«Obod qishloq» dasturi mablag‘larini talon-taroj qilgan rahbarlarga jazo tayinlandi
Farg‘onada budjet va «Obod qishloq» dasturi uchun ajratilgan katta miqdordagi mablag‘larni talon-toroj qilgan yo‘l korxonasi rahbarlariga sud tomonidan tegishli jazo tayinlandi. Bu haqda «O‘zA xabar berdi.
Guruch kurmaksiz bo‘lmagani kabi soha xodimlari orasida o‘z manfaati yo‘lida davlat mablag‘larini jig‘ildonidan o‘tkazib yuboradiganlari ham uchrab turadi.
Bag‘dod tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi rahbarlari Sharofiddin Kamolov, Mirzaanvar Hamdamov va bosh hisobchi Sherzod Hojimurodov ana shundaylar sirasidan.
Ular mansab vakolatlaridan foydalanib, davlat budjetining mablag‘larini maqsadli sarflash o‘rniga o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilib yuborishdi.
Sh. Kamolov mazkur lavozimda ishlab kelib, xavfli retsidivist bo‘lgan holda korxona bosh hisobchisi Sh. Hojimurodov bilan oldindan reja tuzadi.
Ular buyurtmachi «Farg‘ona mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati» davlat unitar korxonasi tomonidan Bag‘dod tumani Qatag‘on qishlog‘ida 4,2 kilometr uzunlikda ichki xo‘jalik yo‘llarini joriy ta’mirlash uchun avans tariqasida o‘tkazib berilgan 179 million 340 ming so‘m miqdoridagi budjet mablag‘laridan 105 million 453 million so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlarini bajarishgan, xolos.
Qolgan mablag‘larni to‘lov topshiriqnomalari orqali hech qanday hujjatlarsiz chiqim qilib, 63 million 434 ming so‘m ko‘p miqdoridagi budjet mablag‘larini rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilishgan. Mazkur o‘tkazilgan pullarni korxona hisobotlarida qayd etmasdan, rasmiy hujjat hisoblangan korxona hisobotlariga bila turib, soxta ma’lumotlar kiritib, «Farg‘ona mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati» davlat unitar korxonasiga taqdim qilib, davlat va jamoat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilishiga sababchi bo‘lishgan.
Bundan tashqari, Sh.Kamolov jinoiy harakatlarini davom ettirib, «O‘zyo‘l-butlash» sho‘’ba korxonasi tomonidan Buyuk Britaniyadan bojxona to‘lovlaridan imtiyoz qo‘llab import qilingan va «Obod qishloq” dasturi doirasida yo‘l qurilish ishlarini amalga oshirish uchun korxonaga berilgan umumiy qiymati 94 million 695 ming 675 so‘mlik 53 tonna 780 kilogramm bitum mahsulotini «Kokand Gold Future” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga mayda donali issiq asfalt tayyorlash uchun dalolatnoma asosida o‘tkazib beradi.
U yerda tayyorlangan 747,5 tonna 143 million 45 ming 963 so‘mlik mahsulotni ishonchnoma bo‘yicha boshqa mas’ul xodim olishi lozim bo‘lsa-da, uning nomidan imzo qo‘yib, hujjatlarni qalbakilashtirgan. «Uddaburon» rahbar 109 million 861 ming 307 so‘mlik 574,9 tonna asfalt mahsulotini korxonaga kirim qilmasdan o‘zlashtirib yuborgan.
M.Hamdamov 2018-yil 16-oktyabrdan 2019-yil 18-martga qadar Bag‘dod tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi rahbari lavozimida ishlagan.
U ham million-million pullarni oldida nafsini jilovlay olmasdan bosh hisobchi bilan til biriktiradi. Qatag‘on qishlog‘ining ichki yo‘llarini joriy ta’mirlash uchun avans tariqasida o‘tkazib berilgan 278 million 220 ming so‘m miqdoridagi budjet mablag‘idan 199 million 220 ming so‘miga qurilish-ta’mirlash ishlarini bajarib, qolgan pul mablag‘ini o‘z mansab vakolatlaridan qasddan foydalanib, to‘lov topshiriqnomalari orqali turli firmalarga o‘tkazadi.
70 million so‘m miqdoridagi budjet mablag‘larini boshqa maqsadlar uchun sarflab yuborib, davlat va jamiyat manfaatlariga ko‘p miqdorda zarar yetkazishdi.
Bu kimsalarning kirdikorlariga vaqtida nuqta qo‘yildi. Sud hukmi bilan qonunbuzarlarning har biriga o‘z qilmishlariga yarasha jazo tayinlandi. Jinoyat oqibatida yetkazilgan zarar to‘liq qoplandi.
Shuningdek ularning barchasi ma’lum muddatga muayyan huquqdan, ya’ni korxona, tashkilot hamda muassasalarda moddiy javobgarlik va mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter