Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nodavlat tibbiyot muassasalariga ishga qabul qilish tartibi o‘zgardi — Farhod Rahimqulov

Nodavlat tibbiyot muassasalariga ishga qabul qilish tartibi o‘zgardi — Farhod Rahimqulov

Foto: SSV matbuot xizmati

Prezidentimizning shu yil may oyidagi «Sog‘liqni saqlash sohasini kompleks rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, 2021 yil 1 iyuldan boshlab ish staji besh yil bo‘lmagan oliy ma’lumotli tibbiyot xodimlarini nodavlat tibbiyot tashkilotlariga ishga qabul qilish bilan bog‘liq talablar davlat tibbiyot muassasalariga tenglashtiriladi.

Mazkur qarorning ushbu bandiga oydinlik kiritish maqsadida SSV matbuot xizmati vazirlikning Litsenziyalash va akkreditatsiyalash boshqarmasi boshlig‘i Farhod Rahimqulovga murojaat qildi:

— Bu qarorning nodavlat tibbiyot tashkilotlariga ishga qabul qilish bilan bog‘liq 12-bandi tibbiyot sohasida kadrlar bandligini ta’minlash va tibbiyot oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarining mehnat bozoridagi tanlov imkoniyatini oshirish bo‘yicha katta qadam bo‘ldi, — deydi F. Rahimqulov. — Avval nodavlat tibbiyot muassasalariga ishga kirish uchun shifokorda   malaka toifasi bo‘lishi talab etilardi. Buning uchun kamida 5 yil tibbiy faoliyat bilan shug‘ullanish lozim edi. Bundan o‘z-o‘zidan ko‘rinadiki, oliy o‘quv yurtini endi tugatgan yosh mutaxassis xususiy shifoxonada ish boshlay olmasdi. Davlat tibbiyot muassasalarining shtatlar imkoniyati ham barcha bitiruvchilarni ish bilan ta’minlashda qiyinchilik tug‘dirar edi.

2021 yil 1 iyuldan ushbu murakkabliklarga chek qo‘yiladigan bo‘ldi. Ya’ni nodavlat tibbiyot muassasasi biror yosh mutaxassisning bilim va malakasiga ishonch bildirib, uni ish bilan ta’minlamoqchi bo‘lsa, ulardan malaka toifasi talab qilinmaydi. Mutaxassis ish boshlaganidan so‘ng, vaqti kelganida shu ish joyida ishlab turib ham malaka toifasini olishi mumkin. Xullas, endi tibbiyot muassasasining mulkchilik shakli yosh mutaxassislarni ishga qabul qilishga to‘siq bo‘la olmaydi.

Qayd etilishicha, Prezidentning 2017  yil  1  apreldagi «Sog‘liqni saqlash tizimining xususiy sektorini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan,  xususiy tibbiyot tashkilotlari qariyib 130 yo‘nalishdagi  tibbiy ixtisosliklar bo‘yicha litsenziya olishlariga imkon yaratildi. Bundan avval ular atigi 50 turdagi  tibbiy xizmat ko‘rsatish huquqiga ega edi.

Ayni paytda mamlakatimizda  6,5 mingdan ziyod xususiy tibbiyot muassasalari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Shuningdek, «Sog‘liqni saqlash sohasini kompleks rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident qarorida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatiga nodavlat tibbiyot tashkilotlari faoliyatini tashkil etishda bino va inshootlarga belgilangan sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlarini xalqaro standartlardan kelib chiqib, qayta ko‘rib chiqish belgilandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring