Olti million — ko‘p, ammo...
O‘tgan 2018-yili Davlat xizmatlari markazlari orqali 6 milliondan ortiq xizmat ko‘rsatildi. Bu juda katta raqam, ayniqsa, 2017-yilga solishtirganda. Ammo ana shu olti millionning ichida davlat xizmatini Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali elektron shaklda olganlar salmog‘i 21 foizdan sal oshdi, xolos. Agar ayni paytda mamlakatimizda internetdan foydalanuvchilar soni aholining 60 foizidan ko‘pligi inobatga olinsa (20 million nafarga yaqin foydalanuvchi) bu qoniqarli ko‘rsatkich emas.
Shu o‘rinda eslatma, bugungi kunda barcha faoliyat turlarini o‘z ichiga qamrab olgan 70 ga yaqin davlat xizmatlaridan onlayn tarzda foydalanishingiz mumkin. Ijtimoiy sohadan tortib, to tadbirkorlik faoliyatigacha.
Qimmatli vaqtingizni yo‘l va navbatlarga sarflab nima qilasiz?! Elektron xizmatlar — oson va qulay. Davlat bojlarini esa endilikda «Payme» va «Upay» kabi to‘lov tizimlari orqali amalga oshirish mumkin. Tez orada bu safga «Click» tizimi ham qo‘shiladi.
Zarur bo‘lgan davlat xizmatlaridan masofadan turib foydalanish uchun Siz eng yaqin joylashgan Davlat xizmatlari markazidan elektron raqamli imzo (ERI) olishingiz kerak bo‘ladi. Ushbu imzo xizmatdan foydalangangizda shaxsingizni tasdiqlash uchun lozim.
Bundan tashqari, bugungi kunda bir qator xizmatlarni olish uchun ERI ham talab etilmaydi. Masalan, STIR raqamini aniqlash xizmati. Ammo ko‘plar bu qulaylikdan bexabar. Masalan, 2018-yil mobaynida Davlat xizmatlari markazlariga STIR olish uchun 521 950 marotaba murojaat bo‘lgan, 21 540 holatdagina yurtdoshlarimiz o‘z STIR raqamlarini onlayn orqali bilib olishgan...
YaIDXP orqali soliq to‘lovchi o‘z identifikatsiya raqamini aniqlashga 1-2 daqiqa sarflaydi, xolos. Buning uchun portalda ro‘yxatdan o‘tib, pasport seriyasi va raqami kiritilsa kifoya.
Do‘stlar! Biz davlat xizmatlarini olish jarayonlarini Sizlar uchun oson bo‘lishini ta’minlashga intilamiz. Biz Sizlar uchun har doim ochiqmiz va barcha savollaringizga javob berishga tayyormiz.
Boshlangan 2019-yil oldimizda yanada yuksak marralar va masalalarni qo‘ymoqda. Ular joriy yilda sohada amalga oshiriladigan islohotlarda ham o‘z aksini topgan.
Shunday qilib, 2019-yil Agentlik uchun «Qulay, ochiq, xalqqa yaqin xizmatlar» davri bo‘lib qolishiga ishonchimiz komil.
Ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarimizni kuzatib boring, davlat xizmatlarini onlayn shaklda olishni o‘rgatuvchi videoroliklarni taqdim etib boramiz.
Davlat xizmatlari agentligi
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter