Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Notariuslikka tayinlash bo‘yicha tanlov o‘tkazish tartibi belgilandi

Notariuslikka tayinlash bo‘yicha tanlov o‘tkazish tartibi belgilandi

Adliya vaziri buyrug‘i bilan Notarius lavozimiga tayinlash bo‘yicha tanlov o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.

Nizomga muvofiq, tanlov notarius lavozimi bo‘sh bo‘lganda yoki qo‘shimcha notarius lavozimi ta’sis etilganda o‘tkaziladi.

Tanlov jarayoni audio va videoyozuvlarda qayd etib boriladi hamda Adliya vazirligining rasmiy veb-saytida translyasiya qilinadi.

Notarius lavozimi bo‘shaganligi to‘g‘risidagi xabarnoma olingan yoki qo‘shimcha notarius lavozimi ta’sis etilgan kundan boshlab yetti ish kuni ichida «Inson va qonun» gazetasida hamda Adliya vazirligining rasmiy veb-saytida tanlov o‘tkazish to‘g‘risida e’lon beriladi.

Tanlovda yigirma besh yoshdan kichik bo‘lmagan, oliy yuridik ma’lumotga, yuridik mutaxassislik bo‘yicha kamida uch yillik ish stajiga ega bo‘lgan, shu jumladan notarial idorada kamida bir yil stajirovka o‘tagan (ilgarigi ikki yil bo‘lgan), malaka imtihonini topshirgan O‘zbekiston fuqarosi ishtirok etishi mumkin.

Bunda, sudyalik lavozimida kamida besh yil ishlagan yoki notarius yordamchisi yoxud adliya organlarining notarial faoliyatga rahbarlik qilish va ushbu faoliyatni nazorat qilish bilan bog‘liq lavozimlarida kamida uch yil ishlagan shaxslar uchun stajirovkadan o‘tish talab qilinmaydi.

Talabgor Adliya vazirligiga hujjatlarni elektron shaklda taqdim etadi. Ilgari hujjatlar bevosita yoki tegishli adliya boshqarmasi orqali taqdim etilgan.

Hujjatlar talablarga muvofiq bo‘lmaganda yoki hujjatlarni taqdim etishning oxirgi sanasi tugagandan keyin taqdim etilganda talabgorga hujjatlar qaytarib yuboriladi.

Talabgor tanlov o‘tkaziladigan kundan kamida besh kun oldin bu haqida xabardor qilinadi.

Tanlov suhbat tarzida davlat va jamiyat qurilishi hamda ijtimoiy-siyosiy sohadagi islohotlar, fuqarolik huquqi hamda notariat sohalari bo‘yicha o‘tkaziladi. Ilgari yozma-og‘zaki ravishda o‘tkazilgan.

Savollarga tayyorlanish uchun talabgorlarga 20 daqiqagacha vaqt ajratiladi hamda tanlovga uyali telefon, boshqa aloqa va telekommunikatsiya vositalari, kitob va shpargalkalar olib kirish hamda ulardan foydalanish taqiqlanadi.

Tanlov natijasiga ko‘ra eng ko‘p ball olgan talabgor tanlovda g‘olib deb topiladi.

Ballar teng bo‘lib qolganda, tanlov g‘olibi eng ko‘p bir xil ball olgan talabgorlar orasidan komissiya a’zolari tomonidan ovoz berish yo‘li bilan aniqlanadi.

Tanlov g‘olibi bilan mehnat shartnomasini tuzish va uni notarius lavozimiga tayinlash tegishli hududiy adliya organining buyrug‘i bilan amalga oshiriladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring