Armiya jangovar shayligini tekshirishning birinchi kuni qanday o‘tdi? (foto)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning farmoyishiga binoan 26-noyabr erta tongda Mudofaa vazirligi qo‘shinlarining jangovar shayligini tekshirish uchun keng ko‘lamli o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi. Unga asosan Mudofaa vazirligi qo‘shinlari «Trevoga!» signali bo‘yicha ko‘tarildi. Ushbu o‘quv mashg‘uloti 30-noyabrga qadar, besh kun davomida o‘tkaziladi. Unda Mudofaa vazirligining barcha qo‘shinlari qatnashmoqda. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Qo‘qqisdan tekshiruvning asosiy maqsadi — joriy yil davomida Mudofaa vazirligi qo‘shinlari va boshqaruv organlarida amalga oshirilgan ishlarni baholash hamda tahlil qilishdan iborat. Qo‘shinlar qo‘llanilishi bo‘yicha tegishli vazifalarni belgilangan muddat ichida bajarishlari, ya’ni harbiy xizmatchilarning o‘quv-jangovar topshiriqlarni amalga oshirishi va nostandart qarorlarni qabul qilishga tayyor ekanliklarini ko‘rsatishlari lozim.
Bunga qadar harbiy xizmatchilarning jangovar shayligi faqatgina harbiy okruglar miqyosida tekshirilgan. Bu kabi keng ko‘lamli qo‘qqisdan tekshiruvlar O‘zbekiston armiyasida avval o‘tkazilmagan.
Mudofaa vazirligi markaziy apparatida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i tomonidan vazifalar belgilab berildi va harbiy okrug qo‘mondonliklariga yetkazildi. Shundan so‘ng, statsionar boshqaruv punktlari tashkil etildi va unda amaliy ishlar boshlab yuborildi, harbiy okruglarning mobil boshqaruv punktlari o‘z ishini boshladi.
Bunda asosiy e’tibor qo‘shinlarni barqaror va uzliksiz boshqarishni tashkil etish hamda qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Tekshiruvning ushbu bosqichida xavfsizlik qoidalariga, harbiy texnika va qurollarning sozligiga qat’iy rioya qilindi.
Qo‘qqisdan tekshiruv davomida qo‘shinlar harakati ustidan nazorat va tahlilni maxsus tuzilgan Hukumatlararo ishchi komissiyasi olib bormoqda.
Signal qo‘qqisdan berilgan bo‘lsada, qo‘shinlarni shoshirib qo‘ymadi. O‘quv yili davomida qo‘qqisdan bo‘ladigan tadbirlar bo‘yicha o‘tkazilgan mashg‘ulotlar harbiy xizmatchilarda eng mas’uliyatli vaziyatlarda jangovar shay holatga tayyor turishini ta’minladi.
O‘zbekiston Mudofaa vazirligi qo‘shinlari avto hamda zirhli texnika vositalari tarkibida belgilangan hududlarga kolonna shaklida marshni amalga oshirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter