Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Nik Vuychich. Qo‘lsiz, oyoqsiz... 12 jasorat

Nik Vuychich. Qo‘lsiz, oyoqsiz... 12 jasorat

Foto: «Regnum»

Bugungi qahramonimizning hayoti go‘zal, ibratli, lekin xayoliy o‘tmishdan iborat afsonaga o‘xshaydi. Bir tasavvuringizga keltirib ko‘ring-a, qo‘lsiz va oyoqsiz tug‘ilgan bolakay 31 yoshida dunyoga mashhur notiq, baxtli er va otaga aylansa. Ha, bu — Nik Vuychich. U dunyoning yarmini kezib chiqdi, futbol maydonlarida chiqish qildi, 110 minglab odamlar esa Nikni jon-qulog‘i bilan tinglashdi. Axir shunday bo‘lishi mumkinmi?

Albatta, mumkin. Mana, tirik isbot turibdi-ku. Faqat buning uchun har kuni kichik bo‘lsa ham bir jasorat ko‘rsatish zarur. Quyida Nik Vuychichning 12 ta jasorati haqida so‘zlab beramiz. Ular sharofati bilan Nikning samimiy tabassumidan: «Men baxtiyorman», degan so‘zlarni o‘qiy olasiz.

Tug‘ilish

O‘tmishdagi og‘riqlardan qutulishning eng yaxshi usullaridan biri — uni minnatdorchilikka almashtirish.

1982-yil 4-dekabr. Dushka Vuychich ko‘zi yorish arafasida. Hash-pash deguncha to‘ng‘ich farzand dunyoga keladi. Eri, Boris Vuychich, tug‘uruq jarayonida qatnashmoqda.

Yelkasi ko‘rindi. Bolani ko‘rgach Borisning rangi o‘chib, tug‘uruqxonadan chiqib ketdi. Ma’lum vaqtdan so‘ng uning yoniga shifokor keldi.

«Doktor, o‘g‘limning qo‘llari yo‘qmi?» — deb so‘radi Boris. «Yo‘q. O‘g‘lingizning qo‘llari ham, oyoqlari ham yo‘q», — deb javob berdi shifokor.

Nikolas (chaqaloqqa shunday nom berishdi)ning ota-onasi «Tetra-Ameliya» sindromi haqida eshitishmagandi. Ular oyoq-qo‘li yo‘q go‘dak bilan qanday muomala qilishni bilishmasdi. Onasi 4 oy o‘g‘lini emizmadi.

Sekin-asta ota-ona Nikka ko‘nikib qolishdi¸ o‘g‘lini qanday bo‘lsa, shundayligicha qabul qilishdi, unga mehr qo‘yishdi.

Bolalik

Omadsizlik — mahoratga olib boruvchi yo‘l.

Okorochka. Nik tanasidagi yagona oyoqni shunday atadi. Bunday oyoq kafti yopishib ketgan ikki barmoqdan iborat bo‘lgani uchun, oxir-oqibat, ularni jarrohlik yo‘li bilan ajratishdi.

Biroq Nikning fikricha, uning «okorochkasi» — unchalik ham yomon emas. Ular yordamida yozishni, matn terishni (bir daqiqada 43 ta so‘z), elektr aravachani boshqarishni, skeytni itarishni o‘rganib oldi.

To‘g‘ri, hammasiga birdaniga erishgani yo‘q. Lekin vaqt-soati kelganda Nik sog‘lom tengdoshlari bilan bir safda oddiy maktabga qatnay boshladi.

Noumidlik

Orzuga erishishni istasangiz, yana bir kun, bir hafta, bir oy va yana bir yil o‘zingizni ishlashga majburlang. Taslim bo‘lmasangiz, yuz bergan voqeadan hayron qolasiz.

«Sen hech nimani bilmaysan!», «Sen bilan do‘st bo‘lishni istamaymiz!», «Sen hech kimsan!» — Nik bu so‘zlarni maktabda har kuni eshitardi.

Hammasi o‘zgardi: u o‘rgangan narsalaridan ortiq faxrlanmay qo‘ydi; endi hech qachon u bajara olmaydigan ishlar xayolidan ketmay qoldi. Ayolini quchoqlashi, farzandini qo‘liga olishi...

Bir kuni Nik onasidan uni vannaxonaga olib borishini so‘raydi. Xayoliga «Nima uchun men?» degan so‘z o‘rnashib qolgan bolakay o‘zini o‘zi cho‘ktirishga urindi.

«Ular bunga arzimaydi», — 10 yoshli Nik uni haddan tashqari yaxshi ko‘radigan ota-onasi bilan bunday qilolmasligini tushunib yetdi. Suitsid — insofsizlik. Yaqinlariga nisbatan vijdonsizlik – degan o‘yga keldi u.

O‘z-o‘zini identifikatsiyalash

Begonalar xatti-harakati va gap-so‘zlari shaxsiyatingizni belgilay olmaydi.

«Senga nima bo‘ldi?!» — Nik jahonga tanilgunga qadar unga eng ko‘p beriladigan savol shu edi.

Oyoq-qo‘lsiz yigitni ko‘rganda odamlar hayratini yashirolmasdi. Ko‘z qiri bilan qarash, orqasidan pichirlash, masxaromuz kulish — Nik bularning bariga jilmayib qo‘ya qoladi.

Hazil-mutoyiba

Iloji boricha ko‘proq kuling. Har qanday odamning hayotida qiyinchiliklar va noxushliklar bo‘ladi. Sinovlarni lan’atlamang. Sizga o‘qish va rivojlanish imkoniyatini bergani uchun hayotdan minnatdor bo‘ling. Bunda yumor tuyg‘usi yordam beradi.

Nik o‘ta hazilkash. Oyoq-qo‘li yo‘q — hayot uni «kalaka qildi», nega endi uning ustidan kulmasin?

Bir kuni Nik uchuvchining kiyimini kiyib, aviakompaniya ruxsati bilan yo‘lovchilarni kutib oldi: «Bugun samolyotni boshqarishning yangi texnologiyasini sinab ko‘ramiz... va men sizlarning uchuvchingiz bo‘laman».

Nik Vuchich bilan shaxsan tanish bo‘lgan kishilar uning o‘zgacha yumor tuyg‘usi sohibi ekanligini aytishadi. Bu fazilat esa, ma’lumki, odamning o‘ziga bo‘lgan achinish hissini yo‘qotadi.

Iste’dod

Agar juda baxtsiz bo‘lsangiz, demak, o‘z hayotingiz bilan yashamayapsiz. Iste’dodingiz belgilangan maqsad yo‘lida ishlatilmayapti.

Nik Vuychich ikkita oliy ma’lumotga ega: buxgalteriya hisoboti  va moliyaviy rejalashtirish. U muvaffaqiyatli motivatsion spiker va biznesmen. Biroq uning asosiy qobiliyati — ishontira olish. Jumladan, san’at orqali.

Nikning birinchi kitobi «Cheklovlarsiz hayot: Bema’ni yaxshi hayot uchun ruhlanish» (30 tilga o‘girilgan). 2009-yili u «Kapalaklar sirki» qisqametrajli filmida bosh rolni ijro etdi (IMDb reytingi — 8.10). Hayot mazmunini anglash haqida.

Sport

Aqldan ozganlik — bu daholik: tavakkalga qo‘l urgan har qanday kishi atrofdagilar nigohida tentak yoki zo‘r iste’dod sohibi sifatida gavdalanadi.

«Telba», — deb o‘ylaydi ko‘pchilik serfing uchayotganda to‘lqinni izlayotgan yoki parashyutdan sakrayotgan Nikka qarab.

«Jismoniy o‘xshamaslik meni o‘zimni o‘zim cheklaganchalik cheklashini tushunib yetdim», — deb tan oladi bir kuni Vuychich va shundan buyon o‘zini hech nimadan cheklamaslikka ahd qildi.

Nik futbol, tennis o‘ynaydi, juda yaxshi suzadi.

Motivatsiya

Olamga bo‘lgan munosabatingizni masofadan turib boshqaruvchi pult deb hisoblang. Agar siz tomosha qilayotgan dastur yoqmasa, shunchaki pultni oling-da, televizorni boshqa dasturga o‘tkazing. Hayotga bo‘lgan munosabat ham xuddi shunday: natijadan qoniqmasangiz, qanday muammoga duch kelganingizdan qat’i nazar, yondashuvni o‘zgartiring.

19 yoshida Nikka o‘zi tahsil olayotgan Griffit universiteti talabalari oldida nutq so‘zlashni taklif qilishadi. Nikolas rozi bo‘ladi: chiqib o‘zi haqida qisqacha so‘zlab beradi. Ko‘pchilik auditoriyada yig‘laydi, bir qiz esa sahnaga chiqib, uni bag‘riga bosadi.

Yigit tushundiki — notiqlikka iste’dodi bor.

Nik Vuychich 45 ta mamlakatni aylanib, 7 ta prezident bilan uchrashadi, minglab tomoshabinlar oldida nutq so‘zlaydi. Har kuni intervyu va nutq so‘zlash taklifi bilan o‘nlab iltimoslar keladi. Odamlar nega uni tinglashni istaydi?

Chunki uning chiqishlari siyqasi chiqqan oddiy narsalar esa: «Muammong bormi? Qo‘ysang-chi, menga qara — na qo‘l, na oyog‘im bor, ana kimda muammo!».

Nik kulfatni taqqoslab bo‘lmasligini tushunadi, har bir odamning o‘z dardi bor: «men bilan solishtirganda sening ahvoling unchalik yomon emas» degan so‘z bilan odamlarga dalda berishga urinmaslik kerak. U shunchaki ular bilan suhbatlashadi.

Quchoq

Mening qo‘llarim yo‘q, quchoqlaganda yurakka taqaladi. Bu kishini hayajonlantiradi!

Nik qo‘lsiz tug‘ilgani uchun uni hech qachon qo‘msamaganligini tan oladi. Unga yetishmayotgan yagona narsa — qo‘l berib ko‘rishish. U hech kimga qo‘l berolmaydi.

Lekin u buning chorasini topdi. Nik odamlarni qalbi bilan... quchoqlaydi. Bir kuni Vuychich hatto quchoqlashish marafonini uyushtiradi — bir kun 1749 nafar kishini bag‘riga bosdi.

Muhabbat

Agar qalbingiz sevgiga ochiq bo‘lsa, muhabbat albatta keladi. Agar yuragingizni devor bilan o‘rab tashlagan bo‘lsangiz, ishqni xayolingizga ham keltirmang.

Ular 2010-yil 11-aprel kuni tanishdilar. Sohibjamol Kanae Miyaxarning yigiti bor edi, Nikning esa na qo‘li va, na oyog‘i. Buni bir qarashda muhabbat deb bo‘lmaydi. Bu shunchaki sevgi. Haqiqiy, chuqur ishq.

2012-yil 12-fevral kuni Nik va Kanae turmush qurishdi. Hammasi binoyidek o‘tdi: oq ko‘ylak, smoking va Gavayida asal oyi.

Oila

Agar har bir qaror ortida qo‘rquv bo‘lsa, to‘laqonli hayot kechirib bo‘lmaydi. Hadik oldinga harakat qilishga bermaydi va istagingni amalga oshirishga xalal beradi. Lekin bu shunchaki kayfiyat, tuyg‘u. Qo‘rquv real emas!

«Tetra-Ameliya» sindromi — irsiy. Nik qo‘rqib ketmadi.

2013-yil 14-fevral kuni Kanae va Nik o‘g‘illi bo‘lishdi — Kiyosi Jeyms Vuychich.

Hozir to‘rt nafar farzandi bor.

Foto: «Play.one»

Umid

Hayotda hamma yaxshiliklar umid bilan boshlanadi.

Nik Vuychich — qo‘lsiz va oyoqsiz odam. Nik Vuychich — mo‘jizaga ishonadigan odam. Uning kiyim-kechak javonida bir juft botinka bor. Har ehtimolga qarshi. Negaki hayotda hamisha umid bilan yashash kerak.


P.S. Nik Vuychich Toshkentga kelmoqda! «Chegarasiz hayot» forumida u qanday qilib baxtli bo‘lish haqida gapirib beradi. 2019-yil, 14-sentyabr — o‘tkazib yubormang!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring