Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hammaga kerak ma’naviyat yoxud «Nima(ga) kerak ma’naviyat?»dan uqqanlarim

Hammaga kerak ma’naviyat yoxud «Nima(ga) kerak ma’naviyat?»dan uqqanlarim

Illyustrativ surat.

Foto: «Xabar.uz»

«Xabar.uz»da e’lon qilingan, ayni paytda davom etayotgan Blogerlar chempionatining 1-bosqichida eng yuqori baho olgan «Nima(ga) kerak ma’naviyat?» nomli blogpostga Irgash Daminov ismli muallif munosabat bildirdi. Portalimizning «Telegram»dagi manziliga kelib tushgan mazkur munosabatda o‘zini «havaskor bloger» (aynan ko‘shtirnoq bilan yozilgan) deya ko‘rsatgan muallif rasmiy  lavozimini ma’lum qilish haqidagi so‘rovimizni rad etdi. Quyida maqolani juz’iy tahrir bilan e’tiboringizga havola qilmoqdamiz.


Rivoyatlarda keltirilishicha, payg‘ambar Ibrohim ota-bobolari diniga e’tiqod qilishni istamadi. Butlarni tan olmadi. U savol bera boshladi: kim kuchli? Zero, eng qudratli zotgina Allohdir. U kuydiruvchi quyoshni, vayronkor shamolni, ofatlar keltiruvchi bulutni, yer qozig‘i tog‘ni... kuzatdi — ularning hech biri Alloh emas. Chunki ularning nozik — zaif nuqtasi bor: bulut yerdan quyoshni to‘sgani bilan shamol oldida ojiz; shamol qudratli, ammo toqqa kuchi yetmayapti; tog‘ baland, purviqor, lekin kichikkina sichqon uni ich-ichidan kemirmoqda. Tog‘ esa harakatsiz, imkonsiz. Shunda angladiki, bularning barchasini yaratgan zot — Alloh boshqa. U ulug‘ va qudrat egasidir. E’tibor qiling, Ibrohim xalilulloh Allohni aqli bilan, farosati bilan tanidi.

Aql nima? Aql — ne’mat. Shunday ne’matki, u bilan tafakkur qilinadi, xulosalar chiqariladi. Ammo xulosalar turfa. Demak, masalaga yondashuv har kimda har xil. Kimdir faqat dunyo yomonliklarini ko‘radi, xolos. Boshqasi uni yaxshiliklar uyi sifatida tasavvur qiladi. Umrguzaronlik ham shunga muvofiq.

Keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoq orqali ma’naviyatdan «nolish» kuzatilmoqda. Emishki, ma’naviyat — «pusulmonchilik», «po-kommunisticheski»ning yangilangan shakli. Shuningdek, qorin och joyda, muhtojlik makonida ma’naviyatga o‘rin yo‘q. Vaholanki, ta’limda uyulib qolgan «bir uyum muammo», amaldorlar to‘playotgan «afshor pullar», yuqori darajadagi migratsiyani jozibador qilib ko‘rsatayotgan, go‘zal shaklda yashirayotgan — «avom uchun bir aldov» ayni ma’naviyatdir.

Shu o‘rinda o‘ylab qolasan kishi. Shiroqni dushman qarshisiga to‘qlik olib chiqqanmidi? Uning yuksak vatanparvarligi uchun manba ma’naviyat emasmidi? Buyuk faqih Ahmad ibn Hanbal unga taklif etilgan lavozimni qabul qilmagani tufayli azoblanganida, chingiziylarning har qancha va’dasidan, imtiyozlaridan yurt uchun o‘limni afzal bilgan Najmiddin Kubro dushman bayrog‘ini mahkam ushlagancha jon berayotganida nimani o‘yladi ekan? Bosh vazirlikdan — cheksiz imkoniyatlaru imtiyozlardan voz kechib, ozorli, aftodahol xalqqa yuzlangan Shahobuddin Umar Suhravardiy-chi? Bu zot mo‘g‘ullar bosqinidan g‘orat bo‘lgan, yeyarga, kiyarga hech vaqosi yo‘q odamlarga ma’naviyatdan saboq bergan. Ularni vatanparvarlikka, kelajakka umidga o‘rgatgan. Ha, adashmadingiz. Ular bu zotlarni tinglagan. Aytganlariga amal qilgan. Alloma asos solgan suhravardiya kabi tariqat ahlida bir qarash bor: «To‘q bo‘lsak Allohga shukur aytamiz. Och qolganimizda esa sabr qilamiz». Shunga o‘xshash yana bir fikr bor: «To‘q holimizda Allohga hamd aytib, ochligimizda shukurda bo‘lamiz». Endi ayting-chi, bunga odatlangan ko‘ngil isyon qiladimi? Bunyodkorlik orzusi bilan yashamaydimi?

Yana noto‘g‘ri aqidali, nosog‘lom xulosali insonlardan qalbi ozurda mutafakkir jadidlarni eslang. Ular insonlarni qalb kambag‘alligi — johil boylikdan qaytarishga intilmaganmidi? Bu o‘rinda Allohning tanlangan insonlari — payg‘ambarlar emas, balki oddiy, sizu bizdek, faqat ma’naviyati bir qadar yuksakroq insonlar misol keltirildi.

Tarixdan ma’lum, boylik va kambag‘allik ko‘p va xo‘p muhokama qilingan. Kimdir boylikni yoqlagan, boshqasi undan ajaldan qochgandek yiroqlashishga uringan. Haddan ortiq molu dunyoning mas’uliyatidan qo‘rqqan. Binobarin, g‘ariblik — og‘ir dard. Uni his qilgan biladi. U erkakni zaif, zabonni bezabon, tik boshlarni egik, mag‘rur qadni dol qiladi. Shunday bo‘lsa ham yuksak axloq egalari ko‘pincha kambag‘allikni ixtiyor qilganlar. Buning chin sababi — yuksak ma’naviyat. Fariduddin Attorni eslang. Zero, kambag‘allikdan ko‘ra boy bo‘lishning mas’uliyati ko‘proq. Rohati ko‘pdiru, ammo to‘g‘ri sarflanmagan boylikning azobi ham alamliroq. Buni anglagan — ma’naviyat ahlidan. Keksalarning duosida kelganidek, «Alloh boylikni, farzandni bersinu, mehrini bermasin!». Haqiqatda, mehrga to‘yingan boylik oxir-oqibat boshqalarga nasib etsa, haddan ziyod mehr ko‘rgan bola kuni kelib ota va onasini qulga aylantirishi mumkin. Baribir oxirgi xulosa shunday — boylik afzal. Faqat uning egasi ma’naviyatli bo‘lsa. Chunki bunday odam o‘zgalar dardini anglaydi, yordamga shoshiladi. Bizga shunday boylar kerak.

Yurtboshining ko‘rsatmalari sabab xalq ichiga kirilmoqda. Ko‘rganlarimiz ba’zan quvontirsa, goho ajablantirmoqda. Muhimi, buning har ikkisi ma’naviyatga olib boradi.

Ko‘rdikki, kitob kam bo‘lsa-da o‘qilmoqda, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar oz bo‘lsa ham natijasini ko‘rsatmoqda; odamlar dardidan ko‘ra shukrini ko‘proq namoyon etayotir. Hayotidan. Yurtidan. Rahbardan. Tinglanayotganidan. Muammolar yechim topayotganidan.

Bizningcha, illat izlab kimnidir tanqid qilgandan amaliy ishlarni qilishga odatlangan foydali. Yomonlagandan bir-birini fazilatlari bilan maqtash afzal.

«Obod qishloq»dan «Obod ko‘ngil» tomon boshlangan ildam harakatlar ishtirokchisi bo‘lish, har bir shukurni ham, e’tirozni ham o‘z ko‘zi bilan ko‘rish — eshitganni so‘zlash emas (hadislarda keltirilishicha, eshitganlarini so‘zlab yurish gunohkor bo‘lish uchun kifoya qilar ekan), muhtojlarga qo‘lidan kelgancha yordam ko‘rsatish — zamonaviy ziyolilar burchi.

Ey, ahli ijtimoiy tarmoq! Xalqi ichida yurgan, uning dardu g‘ami-yu quvonchiga sherik bo‘lishga urinayotgan ma’naviyatchilarni bir chetdan turib yomonlash o‘rniga Ibrohimdan meros aqlingiz, Muhammad alayhissalomdan ta’lim — ilmingiz, ajdodlarimizga xos teran, benazir yaratuvchanligingiz bilan ularga yordamga shoshiling!

Unutmang, shu yurt, shu xalq kelajagi uchun siz ham mas’ulsiz!

Irgash Daminov

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring