Meteoritdan omon qolgan shahar
Shu kunlarda asli chelyabinsklik, hozirda AQShda yashayotgan astronom olim, NASA astrofizigi va fantast yozuvchi Nikolay Gorkaviyning «Kurer-619. Yupiter – Chelyabinsk» yangi romani nashrdan chiqdi.
Sababi bu shaharga safarim chog‘ida asosan bilganlarim, 2013 yil 15 fevralda Chebarkul ko‘liga meteorit tushganiyu va u jahon ommaviy axborot vositalari orqali bir kunda mashhur bo‘lgani haqida tasavvurlargina bor edi.
Chunki o‘shanda 500 kilotonna trotil ekvivalentiga teng portlash to‘lqini bu yerdagi 7320 binoga zarar yetkazgan va 1613 kishini jarohatlagani keng yoritilgandi.
Ehtimol, o‘shanda meteorit tezligi va hajmi haybatliroq bo‘lganida men bugun o‘z ko‘zim bilan ko‘rib turgan bu go‘zal shahar balki Yer yuzida bo‘lmas ham edi. Bu ham Xudoning bir marhamatidir.
Tarixiga nazar tashlasak, Chelyabinsk shahriga 1736 yilda asos solingan. Hozirda 1,2 million aholi istiqomat qilayapti. O‘tgan yili koronavirus pandemiyasi va migrantlar ko‘chib kelishi kamaygani sababli aholi soni taxminan 7 ming kishiga kamaygani haqida ma’lumot o‘qidim. Aholi soni ko‘pligi bo‘yicha Rossiyada yettinchi o‘rinni egallaydi.
Ruslardan tashqari tatarlar, boshqirdlar, ukrainlar, nemislar va qisman o‘zbeklar istiqomat qiladi.
Shahar hududi 53 ming gektar bo‘lib, taxminan Andorra davlatiga tengdir.
Miass daryosi bo‘yida qad rostlagan kentning norasmiy nomi «Tankograd» deb ham atalarkan.
Urush boshlangan dastlabki oylardanoq bu yerga katta salohiyatga ega bo‘lgan 200dan ortiq yirik sanoat korxonalari ko‘chib o‘tkazilgan. Jang maydonlariga bu yerdan 60 mingga yaqin dizel tanklari, 18 ming harbiy mashinalaretkazib berilgan.
Bronetank qo‘shinlari uchun salkam 7 ming zobitlar yetkazib berilgan. O‘sha so‘ronli yillarda shahar aholisi 270 mingdan 650 ming nafarga ko‘paydi.
Chelyabinsk 2008 yilda sobiq Ittifoqning 70 ta shahri orasida «MDHdagi eng yaxshi shahar» maqomini ham olgan edi.
Shahar merining mutaxassisligi — o‘qituvchi
O‘tgan asrning 90-yillarga kelib shaharga ijtimoiy dasturlarni moliyalashtirishga mablag‘lar yetishmasligi, oylik ish haqlari to‘lanmay qolgani, korxonalar bankrotlikka uchragani sababli Chelyabinsk iqtisoiy aholi juda murakkab vaziyatga tushib qolgan edi. Faqat 90-yillar oxiriga kelib zavodlar ishi qayta yo‘lga qo‘yildi va ular jahon bozorlariga mahsulotlar yetkazib berila boshladi.
2000 yilda tuzilgan Ural federal okrugi tuziladi. Uning tarkibida endilikda Yekaterinburgdan keyin ikkinchi yirik madaniy va ilmiy, iqtisodiy, ishbilarmonlik va siyosiy markaz hisoblanadi. Shahar 7 ta tumanni qamrab oladi.
Shahar Dumasi deputatlari qarori bilan Natalya Kotova 2019 yil 19 noyabrda mer etib tayinlangan edi.
56 yoshli Natalya xonim asli mutaxassisligi fizika va astronomiya fani o‘qituvchisi. Universitetni tamomlagach, 7 yil davomida shahardagi 63-maktabda ustozlik qilgan.
Keyin davlat mulklarini boshqarish bo‘yicha qo‘mitaga mutaxassis bo‘lib o‘tdi. Bu orada Ural davlat xizmati akademiyasini tamomladi. 1996-2004 yillarda bankrotlik bo‘yicha ishlar federal boshqarmasining hududiy bo‘limi boshlig‘i lavozimida mehnat qildi. Keyinroq shahar uy-joy siyosati boshqarmasi boshlig‘i, shahar rahbarining birinchi o‘rinbosari kabi mansablarga ko‘tarildi.
Davrimiz uchun juda muhim bo‘lgan yo‘nalishlar – moliyaviy sog‘lomlashtirish va bankrotlik, uy-joy qurilishi, soliq ma’murchiligi va boshqaruvi siyosati, bog‘dorchilik uning ixtisosligidir.
Opaning faoliyati sinovli pandemiyaga davriga to‘g‘ri kelib qoldi. Shunga qaramay yalpi o‘sish ko‘rsatkichlarini 3 foizlik pasayish chegarasidan tushib ketishiga yo‘l qo‘ymadi. O‘tgan yili shaharda 656 milliard rubllik mahsulot ishlab chiqarildi.
7,2 milliard rubllik 5 ta yirik munitsipal loyihalar amalga oshirildi va bunga shahar budjetidan 227 million rubl ajratildi.
«Xavfsiz va sifatli avtomobil yo‘llari» milliy loyihasi asosiga 1 milliard sarflanib, 35 ta ko‘chaning 30 kilometrlik yo‘llari ta’mirlandi. «Turar-joylar va shahar atrofi» milliy loihasiasosida 764 million rublga 93 ta aholi yashaydigan va 11 ta jamoat hududlari obodonlashtirildi.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek aholi o‘sishiga butun rossiyada keng e’tibor qaratilmoqda. Shaharda yakunlangan yilda «Demografiya» loyihasiga 1,8 milliard rubl ajratildi. 7,9 ming oilalarga bola tug‘ilganligi bo‘yicha bir martalik yordam puli berildi.
Maktabgacha ta’lim muassasalarida qo‘shimcha 183 ta o‘rinlar yaratildi. Shaharda 2380 o‘rinli 10 ta yangi bog‘cha paydo bo‘ldi. Ularning 4 tasi yangidan qurilgan bo‘lsa, 6 tasiga binolar sotib olindi, yana 3 tasi hozir bunyod etilmoqda. 13 ta sport tayyorlov tashkilotlari to‘liq jihozlandi.
60 ta maktabni zamonaviy texnikalar va yangi dasturlar bilan ta’minlash, 100 ta eng yaxshi o‘quvchiga 10 ming rubldan stipendiyalar ajratish uchun «Ta’lim» loyihasi doirasida 596 million rubl sarflandi.
Hozircha shahar aholisi o‘z merini katta hurmat bilan eslayotganidan uning faoliyatidan qoniqish hosil qilayotgani sezish qiyin emas ekan. Shahar rasmiy saytida merning barcha yo‘nalishdagi ishlari bo‘yicha bir necha kitobga joy bo‘larlik yillik hisoboti joy olgani esa bizdagi hokimlik matbuot kotiblari uchun ham o‘rganishga molik jihat ekan.
Shuningdek, shahar meri Dumada deputatlar tomonidan saylanishi hisobga olinsa, xalq noyiblari yig‘ilishiga ularning o‘zini eshikdan kiritmaslik yoki hududiy prokurorning qandaydir taqdimnomasi bilan deputatning daxlsizlik maqomidan mahrum qilish va katta zalda ochiq-oydin tintuv o‘tkazib yuborish kabi ishlar merning mansabdorlik taqdiriga falokatli ta’sir ko‘rsatishini yaxshi tushunishadi.
Gulruxsor Ravshanova,
xalqaro jurnalist,
Toshkent-Chelyabinsk
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter