Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mehnat vazirligi terimchilarga 500 ming so‘mdan «ko‘tarma» puli berilishini inkor qildi

Mehnat vazirligi terimchilarga 500 ming so‘mdan «ko‘tarma» puli berilishini inkor qildi

Arxiv foto.

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi xabar berishicha, vaqtincha ishsiz fuqarolardan iborat otryadlar rahbarlariga vazirlik huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 2 million so‘m miqdoridagi to‘lovlar ko‘zda tutilgan.

Ayni vaqtda joylarda ushbu otryadlar tarkibida paxta yig‘im-terimida ishtirok etishni istaganlar ro‘yxatlari shakllantirilmoqda. Ular bilan tuzilayotgan shartnomalarda o‘zaro huquq va, shu jumladan, terimchilarning mehnatiga haq to‘lashni nazarda tutadigan majburiyatlar ham o‘rin olgan.

Shu bilan birga, mavsumiy ishga yollanilayetgan paxtakorlarga 500 ming so‘mdan bir martalik «ko‘tarma» pullari ajratilishi to‘g‘risidagi yaqinda ovoza qilingan ma’lumotlar haqiqatga mos kelmaydi. Qarorda terimchilar mehnatini rag‘batlantirish va mukofotlashning boshqa shakllari tasdiqlangan, deyiladi vazirlik xabarida.

Shuningdek, tuzilayotgan guruh (otryad)lar tarkibida paxta xomashyosini terib olishda ishtirok etishni istagan yurtdoshlarimiz paxta yig‘im-terimi paytida maxsus ochilgan www.terim.uz saytida ro‘yxatdan o‘tishlari, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining joylardagi hududiy bo‘linmalariga murojaat etishlari yoki vazirlikning (71) – 200-06-00 ishonch telefoniga qo‘ng‘iroq qilishlari mumkinligi ma’lum qilingan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring