Oliy sud hokimlarning ayrim vakolatlari qisqartirishni taklif qildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga «Mulkdorlar huquqlari va qonuniy manfaatlari kafolatlari yanada kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ko‘rib chiqish uchun kiritildi.
Oliy sud tomonidan qonunchilik huquqi tashabbusi asosida taqdim etilgan ushbu qonun loyihasi mulkdorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarining kafolatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan.
Qonun loyihasida yer uchastkalarining hokimlar tomonidan olib qo‘yilishiga ta’qiq belgilash, yer uchastkasiga egalik qilish va undan foydalanish, shuningdek, yer uchastkasini ijaraga olish huquqini tugatish bo‘yicha ularning vakolatlarini cheklash taklif etilmoqda.
Yer uchastkalarini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun, shuningdek, investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun olib qo‘yish vakolatini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga berish nazarda tutilmoqda.
Yana bir ahamiyatli jihati, hech kim sud qarorisiz mulk huquqidan mahrum qilishga yoki uni cheklab qo‘yishga haqli emasligi qonunda mustahkamlab qo‘yilyapti.
Xususiylashtirilgan xususiy mulk bo‘lgan yer uchastkasini olib qo‘yish, basharti u natsionalizatsiya qilinadigan bo‘lsa, faqat davlat va jamoat ehtiyojlari uchun hamda yer uchastkasi mulkdorining roziligi olinganida, xususiylashtirilgan yer uchastkasining shartnoma qiymati va boshqa zararlarning o‘rnini davlat tomonidan oldindan qoplash sharti bilangina, basharti u rekvizitsiya qilinadigan bo‘lsa, xususiylashtirilgan yer uchastkasining mulkdoriga yetkazilgan zararlar va boshqalarning o‘rnini qoplash sharti bilan amalga oshirilishini nazarda tutish taklif etilmoqda.
Albatta, bularning barchasi mulkdorlar huquqlarini himoya qilishda muhim o‘rin tutadi.
Ayni paytda qonun loyihasi Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqish uchun mas’ul qo‘mita tomonidan tayyorlanmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter