Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Vodiy afsonaga aylanadi — Prezident nom qo‘ygan istirohat bog‘i haqida

Vodiy afsonaga aylanadi — Prezident nom qo‘ygan istirohat bog‘i haqida

Foto: Prezident matbuot xizmati

Namangan shahridagi tashlandiq holatda yotgan 155 gektar maydon ilgari shunchaki sel suvini yo‘naltirish uchun tashlab qo‘yilgan, ovloq joylar edi. Bu yerda madaniyat va istirohat bog‘i ochish g‘oyasi ikki yil muqaddam, Shavkat Mirziyoyevning tashrifi vaqtida paydo bo‘ldi. Nom ham Prezident tomonidan taklif etildi — «Afsonalar vodiysi».

Namanganlik yigitlar O‘rta Osiyoda yagona bo‘lgan bog‘ qurish ishini a’lo darajada uddalay olishdi. Buni Prezident ham e’tirof etdi — «Ikki yil oldin mana shu bog‘ loyihasi bilan tanishib, unga «Afsonalar vodiysi» deb nom berishni taklif qilgandim. Nomiga munosib bo‘libdi. Mamlakatimizda bu kabi zamonaviy dam olish maskanlarini hali ko‘plab barpo etamiz».

Bog‘ qurilishining o‘ziga hos jihati shundaki, aksariyat loyihalar kreditga asoslanib boshlansa, «Afsonalar vodiysi»da asosan ta’sischi pul tikdi. 123 million dollarlik loyihaning 102 millioni dollar tadbirkorning mablag‘i bo‘lsa, qolganiga kredit olindi.

«Afsona» bog‘ida 16 turdagi attraksionli tematik park, 2400 o‘rinli amfiteatr, 7 xil suv attraksionlari va 16 ta basseynli akvapark, 2 ta zamonaviy sharshara va musiqali favvora, 3 ta restoran, 1800 o‘rinli 2 ta avtoturargoh foydalanishga topshirilgan.

Yana bir jihat, 2022 yil mart oyiga qadar namozxonlar ibodat qilishi uchun 10 ming o‘rinli muhtasham masjid, milliy hunarmandlar markazi, 400 o‘rinli mehmonxona va 110 ta villa qurilishi rejalashtirilgan.

Bog‘ qurilish jarayonidan

Bog‘ nafaqat mahalliy aholi va sayyohlar dam olib, hordiq chiqaradigan joy, balki yaratilgan ish o‘rinlari bilan ham ahamiyatga ega. Bugungi kunda 600 kishi «Afsona»da ishlamoqda. Loyiha to‘liq bitgach ish o‘rinlari soni 1500 taga yetadi.

Tushum ham shunga yarasha — joriy yilning 5 oyida 1,5 mlrd. so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilgan. Ammo bu ko‘rsatkich hali yana o‘sishi kutilmoqda, bog‘ to‘liq ishga tushgach yiliga 600 ming odamga xizmat ko‘rsatishi rejalashtirilgan.

Xullas, yana sal vaqt o‘tsin, Namangan deganda «Afsonalar vodiysi», «Afsonalar vodiysi» deganda esa, Namangan ko‘z oldingizga keladigan bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda — vodiy afsonaga aylanadi...

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring