Mubashshir Ahmad: «Ma’naviy suv omborimizning dambalari allaqachon chirigan...»
Hozir-ku Buxoro va Sardobadagi zohiriy xalturalarimiz ko‘rinib qoldi. Ammo bir asrdan beri davom etayotgan qalblarimizdagi botiniy xalturalarning natijasi bundan ham yomon bo‘ladi.
Aslida, Buxoro va Sardoba ham Xudodan qo‘rqmaydigan qalblarimiz xalturasi. Ko‘nglida muqaddas tuyg‘usi yo‘q yoki o‘sha tuyg‘u xiralashgan kishilar ko‘rsatgan ish. Zohirda u tom ketishi va suv bosishi ko‘rinishida namoyon bo‘ldi, xolos.
To‘g‘ri fikrlaylik, chala qurilgan namunaviy uylar, ko‘tarilgan sifatsiz dambalar ishida ko‘zga ko‘rinib turgan jinoyatlarning ildizi – diyonatsizlik, axloqsizlik va Allohdan qo‘rqmaslik emasmi?!
Faqat o‘zini o‘ylash, qorin g‘ami, xalqqa aziyat berish, ochko‘zlik, shahvat ortidan quvishlarning manbasi dinsizlik emasmi?!
Men bu gaplarni o‘rni kelganda, nimadir gapirib qo‘yay, qabilida aytayotganim yo‘q. Anchadan beri bu haqda xatar qo‘ng‘irog‘ini chalamiz.
Ma’naviy suv omborimizning dambalari allaqachon chirigan, ba’zi yerlaridan suv «sizib» yotibdi. Tezroq uni isloh qilmasak, katta-katta «toshqinlar»ga sabab bo‘ladi. Isloh islom ta’limotini keng yoyishga imkoniyat berish bilan bo‘ladi. Boshqa davlatlarda odatiy hol bo‘lgan (haqiqiy) diniy muassasalarni ko‘paytirish, diniy-ma’rifiy telekanal va nashru nashriyotlarga ruxsat berish, islomiy moliyani rivojlantirish, diniy ta’limni «dostupniy» qilish va bularni tartibga soladigan qonunni xalqchillashtirish hamda diniy sohada yig‘ilib qolgan juda ko‘p masalalarni haqiqiy ma’noda (!!) hal etish bilan bo‘ladi.
Bu muammolarni hamma biladi.
Lekin yechimiga panjalar orasidan qaraladi, yoki-da soha mas’ullari tomonidan umuman e’tibor berilmaydi. Bu to‘g‘ridagi gapning lo‘ndasi, diniy sohada umuman islohot qilinmadi. Islohot bo‘lib ko‘rinayotgani ham mamlakatdagi islohot to‘lqinidan qolib ketmay deb, zo‘rma-zo‘raki oyoqni suvga tiqib, tortib olishga o‘xshaydi.
Modomiki, hammasi botiniy xalturalarga taqalar ekan, masalaning moddiy tomoni bilan shug‘ullanayotgan kuchishlatar tizimlari qatori, ma’naviy jinoyatlar qismini ham taftish etish va muolaja qilishni o‘z egalariga topshirish vaqti keldi. Ular emin-erkin holda o‘g‘irlik, haromxo‘rlik, korrupsiya, fahsh, riboxo‘rlik, qimorbozlik va axloqsizlik illatlariga qarshi o‘z yo‘llari bilan kurashsinlar. Jamiyatda Allohdan qo‘rqish, diyonat, go‘zal axloq va oliyjanoblik tuyg‘u va xususiyatlarini yoysinlar! Bunga yo‘l qo‘ymaslik ham asli Xudodan qo‘rqmaslik va diyonatdan uzoqlikka borib taqaladi. Ma’naviy dambalarimiz qulash arafasida turgani holda, bunga e’tibor bermaslik va ogohlantirganning ovozini yopish, xuddi suv ombori yorilishiga beparvo bo‘lish, ogohlartirganni «ishingni qil», deya chetga surishga o‘xshaydi.
Aslida bu undan ham dahshatli jinoyat!
Bu satrlarni fojia yuz bergan kuni yozgandim. Musibat onlarida, yaralar og‘riqli paytda e’lon qilishni ep ko‘rmadim. Mana, g‘alvir suvdan ko‘tarilayotgan, yaralarga malham bosilayotgan va fojea aybdorlari aniqlanayotgan bir paytda e’lon qilyapmanki, haqiqiy va ulkan jinoyatni unutib qo‘ymaylik. Zero, ma’naviy jinoyatlar moddiylarining onasi, asosi va ozuqasidir.
Bunga barham bermaguncha ko‘zlagan maqsadimizga yeta olmaymiz.
(muallifning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasidan olindi)
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter