Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nursulton Nazarboyev yozgan asarning Shavkat Mirziyoyevga atalgan nusxasi topshirildi

Nursulton Nazarboyev yozgan asarning Shavkat Mirziyoyevga atalgan nusxasi topshirildi

6 dekabr kuni Qozog‘iston Respublikasi Birinchi Prezidentining matbuot kotibi Aydos Ukibay tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasida o‘tgan uchrashuvda mehmon davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevga Qozog‘iston birinchi Prezidentining salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi. Shuningdek, Aydos Ukibay Nursulton Nazarboyevning «Mening hayotim. Qaramlikdan ozodlikka» nomli memuarlar kitobining O‘zbekiston Prezidenti uchun atalgan muallif dastxati qo‘yilgan nusxasini topshirdi.

Tarixiy jarayonlar va shaxsiy munosabatni o‘zida mujassamlashtirgan kitobda Nursulton Nazarboyev o‘zining hayotiy yo‘li, mamlakatning shakllanish va rivojlanish davri to‘g‘risidagi xotiralari bilan o‘rtoqlashadi. Respublikaga rahbarlik qilgan oxirgi o‘n yilliklardagi voqealarga baho beradi.

Kitob qahramonlari orasida muallif siyosiy maydonda kesishgan taniqli siyosatchilar ham bor. Qozog‘istonning birinchi Prezidenti davlat va hukumatlar rahbarlari, boshqa mashhur shaxslar bilan munosabatlarini ta’riflaydi.

Nursulton Nazarboyev O‘zbekiston yetakchisi, «atoqli siyosiy arbob Shavkat Mirziyoyev»ni alohida qayd etadi. Kitobda davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan, mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatini oshirishga xizmat qilayotgan  islohotlar yuksak baholangan. Qozog‘iston bilan har tomonlama aloqalar yanada jadal rivojlana boshlangani, Shavkat Mirziyoyev Prezident sifatidagi faoliyatining ilk kunlaridanoq qardosh mamlakatlar bilan hamkorlikni mustahkamlayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring