Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Mardlik, burch va sadoqat. Zubarjad qonli urushdan umr yo‘ldoshini topib qaytadi

Mardlik, burch va sadoqat. Zubarjad qonli urushdan umr yo‘ldoshini topib qaytadi

Foto: «Xabar.uz»

Ikkinchi jahon urushida ayollar ham erkaklar bilan yelkama-yelka mardonavor jang qilishgan. Minglab xotin-qizlar jangohlarda jasorat ko‘rsatib, boshqalarga ibrat bo‘lishgan. Ana shunday mard ayollardan biri jizzaxlik aloqachi Zubarjad Bektagirova bo‘ladi.

Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Zubarjad opa 1922-yili dunyoga kelgan. Uning bolalik yillari Samarqand shahrida o‘tgan bo‘lsa, keyinchalik uning oilasi Jizzaxga ko‘chib keladi.

1941-yili maktabni tamomlagan Zubarjadni  harbiy aloqachi radistlar tayyorlaydigan maktabga yuborishdi. Bu yerdagi tahsildan so‘ng Turkmanistonga qisqa tayyorgarlik mashg‘ulotlariga jo‘natildi.

So‘ngra front... jangu jadal... har qadamda o‘lim bilan yuzma-yuz kelishdek yurakni larza soluvchi, har bir lahzasi asrlarga teng damlarni boshidan o‘tkazdi u.

Zubarjad «Kalinin» va «2-Ukraina» frontida harbiy aloqachi bo‘lib xizmat qildi. Ruminiya, Chexoslovakiya, Vengriya, Avstriyani fashistlardan ozod qilishda qatnashdi. O‘sha og‘ir damlarda Dmitriy Sichkarenko bilan tanishdi. Yulduzlari-yulduzlariga mos keldi. Ikki yosh turmush qurishdi.

Urushning uni uchdi. 1947-yili harbiy aloqachi Zubarjad turmush o‘rtog‘i Dmitriy bilan Jizzaxga qaytdi. Avval sobiq «Kirov» xo‘jaligda aloqachi bo‘lib ishladi. So‘ngra Jizzax shahar radio tarmog‘ida turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda uzoq yillar aloqachi operator vazifasida mehnat qilishdi. Halol mehnat ularni elu yurtga tanitdi. Ular uch nafar farzandni tarbiyalab, el qatoriga qo‘shishdi.

Bugun Zubarjad ona 97 yoshni qarshi olmoqda. Hali ham tetik, ko‘zlari o‘tkir, so‘zlari keksalarga xos muloyim. Uning ko‘ksini qator ordenu nishonlar bezab turibdi. Onaxon istiqomat qilayotgan Jizzax shahar Hamid Olimjon mahallasidagi 8-uyga uni yo‘qlab uzoq-yaqinlardan shogirdlari, hamkasblari tez-tez kelishadi. 

Zubarjad Bektagirova yurtimizdagi olamshul o‘zgarishlardan quvonib, tinchligimizga, farovonligimizga ko‘z tegmasin, deya shukronalikda umr kechirmoqda.

Norqul Ma’mur, «Xabar»ning Jizzax viloyatidagi muxbiri

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring