Maktabda ziyofat uyushtirgan direktor va o‘rinbosarlari ishdan ketdi
Joriy yilning 19-mart sanasida Chiroqchi tumani xalq ta’limi bo‘limiga qarashli umumta’lim maktabi direktori P.A. boshchiligida maktab jamoasi Navro‘z bayramini nishonlash maqsadida jamoa roziligi bilan ellik ming so‘m miqdorida pul yig‘ishadi. Maktab jamoasining o‘zaro kelishuvi asosida pul yig‘ib bayram qilishiga qarshi emasmiz.
Biroq maktab jamoasi biror choyxonada emas, balki o‘zlari faoliyat olib borayotgan ta’lim muassasasida bazm uyushtirishadi. Bayram dasturxoni to‘kin sochin bo‘lishi tabiiy. Ammo maktab jamoasi tomonidan tashkil qilingan bazmu-jamshid mast qiluvchi ichimliklarsiz o‘tmadi. Eng yomoni bugungi pandemiya vaqtida jamoviy yig‘inlarni to‘xtatib turish kerak bo‘lgan bir pallada ustozlar quyushqondan biroz chiqib ketishdi. Nega deysizmi, maktab foyesida bazm uyushtirgan murabbiylar dasturxoni «ko‘rki» spirtli ichimliklarsiz bo‘lmadi. Mana sizga saviya, mana sizga o‘sha sharafli nomni yelkasida ko‘targan ustozlar... Afsus.
Bugun tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari maktabda bo‘lgan holatga oydinlik kiritish maqsadida maktabga borishdi. Tarvuzi qo‘ltig‘idan tushgan direktor va uning o‘rinbosarlari qilgan ishlaridan izza bo‘lib, o‘z xohishlariga ko‘ra, egallab turgan lavozimlaridan ozod qilishini so‘rab ariza yozdilar...
So‘nggi pushaymon o‘zinga dushman deb bekorga aytishmagan maktab jamoasi qilgan ishlaridan pushaymon bo‘lib, bosh egib, mulzam bo‘lib turishgan bir vaqtda bu insonlarga siz qanday baho berasiz, deb yozadi Chiroqchi tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri F.Jumanov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter