Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Myehnat migratsiyasi agentligi Rossiyadagi o‘zbekistonliklarni ehtiyotkorlikka chaqirdi

Myehnat migratsiyasi agentligi Rossiyadagi o‘zbekistonliklarni ehtiyotkorlikka chaqirdi

Foto:«Russia Today»

Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda mamlakatda xorijiy davlatlar fuqarolari ishtirokidagi ommaviy mushtlashuv bilan bog‘liq holatlar ko‘paygan.

O‘zbekiston tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ushbu mamlakatda bo‘lib turgan fuqarolarimizni ogohlikka chaqirdi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi hududida bo‘lib turgan, xususan, vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xorijiy davlatlar fuqarolari o‘rtasida yoki ular ishtirokida ommaviy nizoli vaziyatlar soni oshgan. Amur, Moskva va Sverdlovsk viloyatlari, Dog‘iston Respublikasi, Moskva va Sankt-Peterburg shaharlarida ommaviy mushtlashuvlar yuz berib, ushbu hodisalar paytida odamlarning hayoti va sog‘lig‘iga tahdidlar paydo bo‘lgan, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga qarshi kuch ishlatilgan va transport vositalari harakati to‘sib qo‘yilgan.

Ommaviy mushtlashuvlarda ishtirok etgan xorijiy davlat fuqarosiga qanday chora ko‘riladi?

Yuqoridagi ommaviy mushtlashuvlarda ishtiroki sabab hibsga olingan xorijiy davlat fuqarolari 15 kunga qamalgan va ularning Rossiya Federatsiyasi hududiga kirishiga taqiq qo‘yilgan. Agar ushbu fuqarolar 15 kunlik jazo muddatini o‘tagach, mamlakat hududidan mustaqil ravishda chiqib ketmasa, ular majburan chiqarib yuboriladi.

Shuningdek, bu kabi huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir etgan chet el fuqarolari Rossiya Federatsiyasi qonunlariga asosan, boshqa ko‘rinishda javobgarlikka tortilishga sabab bo‘lishi ham mumkin.

So‘nggi yillarda chet elliklar orasida bo‘lib o‘tgan eng yirik ommaviy janjallardan biri joriy yilning 12 iyuldan 13 iyulga o‘tar kechasi Moskva shahridagi «Kuzminki» metro bekati yonida yuz bergan. Unda 200 nafarga yaqin fuqarolar qatnashgan, ulardan 45 nafari 15 kunga hibsga olingan. Vakolatli organlar tomonidan mojaroning 103 nafar ishtirokchisini deportatsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Huquqni muhofaza qilish organlari ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu ommaviy mushtlashuvda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari ishtirok etmagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring