«...Meni «zakaznoy» maqola yozishda ayblamoqqa shoshmang!»
Men siyosat odami emasman. Ya’ni siyosiy texnologiyalar qanday bo‘lishini o‘qimaganman, o‘rganmaganman. Ammo quyidagicha siyosiy chaqiriqlarning vaqti allaqachon o‘tganini anglayman. O‘ttiz yil qanday tanazzulga ketgan bo‘lsak, siyosiy muxolifatimiz ham shunday inqirozga uchragan. U voqelik zaminidan uzilib, xayolot olamiga allaqachon g‘arq bo‘lgan.
Ozgina fikr bildiraman. Mulohazalarimni savol shaklida qo‘yaman: ko‘chaga chiqish nechog‘li to‘g‘ri? Katta muammosi mashina oynasini qoraytirish deb biladigan jamiyatni qo‘zg‘ash imkoni bormi? Va qo‘zg‘algan olomon asl haq-huquqlarini himoya qilishda qat’iyatlimi?
Umuman, u asl haq-huquqlarini biladimi?
Boshqacha aytganda, siz chaqirayotgan narsalarning mohiyatini anglaydimi?
Mana shu saviyadagi xalqni ko‘chaga chiqarish ne qadar mas’uliyatli ekanini anglaysizmi?
Xudo ko‘rsatmasin, agar qon to‘kilsa, buning xatarini zimmangizga ola bilasizmi?
Endi boshqa tomondan qarasak. Demokratiya o‘zi nima? U xalqimiz tabiati va mentaliteti bilan uyg‘unmi? Hozirgi paytdagi insoniyat o‘ylab topgan eng afzal nizom sifatida u bizning zaminda unib-o‘sa oladimi? Islom shariatiga u ne qadar muvofiq va buni an’anador jamiyatimiz qanday qabul qiladi? Avvalo xalqning siyosiy ongi oshirilmaydimi? Haq-huquqlari tanitilmaydimi? Shundan keyin ham uning kayfiyati, qiziqishi va orzusi nima ekani o‘rganilmaydimi? Saylovlar va ularning millat kelajagidagi o‘rni tushuntirilmaydimi? Agar soxtakorlik bo‘layotgan bo‘lsa, ular haqida aniq xabar berib, buning yomon oqibatlari haqida mulohazalar yozilmaydimi?
O‘tmish muxolifatiga hali bundan ham ko‘p savollarim bor. Ammo hozircha shu savollar bilan kifoyalanib, foydali deb bilganim maslahatlarga o‘tsam.
Men to‘qsoninchi yillar muxolifatiga quyidagilarni maslahat bergan bo‘lardim: o‘sha davr siyosiy jarayonlari, undagi ishtirokingiz va saboqlaringiz haqida memuarlar yozing. O‘zingiz afzal deb bilgan nizom haqida, uning yutuqlari va kamchiliklari xususida o‘z tajribangizdan kelib chiqqan xulosalaringizni taqdim qiling. Xalqimiz ruhiyati va tabiatini o‘rganing (axir siz qatnashgan siyosiy jarayonlardagi mag‘lubiyatlar asosan shu jihatlarni hisobga olmaslikdan keldi-ku). Hukumatni tanqid qilishingizda xolislik, aniqlik va chuqur tahlil bo‘lsin. Eng asosiysi, muqobil va tatbiq etishga qobil takliflaringizni bering. Aslo quruq, og‘iz yirtar, mas’uliyatsiz va tahlikali chaqiriqlarga o‘ch bo‘lmang (qarorlarga demadim, chunki muxolafat o‘laroq qaror qabul qiladigan darajaga hech qachon chiqmagansiz).
Mubashshir Ahmad, islomshunos
P.S: Meni «zakaznoy» maqola yozishda ayblashga shoshmang. Men hech qachon bunday maqola yozmaganman va yozishga bois bo‘ladigan mansab va obro‘ga ham qiziqmaganman. Diniy idorada ishlagan olti oyim mobaynida bu joy mening joyim emasligini boshdanoq bilib, oxirigacha ketishga harakat qilganman. Hozirgacha o‘zim rahbarlik qiladigan tashkilotda ish stolim bo‘lishi u yoqda tursin, bir dona kursim ham yo‘q. O‘zimga yarashmagan bunchalik tafsilotga kirishishim sababi, aytgan so‘zlarim qolib, shaxsiyatimga o‘tib ketish oddiy hol bo‘lib qolganidir.
Manba: azon.uz
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter