Nega shunday deymiz: «Mulla (domla)ning aytgani qilu, qilganini qilma»

Dono xalqimiz boshidan o‘tkazib, tajribada sinab ko‘rib aytgan iboralar borki, ular yillar davomida yangidan-yangi ma’no kasb etib, sayqallanib boraveradi.
Lekin shunday iboralar ham borki, ular vaqt o‘tishi bilan jamiyatdagi o‘zgarishlardan «nasibasi»ni olib, o‘zining asl ma’nosidan uzoqlashaverar ekan. Shulardan biri «Mulla(domla)ning aytganini qilu, qilganini qilma» iborasi.
Xo‘sh, ahyon-ahyonda qulog‘imizga chalinadigan bu ibora nimani anglatadi? Nima sababdan bu ibora din peshvolariga kesatiq tarzida qo‘llanadigan bo‘lib qoldi?
Gapni uzoqroqdan, ya’ni payg‘ambarimiz davridan boshlasak, mazkur iborani tushunish oson bo‘ladi. Alloh taolo Qur’oni karimda: «Tunda (yarim kechada) uyg‘onib o‘zingiz uchun tahajjudni (nafl namozini) o‘qing!» (Isro surasi, 79-oyat) oyatiga binoan Rasululloh (s.a.v.) o‘ziga kechasi o‘qiladigan tahajjud namozini odat qilib olgan. Ba’zi rivoyatlarda farz qilib olgan deyiladi.
Lekin Rasululloh (s.a.v.) ummati qiynalib qolmasligi uchun ularga tungi namozni ixtiyoriy (nafl) qildi.
Yana bir hadisda payg‘ambarimiz: «Agar ummatimga mashaqqat bo‘lmaganida, ularga har namoz oldidan misvok ishlatishini buyurgan bo‘lar edim», — degan. Ammo o‘zi muntazam ravishda misvok ishlatib yurgan.
Xuddi shunday ulamolar, din peshvolari ham nafl ibodatlarni muntazam ravishda ado etib kelgan. Lekin buni ommaga oshkor qilmagan va mo‘minlarga bu ishlarni buyurmagan ham. Va’z-nasihatlarda, amri ma’ruflarda musulmonlarni faqat farz va sunnat amallarga rioya qilishga chaqirgan.
Afsuski, keyinchalik ayrim chala mullalar hoyu-havasga ergashib, nafsiga qul bo‘lib islom dini man etgan ishlarni ham bemalol qilaverishdi. Buning oqibatida ular muqaddas dinimizni hammaga yomon ko‘rsatib qo‘yishdi. Hozirgi kunda ham bunday holat davom etayotgani tashvishlanarlidir.
Atoqli adibimiz Hamza Hakimzoda Niyoziy bu illatni «Maysarasining ishi» pesasida juda chiroyli ta’riflab, o‘sha paytdagi qozilarning ahvolini: «Sizlar nima ish qilsalaringiz shariatga to‘g‘ri kelaveradi-ya», — deya Mulla Do‘st tilidan ochib tashlagan.
«Mulla(domla)ning aytganini qilu, qilganini qilma» iborasini ustozlar quyidagicha izohlashadi: «Domlaning aytganini qilish bilan kifoyalanavering. Baribir ularning qilganini qila olmaysiz. Chunki domla musulmonlarni farz namozlarini o‘qishga chaqiradi. O‘zi esa nafl namozlarini ham kanda qilmaydi. Ramazon oyida ro‘za tutish farzligini aytadi. O‘zi esa nafl ro‘zalar tutadi va hokazo. Shu bois domlaning aytganini qilib qo‘ya qoling, u bajarayotgan amallar sizga og‘ir qiladi».
Ijobiy ma’noda qo‘llangan iborani asl holatiga qaytarish vaqti kelmadimi?!
Tolibjon Nizomov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter