Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

MIB: «Zararni qoplamaysizmi?.. O‘zingizdan ko‘ring!»

MIB: «Zararni qoplamaysizmi?.. O‘zingizdan ko‘ring!»

Foto: Arxiv

Tadbirkorlik sub’yektining eshigini qoqish osonmi bugun? Hech-da! Formangizni ko‘rib (ayniqsa, MIB xodimlarining!), ko‘plarning ensasi qotadi, qiziqqonlari-ku, salomga o‘zgacha «alik» olishlari mumkin: «...balo bormi bo‘tta?!».

Nachora, chidaysiz. Asabga sa-al erk berilsa, darhol ustingizdan arz qilinadi. Ichkari bir qadam qo‘yishingiz bilan navbatdagi ta’na yangraydi: «Biz tadbirkormiz, tekshirishga haqqingiz yo‘q!». To‘g‘ri, moliyaviy faoliyatingizni tekshirishga MIBning umuman haqqi yo‘q. Biroq qarzdor bo‘lsangiz yoki energiya resurslaridan noqonuniy foydalanayotganingiz haqida tezkor ma’lumot tushsa, yo‘lni to‘sishga endi siz haqli emassiz.  

Qish o‘z hukmini o‘tkazib, tabiiy gaz va elektr energiyasi ta’minotida kutilmagan uzilishlar yuz berishi oqibatida fuqarolar ozmuncha zahmat chekayotgani yo‘q. Vaziyatga oydinlik kiritish uchun ishlab chiqarish nuqtalarini birrov ko‘zdan kechirishga ehtiyoj sezilmoqda. Chunki ayni shunday joylarda ko‘zni shamg‘alat qilib, energiya resurlaridan noqonuniy foydalanish holatlariga tez-tez duch kelinmoqda.

Farg‘onaning Uchko‘rik tumanidamiz. Tumanning Qo‘qonboy qishlog‘ida oilaviy korxonaga qarashli ohak sexi bor. Birrov ko‘z tashlangan zahoti hammasi  oshkor bo‘ldi: sex aholi iste’moli uchun belgilangan tabiiy gaz tarmog‘iga noqonuniy ravishda ulanib, urra solib ishlayotgan ekan! Hisob-kitob qilingandiki, noqonuniy ulanish natijasida ta’minotchi korxona manfaatiga 149 million 722 ming so‘m zarar yetkazib bo‘linibdi!

Bitta xonadon yiliga  ko‘pi bilan 1 million so‘m gaz «yoqishi» mumkin. Shundayam tabiiy gaz uzilmasdan kelib tursa?! Endi hisobini olavering: salkam 150 million so‘mga tushayotgan o‘g‘rilik ortidan necha xonadon energiya resursidan mosuvo etilmoqda?!

Bunday million-million zarar yetkazayotgan tadbirkorlik sub’yektlari oz bo‘lsa, koshki...

Qisqasi, Majburiy ijro byurosining Uchko‘prik tuman bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida qonunbuzar A.U.ga O‘zbekiston Respublikasi JK 185-2-moddasining mazmun-mohiyati, xususan, yetkazilgan moddiy zararning o‘rni o‘ttiz kun muddatda qoplagan taqdirda jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi mumkinligi tushuntirildi. Qonundagi ayni me’yor tadbirkorga berilayotgan imkoniyatlardan biri, aslida! Biroq A.U. qonundagi imtiyozli imkoniyatdan foydalanish o‘rniga, moddiy zararni ixtiyoriy qoplashdan bosh tortsami?!.

Na iloj, holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu yog‘i tergov, keyin sud... aybdorga qanday jazo berilishini avvaldan aytib bo‘lmaydi, albatta. Biroq bir narsa aniq: yetkazilgan zarar undirilmasdan qo‘yilmaydi!

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring