Mamont suyagi, ikki boshli qo‘zichoq, Markaziy Osiyodagi eng katta hasharotlar kolleksiyasi (foto)
«Xabar.uz» Toshkent muzeylari faoliyati, eksponatlari haqida foto va maqolalar berib borishni davom ettiradi. «Muzeyga boramiz» loyihamiz doirasidagi navbatdagi sayohat O‘zbekiston davlat tabiat muzeyiga bo‘ldi.
O‘zbekiston davlat tabiat muzeyi Markaziy Osiyodagi ilk yirik ilmiy-ma’rifiy muassasa hisoblanadi. 147 yillik tarixi davomida muzey yo‘nalishi bir necha marta o‘zgargan va turli nomlar bilan atab kelingan. Muzeyga tabiatshunoslik, antropologiya va etnografiyaga qiziquvchi tashabbuskorlar tomonidan «Toshkent muzeyi» nomi bilan 1876-yilda asos solingan. 1921-yilda muzey qadimgi yodgorliklarni saqlash, san’at-tabiat ishlari bo‘yicha qo‘mita tasarrufiga o‘tkazilib, O‘rta Osiyo bosh muzeyi nomini oladi. 1935-yilga kelibgina muzey hozirgi yo‘nalishi – Tabiat muzeyiga aylantirilgan.
Manzil: Toshkent shahri, Zarqaynar ko‘chasi, 1-uy.
Kirish pulli: 15 ming so‘m; bolalar, talabalar, nafaqa yoshidagilar va imkoniyati cheklanganlar uchun chegirmali narxlar belgilangan.
Ekskursiya xizmati 20 ming so‘m.
Ish vaqti: 09:00 dan 16:00 gacha.
Dam olish kuni: dushanba.
To‘liq aylanish uchun: 40 daqiqadan 2 soatgacha vaqt sarflanadi.
– Muzeyimiz to‘rtta bo‘limdan iborat: Yerda hayotning paydo bo‘lishi, to‘qayzor hayvonlari, entomologiya va umumiy biologiya bo‘limlaridir, – deydi bizga hamrohlik qilgan katta ilmiy xodim Nasiba Abdullayeva. – Muzey uch qavatli binoda joylashgan bo‘lib, asosiy ko‘rgazma va eksponatlar birinchi qavatda, eksponatlar mavzu yo‘nalishiga ko‘ra kichik zallarga ajratilgan.
– Muzeyda qancha eksponat bor?
– Hasharotlar bilan qo‘shib hisoblaganda, 372 mingdan ortiq eksponat mavjud. Lekin hammasi ham ko‘rgazmaga qo‘yilmagan. Ayrimlari juda qadimiy, hatto bir asrlik tarixga ega eksponatlarimiz bor. Ularni kelajak uchun ham asrashimiz kerakligi bois faqat mavsumiy ko‘rgazmalarga qo‘yamiz.
– Eksponatlar qanday to‘plangan? Shaxsiy kolleksiyalardan ham sovg‘alar bormi?
– Muzey tarixi sohaga qiziquvchilar tashabbusiga borib taqaladi. Mutaxassislar o‘zlaridagi bor eksponatlar bilan unga asos solgan. Fondimiz yillar davomida turli mamlakatlardagi muzeylardan sovg‘a sifatida taqdim qilingan yoki ayrboshlash yo‘li bilan olib kelingan eksponatlar bilan boyib bormoqda. Shaxsiy kolleksiyalardan sovg‘alar ham kattagina qismni tashkil qiladi. Masalan, 1918-yilda A.Mel tomonidan muzeyga 1290 namunadan iborat tropik kapalaklar kolleksiyasi sovg‘a qilingan. «Milliy merosga mening hissam!» deb nomlangan aksiya o‘tkazib kelamiz. Shu aksiya doirasida ham ko‘plab eksponatlar sovg‘a sifatida taqdim qilinmoqda. Yaqinda Respublika ovchilar uyushmasi bo‘ri va to‘qayzor mushugi tulumini sovg‘a qildi. Yangi eksponatlar ko‘rgazma zallarida namoyish uchun joylashtirilgan.
– Muzeydagi eng uzoq yillik tarixga ega eksponat qaysi?
– Agutiy quyoni ko‘rgazmaga qo‘yilgan eng eski eksponatlarimizdan. Eng yoshi esa yaqinda keltirilgan ko‘k sug‘ur. Bu ikki eksponatga yaxshilab qarasangiz, yangisi va eskisi o‘rtasidagi farq yaqqol ko‘rinadi. Ayniqsa, yungi va ko‘zlaridan buni sezish mumkin.
– Tashrif buyuruvchilarni ko‘proq qaysi eksponatlar qiziqtiradi?
– Har xil. Maktab o‘quvchilarini to‘qayzor hayvonlari, pingvin va maymun qiziqtiradi. Bolalarda odamning embrional rivojlanish bosqichlari, mutant hayvonlar – ikki boshli qo‘zichoq, ikki boshli buzoq ayniqsa ko‘p savol tug‘diradi. Turistlar entomologiya (hasharotlar) bo‘limini uzoq aylanadi. Chunki entomologiya zaxiramiz muzey tashkil topgandan boshlab to‘plangan. Bu 350 mingdan ortiq hasharot namunasi bo‘lgan Markaziy Osiyodagi eng katta kolleksiya hisoblanadi.
– Mehmonlar qiziq savollar ham berishsa kerak, a?
– Asosiy tashrif buyuruvchilarimiz maktab o‘quvchilari, bog‘cha bolalari. Ularni birinchi navbatda eksponatlar haqiqiyligi qiziqtiradi. Haqiqiyligini bilgach, qiziqishi ortadi. Ayrim bolalar «Uyg‘onib ketmaydimi bular?» deb ham so‘raydi. Muzeyimizda bolalar zerikib qolmaydi, qayta-qayta keladigan mehmonlarimiz ham ko‘p.
* * *
Haqiqatdan ham muzey qiziqarli eksponatlarga boy. Vaqt qanday o‘tganini sezmay qolasiz. Bolalar Yerda hayot paydo bo‘lishi, qadimgi dunyodagi odamlarning hayot tarzi, O‘zbekiston tabiati haqida boshlang‘ich tushunchalarni hosil qilib, qiziqish uyg‘otib olib kelinsa, muzeyga sayohat yanada samarali bo‘ladi.
Dam olish kunlari uchun rejangiz bo‘lmasa, mamontning haqiqiy suyagi, tishi va terisini, mutant hayvonlarni hamda Markaziy Osiyodagi eng katta hasharotlar kolleksiyasini ko‘rish uchun O‘zbekiston davlat tabiat muzeyiga sayohat qiling.
Dilroz Abrayeva
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter