Matbuot va axborot agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi ilk yig‘ilishini o‘tkazdi
Kecha, 4-oktyabr kuni O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining ta’sis yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Agentlik rasmiy sayti xabar berdi.
Yig‘ilishni O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi Bosh direktori Laziz Tangriyev kirish so‘zi bilan ochdi. U Jamoatchilik kengashining asosiy vazifalari mamlakatimizda matbuot va axborot sohasiga doir qonunchilik ijrosini ta’minlashda faol ishtirok etish, noshirlik, matbaachilik va axborot-kutubxona faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashish, shuningdek, sohada yo‘l qo‘yilayotgan ba’zi kamchiliklarning oldini olish, bu borada zarur maslahat ko‘magini ko‘rsatish ekanini alohida ta’kidladi.
Bundan tashqari, L.Tangriyev Jamoatchilik kengashi a’zolarini yuqorida ta’kidlangan masalalarda faol bo‘lishga, sohani yanada takomillashtirish, rivojlantirish, zamonaviy va kreativ yondashuvlarni joriy qilish, xato va kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha doimiy ravishda o‘z fikr-mulohazalarini, tavsiyalarini bildirib borishga chaqirdi.
Tadbirda tobora globallashayotgan bugungi dunyoda axborot xavfsizligini ta’minlash, axborot sohasidagi xuruj va tahdidlarning oldini olish, mamlakatimiz fuqarolari va yuridik shaxslarining axborotlarni tayyorlash, tarqatish, ulardan foydalanishdagi huquq va manfaatlarini himoya qilishda Agentlik mazkur Kengash bilan hamjihatlikda faoliyat olib borishi bildirildi.
Yurtimizdagi ommaviy axborot vositalari, nashriyotlar, axborot-kutubxonalari faoliyati, ularning malakali kadrlar bilan ta’minlanishi, nashrlarning mazmun-mundarijasi, matbaa sifati, kutubxonalarning moddiy-texnik ahvoli, kitob fondi, xizmat ko‘rsatish darajasi va boshqa ko‘plab muammolar bu yerda ochiq va oshkor tahlil qilinadi. Mavjud muammolarning asl sabablari aniqlanib, ularni bartaraf etish bo‘yicha zarur taklif va tavsiyalar ishlab chiqiladi.
Yig‘ilishda Jamoatchilik kengashi raisi, filologiya fanlari doktori Xurshid Do‘stmuhammad, Jamoatchilik kengashi a’zosi, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Omonulla Madayev va boshqalar so‘zga chiqdilar.
Kengash faoliyati bilan bog‘liq tashkiliy masalalar, shu jumladan, dastlab gazeta va jurnallar, nashriyotlar, keyinchalik tele va radiokanallar, veb-saytlar va axborot-kutubxonalar faoliyatini tahlil qilish asosida tayyorlangan xulosa, taklif va tavsiyalar ommaviy axborot vositalarida, Agentlik veb-saytida keng jamoatchilik e’tiboriga tizimli ravishda yetkazib borishga kelishib olishdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter