Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mehnatdan qadr topgan inson

Mehnatdan qadr topgan inson

- Hoy, Hasanboy, kim aytadi seni uyboshi deb, ikki kundan beri oxirgi yo‘lak oldidagi yarim xalta axlatni biror kishi olayin demaydi. Axir buni shu uydagi biror xonadonning bolasi tashlagani aniq.

- Assalomu alaykum, Usmon aka, agar tasarrufingizdagi shirkat mulkdorlari bilan kengashsangiz, kelasi yakshanba kichik majlis tashkillashtirsak. Odamlaringizning menga atalgan savollari yig‘ilib qolgan bo‘lsa kerak...

Har tong, odatdagiday, “Paxtazor” mavzesida joylashgan ko‘p qavatli uylar oldidan ishga qatnaydigan Norcha akaning takliflariyu tanbehlariga mahalla ahli ko‘nikib ham qolishgan.

Darrov xayolingizga bu kishi mahalla fuqarolar yig‘ini raisi bo‘lsa kerak, degan o‘y kelgandir? Adashasiz, hikoyamiz qahramoni – Norcha aka Yo‘ldoshev Qashqadaryo viloyati Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi Qarshi shahar bo‘limi boshlig‘idir.

Shahar hokimiyati binosida joylashgan ishxona bilan uyning oraliq masofasi chamasi bir kilometrlar chiqadi. Bo‘lim boshlig‘i garchi avtoulovi bo‘lsa-da, ishga yayov borib-kelishga odatlangan. Yo‘l-yo‘lakay, hududidagi ko‘pqavatli uylar va ko‘chalarning ozodaligini nazorat qilib turadi.

Yoshi 52 da bo‘lsa ham o‘zidan ancha yosh ko‘rinadigan samimiy va odamshavanda Norcha akani barcha qarshiliklar yaxshi taniydi va alohida hurmat qilishadi. Negaki, u o‘z ishining ustasi bo‘libgina qolmay, fidoyi va jonkuyar rahbar. Yaxshi bilasiz, vaqti kelsa, bir oilada yashaydigan ota bolasining tilini topolmay halak, yo‘rig‘iga yurgizolmaydi. Qo‘l ostidagi 4 ta xodim va 85 ta xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari raislarini boshqarishning o‘zi bo‘ladimi?! Jamoani boshqarish uchun boshliqda nafaqat tashkilotchilik, balki rahbarlik mahorati ham bo‘lishi shart!

Norcha aka ham ana shunday o‘z kasbiga mehr qo‘ygan, atrofidagilarning tilini topgan daryodil insonlardan biridir. Hayotida taqdirning og‘ir sinovlariga bardosh bergan yigit, ko‘p qiyinchiliklarni boshidan o‘tkazgani uchunmi, sabr-qanoatli, yaxshilikning qadriga yetadigan bo‘lib ulg‘aydi. Otasi Husan aka 11 nafar farzandini birovdan kam bo‘lmasin deb, kunni tunga ulab mehnat qildi. Oltinchi farzandi Norcha poytaxtdagi politexnika institutiga kirganini eshitgan kuni ota-ona xursandchiligi ichiga sig‘may tonggacha mijja qoqmay chiqishgandi. O‘g‘illari bir kuni o‘qishini bitirib qaytsa, katta bir tashkilotga rahbar bo‘lishini yaratgandan so‘rab yurgan ota-onaning boshida sinovli kunlar boshlandi. Uchinchi kursda o‘qiyotgan Norchaning yuragida o‘zgarish bo‘layotganini aniqlagan shifokorlar uni zudlik bilan davolanishi kerakligini aytishdi. Ota kuchli do‘xtirlarga ko‘rsatish umidida o‘g‘lini olib Moskvaga borishadi. Uzluksiz tekshiruvlar... muolajalar... oliygohdagi o‘qish ham qolib ketadi...

Sog‘ligi tiklana boshlagan yigit 1987–89 yillarda Sho‘rtan neft-gaz tasarrufidagi ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi shirkatga chilangar bo‘lib ishga kiradi. Shu davr mobaynida shirkat rahbari vazifasiga tayinlanadi. Yurtimiz mustaqillikka erishgach, tizimda katta o‘zgarishlar yuz berdi. 1992 yildan Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi deb nomlangan tashkilotda sakkiz yilcha bo‘lim boshlig‘i sifatida faoliyat yuritgan yigit shu orada Qo‘qon neft texnikumini sirtdan bitirib oldi.

Qahramonimiz tashabbus ko‘rsatib, 2002 yilda Sho‘rtan neft-gaz korxonasiga qarashli ko‘p qavatli uylardagi 580 xonadonni birlashtirdi va “Neftchi” xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati tashkil etdi. Salkam o‘n yil davom etgan faoliyatida amalga oshirgan ishlari haqida so‘raganimizda, Norcha aka o‘zi haqida gapirishni istamagandek so‘z boshladi:

Dastlab, 12 ta ko‘p qavatli uyga 4 ta bolalar maydonchasi qurib berdik. Uylarning tashqi tomoni joriy ta’mirlanib, zamonaviy ko‘rinish kasb etdi. 2006 yilda uylarning issiqlik tizimini yaxshilash maqsadida har 80 ta xonadonga 1 tadan lokal qozonxona o‘rnatildi. Ahamiyatlisi, uzoq yillardan beri qarovsiz yotgan umumiy hammom qayta ta’mirlanib, shirkatning ma’muriy binosiga aylantirildi.

Shuningdek, Norcha Yo‘ldoshev shirkat rahbari sifatida mulkdorlar bilan kelishib, har bir uyning holatiga ko‘ra, majburiy badal qiymatini belgiladi.

2011 yilda Qarshi shahar XUJMSh uyushmasi raisi etib tayinlangan Norcha aka 2017 yil Vazirlik tashkil etilganda Qashqadaryo viloyat boshqarmasining Qarshi shahar bo‘limi boshlig‘i vazifasida ishini davom ettirdi. Uning rahbarligi davrida shirkatlar kesimida uylar xatlovdan o‘tkazilib, aholiga sifatli xizmat ko‘rsatishni ta’minlash maqsadida majburiy badallarni to‘lashda shirkat va aholi o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borildi. Uyboshilarning kengashi qaroriga asosan har bir shirkatdan kam ta’minlangan 7 tacha xonadon kommunal to‘lovlardan ozod qilindi. Ko‘p qavatli uylarning xavfsiziligini ta’minlash maqsadida kuzatuv kameralari hamda yoritish uskunalari o‘rnatildi.

N.Yo‘ldoshev bugungi kunda aholining majburiy badallarni to‘lash masalasi hali-hanuz oqsayotgani haqida kuyunib gapirdi. Elektr va gazdan foydalanganlik uchun to‘lovlarning kechikishi Majburiy ijro byurosiga o‘tkazilganligi sababli, aksari kishilar ushbu to‘lovlarni o‘z vaqtida ado etib, MIBga o‘tkazilmaganligi uchun kommunal to‘lovlarni muddatidan kechiktirib to‘lamoqdalar. Bo‘lim boshlig‘i, yuqoridagi muammoning sababi, soha xodimlari mulkdorlar bilan targ‘ibot-tashviqot ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘ymaganligidadir, deydi.

Jonkuyar kommunalchining zahmatkashligi hukumatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. Avvalo, 2000 yilda Sho‘rtan neft-gaz korxonasi tomonidan 5 xonali yangi qurilgan kottej sovg‘a qilingan bo‘lsa, ketma-ket “Mustaqilligimizning 20 yilligi”, “Mustaqilligimizning 25 yilligi” esdalik ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

2019 yili sohada ko‘rsatgan samarali xizmati uchun “Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish a’lochisi” esdalik nishoni bilan mukofotlandi.

Oila sohiblari Norcha aka va Yulduzxon opa bugungi kunda 6 nafar farzandni tarbiyalab voyaga yetkazdi. Deyarli barchasi oliy ma’lumotli, el xizmatidagi mutaxassislardir. Dam olish kunlari barcha farzandlar va nabiralarning ota hovliga to‘planishi an’anaga aylangan. Bilmagan kishi bu holatni ko‘rib, to‘y bo‘lyaptimikan, deb o‘ylashi tabiiy. Ha-da, tinch va osoyishta yurtda, baxtiyor bolalar davrasida bo‘lish haqiqiy to‘y emasmi?!

Nurbek Qidiraliyev,
jurnalist.             

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring