib ketayotgan raqam emas. Bularning bari amalda o‘z isbotini topadi.
Bugungi kunda shaharda oltita korxona eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarmoqda. Bular «Ohangaronshifer» AJ, «Ohangaron xrizotel» MChJ, «Trend Teks» MChJ, «Rubber Texnikal Produkt» MChJ, «Ohangaron Kombikorm» MChJ, «Ohangaron Pokizaxon» MChJ korxonalaridir. Kuni kecha mazkur yo‘nalishdagi korxonalar soni yettita bo‘ldi. Gap xitoylik sarmoyador tomonidan barpo etilgan «Limaks Gold Tekstil» MChJ XK haqida ketmoqda.
Maxsus industrial zonada ish boshlagan «Limaks Gold Tekstil» MChJ yuqori texnologiya asosida ishlaydi. Uning jahon standartlariga mos keladigan yuqori darajadagi energiya tejamkor uskunalari yanada diqqatga sazovor. 180 ga yaqin yoshlar mehnat qilayotgan korxona kuniga 36-40 mingtacha paypoq ishlab chiqarmoqda. Loyiha to‘laligicha ishga tushirilishi uchun xitoylik sarmoyador tomonidan 3 million dollarlik investitsiya kiritilgan.
Behzod Qobulov,
«Xabar.uz»ning Toshkent viloyati bo‘yicha maxsus muxbiri
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter