Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mobil aloqa xizmatlariga nisbatan soliq stavkasi kamaytirildi

Mobil aloqa xizmatlariga nisbatan soliq stavkasi kamaytirildi

Foto: «Xabar.uz»

Qonun (O‘RQ-785-son, 26.07.2022-y.) bilan Soliq kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritildi.

Unga ko‘ra, mobil aloqa xizmatlariga nisbatan soliq stavkalari 10 foiz etib belgilandi (ilgari 15 foiz edi).

Qonunga ko‘ra, talabalarning O‘zbekiston oliy ta’lim tashkilotlari hududida pulli o‘quv kurslarini, sport to‘garaklarini tashkil etishdan va boshqa ta’lim xizmatlarini ko‘rsatishdan olingan daromadlari jami daromadlarga kiritilmaydi.

Shuningdek, o‘quvchilar va talabalarning ta’lim olishi uchun O‘zbekiston Respublikasi professional va oliy ta’lim tashkilotlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha pulli-kontrakt asosida o‘tkaziladigan mablag‘ xarajatlariga soliq to‘lovchining daromadi sifatida qaralmaydi.

Soliq to‘lovchining farzandlariga nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari va (yoki) maktablar ko‘rsatadigan ta’limga oid xizmatlar uchun ota-ona (farzandlikka oluvchilar) tomonidan har bir farzand uchun to‘lanadigan oyiga 3 million so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlariga yo‘naltiriladigan daromadlariga soliq solinmasligi belgilandi.

Shu bilan birga, norezidentlar bo‘lgan jismoniy shaxslarning mehnat shartnomalari va fuqarolik-huquqiy xususiyatdagi shartnomalar bo‘yicha olingan daromadlari (dividendlar va foizlar hamda fraxtdan olingan daromadlardan tashqari) uchun soliq stavkalari 12 foiz etib belgilandi.

Qonun bilan qishloq joylarda joylashgan (bundan shaharlar va tumanlarning markazlari mustasno) antenna-machta metall konstruksiyalari, shuningdek ularga o‘rnatilgan hamda ularning ajralmas qismi bo‘lgan konstruksiyalar egallagan yer uchastkalariga soliq solinmasligi belgilandi.

2022-yil 1-apreldan 2024-yil 31-dekabrgacha respublika rezidentlari va norezidentlari bo‘lgan jismoniy shaxslarning (aksiyadorlarning) aksiyalar bo‘yicha dividendlar tarzidagi daromadlari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinadi.

Shuningdek, Prezidentning va Hukumatning 2022-yil 1-iyulgacha qabul qilingan hujjatlarida nazarda tutilgan bojxona boji bo‘yicha imtiyozlar ularning amal qilish muddati tugaguniga qadar amal qiladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring