Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Olmazorda yangi kutubxona ochildi

Olmazorda yangi kutubxona ochildi

Poytaxtimizning Olmazor tumanidagi «G‘alaba» mahalla fuqarolar yig‘inida «Kitob va kitobxonlik inson ma’naviyatining ko‘zgusi» shiori ostida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi, «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati hamda tuman hokimligi hamkorligida madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Unda olimlar, ziyolilar, bolalar yozuvchilari, shoirlar, el suygan san’atkorlar, nuroniy otaxon va onaxonlar, yoshlar ishtirok etdi. Tadbirda so‘zga chiqqanlar mamlakatimizda kitobxonlikka qaratilayotgan e’tibor, yoshlarni kitobga mehrini oshirish borasidagi sa’y-harakatlarga to‘xtalib o‘tib, bunga yoshlarimiz ham munosib javob qaytarayotganliklarini, bunyod etilayotgan ma’rifat o‘choqlari — kutubxonalar aholi ma’naviy olamini yana-da boyitishga, farzandlarimizni ezgu g‘oyalar asosida, kitobga mehrli etib tarbiyalashda yaqindan ko‘mak berishini e’tirof etishdi.

Tadbir bahonasida mazkur ko‘rkam va zamonaviy kutubxona fondiga yuzga yaqin o‘zbek va jahon adabiyoti durdonalaridan iborat qariyb 1000 dona badiiy kitoblar sovg‘a qilindi.

Madaniy-ma’rifiy tadbirda Olmazor tumani hokim o‘rinbosari Ziyodulla Sa’dullayev, «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari, falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedova, O‘zbekiston xalq artisti Gavhar Zokirova, yuridik fanlari doktori, professor Feruza Muhitdinova, Yunus Rajabiy nomidagi maqom ansambli xonandalari Adolat Ismoilova «Muqimiy» nomidagi o‘zbek davlat musiqali drama teatri xonandasi Baxtiyor Ahmedovlar ishtirok etdi. Ularning chiqishlari madaniy-ma’rifiy tadbirga ko‘tarinki kayfiyat baxsh etdi.

Shuningdek, ziyolilar, olimlar tadbir davomida mamlakatimizda kezib yurgan yangilanish nafasi, izchil islohotlar ortida turgan inson manfaati, olib borilayotgan obodonchilik ishlari har bir yurtdoshimizning ko‘ngliga ko‘chayotgani haqida alohida to‘xtalib o‘tishdi.

Shundan so‘ng bolajonlar tomonidan ajoyib raqslar, she’r va masallar ijro etildi.

Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, Olmazor tumanidagi o‘tkazilishi belgilangan bu kabi ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari joriy yilning yakuniga 12 ta yo‘nalish bo‘yicha tashkil etiladi. Shuningdek, 33 ta turli ma’naviy-ma’rifiy va madaniy tadbirlar doirasida 20 000 nafardan ortiq aholi qamrab olinadi. Tumanda tashkil etilayotgan har bir tadbir davomida aholi kayfiyatini ko‘tarish, hududda ijtimoiy-ma’naviy holatni yana-da yaxshilash, yoshlarni milliy qadriyatlar asosida Vatanparvarlik ruhida tarbilashga alohida e’tibor qaratiladi.

«Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati Axborot xizmati

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring