Pandemiyaga qaramay xalqaro havo qatnovlari ochildi
Chelyabinsk shahriga safarimiz 19-20 may kunlari Mehmonxona va restoran egalarining ikkinchi Ural forumi o‘tkazilishiga kunlariga to‘g‘ri kelib qoldi. Unda koronavirus sababli sohani rivojlantirish bo‘yicha qanday yangi yondashuvlar va imkoniyatlar topish masalasi keng muhokama qilindi.
Hozirga qadar Chelyabinsk viloyatida koronavirusga chalinganlar soni 62 mingga yaqin bo‘lib, 2750 nafar bemor olamdan o‘tgan, kunlik chalinish ko‘rsatkichi 100 nafarga yetib-yetmayapti. 210 ming kishi vaksina bilan emlangan.
Inqiroz davrida shahar budjetiga iqtisodiy faollik kamayishi hisobidan 1 milliard rubl mablag‘ kam tushdi, biroq Federal hukumatdan inqirozga qarshi dastur doirasida 10 milliard rubl yordam olish hisobiga muammolar hal etilgan.
Shunga qaramay, shahar Dumasining 30 martdagi qarori bilan kentdagi 25 ta tibbiyot muassasasi Chelyabinsk viloyati ma’muriyati boshqaruvi ixtiyoriga o‘tkazildi.
Hozirda pandemiya bilan bog‘liq vaziyat barqarorlashgani sababli 17 maydan boshlab Chelyabinsk aeroporti xalqaro havo qatnovlarini qayta ochdi.
Avvalo, shaharda 23 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyat ko‘rsatadi va Rossiyaning boshqa mintaqlari va qo‘shni respublikalardan ham bu yerga kelib minglab talabalar kelib tahsil olmoqda.
47 ta madaniy ob’yekti, 40dan ortiq mehmonxonalar, 7 ta professional teatrlar ishlab turibdi. «Malaxit» davlat rus xalq orkesti, taniqli hayvonot bog‘i ayniqsa shuhrat qozongan. Viloyat o‘lkashunoslik muzeyida 2013 yilda tushgan meteoritning 600 kilogramlik bo‘lagi shishali maxsus qubba ostiga joylashtirilgan.
Inqilob maydonida joylashgan Parklar va hiyobonlar, nodir musiqali favvoralar ixlosmandlarni o‘ziga maftun etadi. «Vipr», «Chelyabinsk-Siti», «Arkaim-Plaza», «Biznes-dom Spiridonov», «Bovid» yirik biznes markazlari, «Rodnik», «Almaz», «Gorki», «Megapolis», «Fokus», «Kuba», «Sinegore» savdo ko‘ngilochar majmualari esa shaharga zamonaviylik iforini bag‘ishlagan.
Mehmonlarga va shahar aholisiga qulaylik yaratish maqsadida elektrosamokatlardan foydalanish bo‘yicha shahar aholi Rossiyada yetakchilardan biriga aylandi.
Aprel oyi o‘rtalarida ularni ijaraga berish bo‘yicha ikkita yirik servis – Whoosh va Urent ish boshlagan. 80 foiz foydalanuvchilar oilasi va do‘stlari bilan sayr qilishda, shahar bilan tanishishda uni keng ishlatishar ekan.
Yana bir boshqa narsa alohida e’tiborimni tortdi. Sobiq Ittifoq tarqab ketganidan keyin ham shahar kutubxonalar tarmog‘i saqlab qolingan. Aholi erkin kitob o‘qishi uchun shaharda 48 ta kutubxona faoliyat ko‘rsatayapti. Jumladan, ularning 18 tasi bolalar kutubxonasidir. O‘tgan yili ularning foydalanish darajasi 78 foizni tashkil etdi.
Bu kutubxonalar shaharda tahsil olayotgan 141 ming maktab o‘quvchilari uchun ma’naviyat go‘shalari bo‘libgina qolmay keng aholi qatlamlari uchun ham yaxshigina ma’rifiy va ma’naviy markazlar hisoblanadi. Joriy yilda esa Park-2 mikrohududida 1 ta oilaviy kutubxona ishga tushirilibdi, Churilova mikrotumanida yana bitta 1 ta bolalar kutubxonasi ochilishi kutilmoqda ekan.
Ming afsuski, bizda xalq kutubxonalari tizimi yo‘q qilib yuborildi. Ulardagi millionlab kitoblar makalaturalarga topshirilib, yillar davomida yig‘ilgan yaxshigina hazinadan mahrum bo‘ldik.
Chelyabinskda 25 yildan buyon har yili ikki marotaba Butunrossiya «Ural pereplyasi» festivali o‘tkazib kelinadi. Bu yil ham mart oyida bo‘lib o‘tadigan xalq sahna raqslari, an’anaviy va uslubiy o‘yinlar, folklor qadriyatlarini, o‘ziga xos milliy liboslar uyg‘unligini harakatlari sur’atiga uyg‘unligini ifoda etuvchi ushbu madaniyat bayramiga mamlakatning va xorijning 42 ta raqs jamoalari ishtirok etdi.
U RF prezidentining Grant jamg‘armasi moliyaviy ko‘magida Madaniyat vazirligi, Rossiya Xalq ijodiyoti davlat uyi va Xalq raqslarini rivojlantirish jamg‘armasi ko‘magida o‘tkaziladi.
1967 yildan boshlab shaharning iqtisodiy, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va huquqiy sohalari rivojiga munosib hissa qo‘shgan, katta obro‘ va e’tiborga ega viloyat, Rossiya va xorijiy davlatlar fuqarolariga faxriy fuqaro unvonini berish yo‘lga qo‘yilgan. O‘tgan davr oralig‘ida 64 kishi ana shunday sharafga loyiq topilgan. U har yili 12 sentyabrda – ushbu shahar tashkil topgan kun munosabati bilan topshiriladi.
Chelyabinsk aholisi sovet atom bombasi otasi, sobiq Ittifoq va O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, atom energiyasi bo‘yicha institut asoschisi va birinchi direktori Igor Kurchatov, shaxmat bo‘yicha uch karra jahon va olti karra olimpiada chempioni, Davlat Dumasi deputati Anatoliy Karpov, muz ustida uchish bo‘yicha ikki karra jahon va olti karra olimpiada chempioni Lidiya Skoblikova, jahonga taniqli supermodel va aktrisa Irina Sheyk kabi farzandlari bilan faxrlanishadi.
Chelyabinsk Kolumbiya (AQSh), Nottingemshir (Buyuk Britaniya), Ramla (Isroil), Urumchi va Xarbir (Xitoy), Santo-Domingo (Dominikan Respublikasi) shaharlari bilan birodarlashgan shaharlar maqomidagi aloqalarni o‘rnatgan.
Gulruxsor Ravshanova,
xalqaro jurnalist
Toshkent-Chelyabinsk
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter